Buxoroda zamonaviy gastronomik markaz barpo etiladi
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hududda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlik salohiyatini yanada oshirish va mehmonlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Shu doirada Buxoro shahrida Toshkentdagi mashhur Chorsu bozori va Chig‘atoy mavzesi muhitiga uyg‘un, milliy taomlar va gastronomik an’analarni bir joyda jamlaydigan zamonaviy majmua barpo etish rejalashtirilgan.
Bir gektar maydonni egallaydigan mazkur yirik gastronomik markaz investitsiya mablag‘lari hisobidan quriladi. Loyiha Buxoroning turizm jozibadorligini oshirish, mahalliy aholi va mehmonlar uchun sifatli hordiq hamda milliy taomlardan bahramand bo‘lish imkoniyatini yaratishga xizmat qiladi.
Yangi majmuada Buxoro vohasining eng sara va mashhur milliy taomlari bir joyga jamlanadi. Tashrif buyuruvchilar afsonaviy G‘ijduvon shashligi, xushta’m Olot somsasi, an’anaviy «Oshi sofi» palovi, shuningdek, yaxna, halisa, gumma va barak kabi milliy pazandalik namunalaridan bahramand bo‘lishlari mumkin.
Loyihaning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati ham yuqori. Majmuada 50–60 nafar tadbirkorning o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun sharoit yaratiladi. Natijada qariyb 200 ta yangi ish o‘rni tashkil etilishi kutilmoqda. Zamonaviy infratuzilma bilan jihozlanadigan gastronomik markaz kuniga 3–5 ming nafargacha mehmonga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.
Mazkur loyiha Buxoroning boy pazandalik merosini sayyohlarga keng namoyon etish, milliy taomlarning o‘ziga xos brendini shakllantirish va shaharning turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter