“Chegaralar faqat xaritalarda qoladi” – AQShda tahsil olayotgan yosh yurist Navro‘zbek Tilaboyev bilan suhbat
Bugun dunyo eshiklari yoshlar uchun tobora keng ochilmoqda. Ammo xorijdagi nufuzli universitetlar zaliga kirib borish — bu shunchaki imkoniyat emas, balki yillar davomida olib borilgan tinimsiz mehnat, izlanish va qat’iyatning natijasidir. Ayniqsa, huquq sohasini tanlagan yoshlar uchun bu yo‘l yanada mas’uliyatli.
Bugungi suhbatdoshimiz — AQShning Illinoys universitetida (University of Illinois Urbana–Champaign) magistratura bosqichini yakunlagan, korporativ va biznes huquqi yo‘nalishida izlanishlar olib borayotgan yosh yurist Navro‘zbek Tilaboyev. U bilan bolalik orzulari, ta’lim yo‘li, Amerika huquq tizimidagi tajribalari va kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdik.
— Navro‘zbek, suhbatimizni bolalik yillaringizdan boshlasak. Huquq sohasiga qiziqish sizda qachon paydo bo‘lgan?
— Men Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tug‘ilganman. Oilamizda ilmga, kitobga bo‘lgan hurmat alohida edi — ota-onam har doim bilim olishni hayotdagi eng katta sarmoya deb bilishgan. Keyinchalik oilamiz Toshkentga ko‘chib o‘tdi va ota-onam meni huquq yo‘nalishiga ixtisoslashgan 258-maktabga o‘qishga berishdi. O‘sha maktab menda huquq sohasiga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otgan birinchi muhit bo‘ldi, desam adashmagan bo‘laman. O‘qituvchilarim, atrofdagi muhit, darslarda muhokama qilinadigan mavzular — bularning barchasi mendagi qiziqishni asta-sekin aniq maqsadga aylantirdi.
— Maktabni oltin medal bilan tamomlagansiz. Bu oson bo‘lmagan bo‘lsa kerak?
— Albatta, oson bo‘lmagan. Ammo men buni o‘zim uchun shunchaki medal sifatida emas, balki kelajakka qo‘yiladigan birinchi mustahkam qadam sifatida ko‘rardim. Maktab yillarimda allaqachon huquq sohasida yetuk mutaxassis bo‘lishni maqsad qilib qo‘ygan edim. Shu maqsad sari intilish menga ham kuch, ham sabr berdi. Bilasizmi, har bir yutuqning tagida ko‘rinmaydigan kunlar — kech tunlardagi mashg‘ulotlar, tinimsiz takrorlash va o‘zingizni doimo jamlab turish bor.
— Bakalavr bosqichini Toshkent davlat yuridik universitetida tamomlagansiz. O‘sha yillaringiz haqida gapirib bersangiz.
— 2020 yil Toshkent davlat yuridik universitetining “Ommaviy huquq” fakulteti, “Davlat-huquqiy faoliyat” yo‘nalishiga yuqori natijalar bilan o‘qishga qabul qilindim. Bu tanlov tasodif emas edi — men o‘zim uchun aniq yo‘nalishni belgilab olgandim. Bir mamlakat doirasida emas, balki kengroq fikrlaydigan, turli huquqiy tizimlarni anglay oladigan mutaxassis bo‘lishni istardim.
Talabalik yillari men uchun shunchaki dars va imtihondan iborat bo‘lmadi. Har bir fanning mazmunini his qilishga, undagi mantiqni anglashga harakat qildim. Hammualliflikda ilmiy maqolalar yozdim, universitet doirasidagi huquqiy loyihalarda qatnashdim, xalqaro onlayn konferensiyalarda ishtirok etdim. Bu jarayon menda mustaqil fikrlash ko‘nikmasini shakllantirdi. Natijada bakalavrni 4.8/5.0 GPA bilan tamomlay oldim.
— Magistraturani AQShda davom ettirish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?
— Bakalavr yillarimning oxiriga kelib, men o‘z bilimimni yangi bosqichga olib chiqishim kerakligini tushundim. Huquqni faqat bir tizim doirasida emas, qiyosiy nuqtai nazardan o‘rganmoqchi edim. AQSh huquq tizimi esa men uchun ayniqsa qiziqarli edi — chunki tijorat huquqi, korporativ boshqaruv va intellektual mulk masalalarida ushbu tizim dunyoda yetakchi hisoblanadi.
2024 yilda University of Illinois Urbana–Champaign universitetiga grant asosida qabul qilindim. Bu universitet xalqaro reytinglarda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Hujjatlar topshirgan kunim hali esimda — natijani kutish davri men uchun ham hayajonli, ham mas’uliyatli bo‘lgan.
— AQShdagi ta’lim O‘zbekistondagidan qanday farq qildi?
— Eng birinchi sezgan farqim — bu o‘qish jarayonidagi yondashuv edi. U yerda talabaga tayyor bilim berilmaydi, aksincha, izlanish, savol berish, tahlil qilish ko‘nikmasi shakllantiriladi. Har bir darsda muhokama, har bir muhokamada esa o‘z fikringizni dalil bilan asoslash talab etiladi.
Yana bir muhim jihat — turli mamlakatlardan kelgan talabalar bilan bir auditoriyada o‘qish edi. Hindistonlik, xitoylik, evropalik, lotin amerikalik kursdoshlarim bilan fikr almashish meni nafaqat huquqiy, balki insoniy jihatdan ham boyitdi. Har bir madaniyatning huquqqa qarashi o‘ziga xos ekanini ichkaridan tushuna boshladim.
— Magistratura davrida qaysi yo‘nalishlarga ko‘proq e’tibor qaratdingiz?
— Korporativ-biznes huquqi, intellektual mulk, tijorat siri, patent huquqi va fuqarolik huquqi — mana shu yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur izlanish olib bordim. Ayniqsa, korporativ boshqaruv va shartnomaviy munosabatlar mavzulari meni qattiq qiziqtirdi. Chunki bugungi kunda biznes hech qachon bir mamlakat doirasida qolmaydi — u tabiatan global. Demak, yurist ham global fikrlay olishi kerak.
Magistratura davrida olgan bilimlarim endi men uchun shunchaki nazariya emas — bu xalqaro maydonda ishlash uchun zarur ish quroli.
— Ilmiy faoliyatingiz xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. Bu haqda gapirib bersangiz.
— Bu mening uchun katta mas’uliyat. “Scientific Academy” ilm-ma’rifat markazi tomonidan MDH miqyosidagi “Kelajak qanoti” xalqaro esdalik nishoni bilan taqdirlandim. Shuningdek, “El-yurt faxri” xalqaro ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovida faol ishtirokim uchun “El-yurt faxri” nishoni va “Yosh tadqiqotchi” (“Molodoy issledovatel”) ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganman.
Lekin men har qanday taqdirlovni yakuniy natija deb qabul qilmayman. Bular — yo‘ldagi belgilar, xolos. Asosiy maqsad esa hali oldinda.
— Zamonaviy huquqshunos uchun sun’iy intellekt va raqamli platformalar qanchalik muhim?
— Bugungi kunda bu — tanlov emas, zarurat. Westlaw, LexisNexis kabi xalqaro huquqiy ma’lumot bazalari bilan ishlashni o‘zlashtirmagan yurist xalqaro maydonda raqobatga dosh bera olmaydi. Sun’iy intellekt esa endi shunchaki yordamchi vosita emas — u bizning kasbimizning ish jarayonini tubdan o‘zgartirmoqda.
Shu sababli men ushbu vositalardan samarali foydalanishni puxta o‘zlashtirishga harakat qildim. Bu menga zamonaviy huquqiy muhitda erkin harakatlanish imkonini bermoqda.
— Eshitishimcha, O‘zbekistondagi talabalar bilan ham hamkorlik qilib turasiz.
— Ha, bu men uchun alohida ma’naviy ahamiyatga ega. O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda talabalar uchun onlayn mashg‘ulotlar tashkil etib kelaman. Bu mashg‘ulotlarda men o‘zim olgan bilim va tajribani yoshlar bilan baham ko‘rishga harakat qilaman.
Chunki bilim — bu sarflagan sayin ko‘payadigan yagona boylik. Va men ishonamanki, yangi avlod yuristlarini shakllantirish — bugungi kunda har bir izlanuvchi yoshning vazifasidir.
— Tillarni o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratayotganingizni bilamiz.
— Bugungi kunda faqat bir soha mutaxassisi bo‘lish yetarli emas. Jahon talablari insondan keng dunyoqarash va bir nechta tillarni bilishni ham talab etadi. Men ingliz tilini mukammal darajada egallash bilan birga, yana bir nechta xorijiy tillarni o‘rganib, o‘z imkoniyatlarimni kengaytirib bormoqdaman. Har bir til — bu yangi bir dunyo, yangi bir tafakkur tarzi.
— Kelajakdagi rejalaringiz qanday?
— Maqsadim aniq — xalqaro huquq, xususan korporativ va biznes huquqi yo‘nalishida yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish. Men bu sohada nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro maydonda ham faol ishtirok etmoqchiman. O‘zbekiston bugun katta islohotlar davrida. Korporativ kelishuvlar, xalqaro arbitraj, intellektual mulk himoyasi kabi yo‘nalishlarda mamlakatimizga jahon tajribasini olib kirish — bu mening orzularimdan biri.
Va eng muhimi — izlanishdan to‘xtamaslik. Chunki yurist uchun o‘qish maktab bilan yoki universitet bilan tugamaydi. Yurist umrining oxirigacha talabadir.
— Suhbatimiz so‘ngida yoshlarga aytmoqchi bo‘lgan gaplaringiz?
— Aytmoqchi bo‘lganlarim ko‘p, lekin eng asosiysini aytay: ulkan natijalarga erishish uchun doimo katta imkoniyatlarni kutish shart emas. Muhimi — mavjud imkoniyatlarni ko‘ra bilish, ularni qadrlash va to‘g‘ri yo‘naltira olishdir.
Mening bugungi yo‘limda uchta tayanch bor: aniq maqsad, tinimsiz mehnat va o‘z ustida uzluksiz ishlash. Oddiy muhitda, ziyoli oila bag‘rida boshlangan bu yo‘l meni bugun xalqaro universitetlar va global ilmiy muhitga olib keldi. Demak, bu yo‘l yopiq emas — har bir o‘zbek yoshi uchun ochiq.
Inson o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasa, chegaralar faqat xaritalarda qoladi, xolos.
Suhbatdoshimizga samimiy javoblari va bo‘lajak rejalari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Navro‘zbek Tilaboyevdek izlanuvchan, dadil va maqsadli yoshlar — bugungi O‘zbekistonning haqiqiy yuzi. Ular xalqimiz nomini xalqaro maydonda baland ko‘tarib yurgan elchilardir.
Adhamjon Qodirov suhbatlashdi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter