AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha yangi koalitsiya tuzishni taklif qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini ta’minlash maqsadida yangi xalqaro koalitsiya tuzishni taklif qildi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, tashabbus Maritime Freedom Construct (MFC) deb nomlanadi. AQSh Davlat departamenti ushbu g‘oyani diplomatik kanallar orqali ilgari surib, elchixonalarga boshqa davlatlarni koalitsiyaga qo‘shilishga ko‘ndirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Yangi format ishtirokchilar o‘rtasida axborot almashish, diplomatik harakatlarni muvofiqlashtirish va sanksiyalar ijrosini ta’minlashni nazarda tutadi. Rasman harbiy ittifoq sifatida ko‘rilmayotgan bo‘lsa-da, davlatlarga «diplomatik va yoki harbiy sherik» sifatida ishtirok etish imkoniyati taklif etilmoqda.
Hujjatda qayd etilishicha, MFC mavjud dengiz xavfsizligi tashabbuslarini to‘ldiradi. Xususan, Buyuk Britaniya va Fransiya rahbarligidagi dengiz xavfsizligi bo‘yicha harakatlar bilan uyg‘un ishlashi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi fevral oyi oxiridan buyon Eron tomonidan yopilgan. Keyinchalik AQSh ham Eron portlariga kiruvchi kemalarni cheklash orqali blokadani kuchaytirgan. Bu esa global neft ta’minotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arog‘chi Pokiston orqali Vashingtonga yangi taklif yo‘llagan. Unga ko‘ra, yadro muzokaralari keyingi bosqichga qoldirilib, avval AQSh tomonidan joriy etilgan dengiz blokadasi bekor qilinishi kerak.
The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Eron iqtisodiyotiga bosimni kuchaytirish maqsadida portlar blokadasini davom ettirish tarafdori. Oq uydagi manbalarga ko‘ra, bu strategiya Tehronni iqtisodiy inqirozga olib kelishi mumkin deb baholanmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter