Bexosdan yerga to‘kilgan olmalar...
                                                                    
                            Xitoyda bir video rosa mashhur bo‘ldi. Unda maktab o‘quvchilari skuterda ketayotib, bexosdan yo‘l chetida turgan mashinaning yon tomonini chizib yuborishgani, kutilganidek qochib ketmasdan, bu voqeadan bexabar bo‘lgan mashina egasi oldiga kelib, undan uzr so‘rashgani aks etgan...
Shu lavhani ko‘rib, yaqinda poytaxtimizdagi TTZ bozorida bo‘lgan voqea esimga tushdi: chamasi o‘n yoshlar atrofida yelkasiga sumka osgan o‘quvchi bola bozorga kirishdagi yo‘lakda olma sotayotganlarning oldidan o‘tib ketayotib, shoshilganidanmi, olma turgan qutini bexosdan turtib yubordi. Olmalar yerga dumaladi. Bolakay tezda ortiga qaytib, olmalarni qutiga tera boshladi. Sotuvchi telefonda gaplashayotgani uchun, vaziyatga e’tiborsiz qaradi va suhbatida davom etdi. Bolaga noqulay bo‘ldi, shekilli, sotuvchi qo‘ng‘iroqlashib bo‘lishini kutib turdi. Sotuvchi bolaga qarab, «nima kerak...?» degandek yuzlandi. Bolakay biroz kalovlanib turdi-da, «olma qutisini bilmay turtvordim, uzr. Kerak bo‘lsa yerga tushib ketganlarining pulini beraman», deb cho‘ntagidan biroz g‘ijimlangan ikki ming so‘mliklarni chiqardi (bori shu bo‘lsa kerak). Sotuvchi pullarga qarab, jilmaydi-da, «kerakmas» degandek qo‘lini siltadi.
Bu voqeani ko‘rib, bolakayga, uning tarbiyasi, madaniyatiga havasim keldi. Sotuvchining ham bag‘rikengligi tahsinga loyiq. Vaziyat boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Masalan, bolakay to‘kilgan olmalarni termasligi, o‘zining qilgan ishidan hijolat tortmasligi, sotuvchi bu holatdan asabiylashishi, baqirishi mumkin edi... Unday bo‘lmadi, bu holat nafaqat bolakay va sotuvchining qalbida iliqlik paydo qildi, balki atrofdagilar uchun saboq bo‘ldi. Harqalay, «millatimiz baribir zo‘r...» dedim o‘zimga o‘zim. Faqat yaxshisini ham ko‘ra bilsak bo‘ldi...
Salim Doniyorov facebook sahifasidan olindi
                            
                            
                            
                    
                    
                    
                    
                    

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter