Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Dunyoni aylangan Boysun madonnasi

Dunyoni aylangan Boysun madonnasi

foto: https://www.youtube.com/@FrameStudioUz

Mavzuga kirishishdan avval aytmoqchi edimki, ancha yil muqaddam poytaxt Toshkent hamda viloyatlardan 60 nafardan ziyod mo‘yqalam sohibi qadimiy va hamisha navqiron Termiz shahriga, Surxon zaminiga kelgandi. Ular Termiz Arxeologiya muzeyi, Ro‘zi Choriyev tasviriy san’at galereyasini ko‘rishdi, maxsus tashkil etilgan “Surxon sog‘inchlari”, “Yurtimiz jilolari” ko‘rgazmasi hamda Sherobod san’at maktab-internati o‘quvchilari ijodidan namunalar bilan tanishdilar. Viloyatdagi ijodkor san’at ahli bilan samimiy muloqot va suhbatlar bo‘ldi,  ulug‘ qadamjolarimiz ziyorat qilindi. O‘shanda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining navbatdagi tadbiri ham Termiz shahrida o‘tkazilgan.

Bular barchasi Surxondaryo ahli uchun chin esda qolarli, taassurotlarga boy voqealar hisoblanadi. Badiiy ijodkorlar uyushmasining rais o‘rinbosari, akademik Vladimir Burmakin bildirgan fikrlardan biri, ayniqsa, yodimda qolgan:

– Bundan 40 yil oldin (ya’ni 1965-yil), – degandi o‘shanda musavvir Vladimir Burmakin, – do‘stim Ro‘zi Choriyev bilan Surxondaryoga kelganimda “Boysun Madonnasi”  asarimni yaratganman. Hayotimdagi eng mashhur mazkur ishim Surxondaryoda, Boysunda yaratilgan va bunga Ro‘zi sababchi bo‘lgan. U bilan birga bolalar uyida katta bo‘lgan otdoshi Ro‘ziboy degan ajoyib insonning uyida mehmon bo‘lgandik. Boysun madonnasi  o‘sha – Ro‘ziboy degan insonning xotini. Yigirma uch yoshida beshta farzandi bor edi. Juda chiroyli, makedoniyalik Iskandarning Ravshanagidan hech ham kam emasdi...

Musavvir so‘zini davom ettirar ekan, yana quyidagilarni bayon etdi: “Bu asarni sog‘inganimda ko‘rgazmaga borishimga to‘g‘ri keladi. Yaqinda mening “Boysun Madonnam” namoyish etilayotgan O‘zbekiston Badiiy Akademiyasining ko‘rgazma zaliga xuddi uchrashuvga borganday bordim. Bu asar dunyoga chiqib ketganiga 40 yildan oshdi. Uni endi kam ko‘raman. Dunyoning o‘nlab mamlakatlarida bo‘ldim,  ammo “Boysun Madonnasi” dunyoni menga qaraganda ko‘proq aylanib  chiqdi...

Boysunga do‘sti Ro‘zi Choriyev yetaklab kelgan musavvirni bu yerdagi hamma narsa – tog‘ havosi, tomida bolakaylar chopib yurgan yonbag‘ir uylar, hatto tuproq hidi ham hayajonga solardi. Uy egalarining yashash joyi unchalik katta emasdi, yonginada joylashgan molxonaning hidi hatto unga xush yoqqan. Musavvir uy bekasi siymosidan xomaki nusxalar oladi va asarni Toshkentda yozib tugatadi. Bu ayolning portretini Ro‘zi ham chizgan, ammo mazmunan teran asarini keng omma uchun mo‘ljallamagan.

Burmakin Leningradda san’at sohasi oliygohini endigina bitirib kelgan yosh rassom Ro‘zi Choriyev bilan o‘tgan asrning 60-yillari o‘rtalarida tanishgan. Bu uchrashuv ularning hayoti va ijodida ko‘p narsani o‘zgartiradi, Choriyevning bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrati Burmakinga ham yuqadi. Rossiyaning namchil va sovuq shimoliy poytaxtida ta’lim olib qaytgan Ro‘zi o‘zining quyoshli yurti Surxondaryoni, uning ajoyib odamlarini juda ham sog‘ingan edi. Bir paytning o‘zida yilning to‘rt faslini, aytaylik, qishni – tog‘ cho‘qqilarida qo‘nib qolgan qor, bahorni – doimiy yashil alp o‘tloqlari, yozni – jaziramada qaynagan qum va nihoyat kuzni – bog‘-rog‘lar tovlanishida kuzatish mumkin bo‘lgan ana shu o‘lkaga ular birgalikda kelishadi. Sayrob bulog‘i yonida o‘tirib o‘sha mashhur chinorni, Boysunda esa qo‘shiq xirgoyi etib do‘ppi tikayotgan ayollarni chizdilar. Boysun do‘ppisida tabiatda mavjud barcha bo‘yoqlar mujassamini ko‘rdilar: masalan, do‘ppidagi havo rang–osmon, oqlik esa gilosning bahoriy gullari, sariq – yetilayotgan bug‘doy poyalarini eslatib turadi, qizil rang – pishib yetilgan olma qiyosi.                                                                                                                            

Burmakin boysunlik ayolni Ravshanak bilan qiyoslab chizadi, ammo asari uchun asli tagi Bibi Maryamga borib taqaladigan madonna nomini tanlaydi.

Kartina syujeti oddiy va lo‘nda: milliy libosli yoshgina ayol qo‘lida go‘dagi bilan turibdi. Orqada – xuddi qaldirg‘oya uyasidek bir-biriga tutashib ketgan uylardan iborat qishloq. Onaning ajib bir sehrigiyoga to‘la ma’suma ko‘zlari cheksiz muhabbatni ifodalaydi, ularda shunday mayinlik, munisalik va yana nimalardir borki, pirovard oqibat portretdan ko‘z uzmay to‘xtovsiz qarab qolaverasan, kishi! O‘zbek ayolini, onalikni madh etuvchi qo‘shiq bo‘lib yangraydi u! Mutaxassislar yana bir detalga e’tibor qaratishgan: asarning umrboqiyligini go‘yo his qilgan musavvir o‘z ishini Leonardo da Vinchi uslubida – o‘ngdan chapga qarab imzolab qo‘ygan...                                             

"Boysun madonnasi” 1968-yili Moskvada, Manejdagi Butunittifoq ko‘rgazmasiga qo‘yildi, Gannover (Germaniya) xalqaro ko‘rgazmasiga bordi,  Parijning o‘zida uch marta namoyish etildi va barcha joyda zo‘r muvaffaqiyat qozonaverdi.

Mazkur asar haqida internetdan ma’lumot izlab ukamiz, viloyat malaka oshirish instituti prorektori Bahrom Umarov qalamiga mansub “Boysun madonnasi yoxud shaxsi yashirin ayollar haqida afsona” maqolasiga duch keldim. Maqolada yoziladiki, muallif birinchi marta Germaniyaning Drezden shahri muzeylaridan birida xizmat qiluvchi tarjimon qizdan “Boysun Madonnasi” haqida eshitadi. Xorij safaridan qaytib, kartinada aks ettirilgan ayolni topish va u bilan so‘zlashmoq payida bo‘ladi. Ammo Boysunda yaratilgan mashhur asar, akademik Ro‘zi Choriyev bilan bir vaqtlar mehribonlik uyida tarbiyalangan Ro‘zi aka, uning oilasi haqida tayinli biron narsa bilolmaydi. Ammo kunlardan bir kuni tong payti padari buzrukvori uni mahalladagi ta’ziyaga olib boradi va... butun Yevropani hayratga solgan “Boysun Madonnasi” ana shu xonadon sohibi Ro‘zi akaning ayoli ekanini tasodifan bilib qoladi! Bu holat maqola muallifini hayrat aralash ming-ming afsuslarga olib keladi. Sababi oddiy: shundoq yonginada, o‘z mahallasida yaratilgan buyuk asar haqida uzoq Yevropaning qoq markazidagi mamlakatda eshitib qaytgandi u! Uning o‘zi tugul, umr bo‘yi shu yerda shu xonadon bilan yonma-yon yashab kelgan mahalladoshlar ham bundan xabardor emaslar!..    

Ayonki, Mikelanjeloning “Madonna Medichi”, Botichellining “Veneraning tug‘ilishi”, Rafaelning “Konstebl madonnasi”, Albrext Dyurerning “Madonna” asarlari yaratilgan paytidan beri asrlar davomida mashhurligicha qolayotir. Leonardo da Vinchining  ona va onalikni ulug‘lagan “Mona Liza”si va Rafaelning “Sikstin Madonnasi”si o‘zidagi beqiyos joziba, aks etgan sirli ma’nolari bilan necha zamonlarki, butun dunyoni maftun aylab keladi.                      

Bu qatorda “Boysun Madonnasi”ning o‘rni qanday!? Uning nigohi ham sirli ma’nolarga to‘la, ko‘zlardagi teranlik, unda aks etayotgan vazmin o‘ylar kishini qamraydi. Razm solinsa, oqshomning g‘ira-shira paytidagi xayoliy holat, quyosh nurlarini o‘ziga yutgan quyuq qora va binafsha ranglar ayolning yuz ifodasiga, asar mantig‘iga kuch beradi, ko‘ngil toshqinligini yorqin ifodalaydi. Ta’sirchan obraz zamirida ma’suma qishloq ayolining barcha iztiroblari mujassam. Farzandini bag‘riga bosgan ayol libosi, an’anaviy kiyim-taqinchoqlari teran xalqchil tomirga ega, milliy xususiyatlar bo‘rtib turadi. Bu siymo o‘zbekning ming yillik madaniyatini, o‘zbek ayolining tug‘ma andishasini namoyon etadi. Musavvir ayol andishasi va mahzun quvonchini birgina kartinada uyg‘unlashtirishning uddasidan chiqqan. Hatto bag‘ridagi bolakay qarashlarida ham onaga dildoshlik va darddoshlik aks etadi. Ushbu asar ayol qalbining sharqona his-tuyg‘ulari, rang-barang zarblari, ruhiy dunyosi, kechagi tarixiy qadriyatini badiiy ifoda ko‘zgusida ko‘z-ko‘z qiladi.    

Demak, “O‘zbek ayolining onalik madhiyasi” deya bekorga ta’rif etmaganlar uni muallif Vladimir Burmakinning kasbdoshlari!                                              

Endi “Madonna” so‘zining ma’nosiga e’tibor qaratsak: avvalo, shuni bilaylikki, ona tilimizda bu so‘z shu paytga qadar uchramagan, qo‘llanilmagan va demak o‘zbek tilining lug‘at tarkibida bo‘lmagan, binobarin mustaqillik yillarida yaratilgan besh tomlik o‘zbek tili izohli lug‘atida ham bu so‘zni, tabiiy, ko‘rmaymiz, ya’ni bu – o‘zbek so‘zi emas. Rus tili lug‘atlariga qaraganimizda ham kelib chiqishi bo‘yicha uning rus so‘zi bo‘lmaganligi ayon bo‘ladi. S.I.Ojegovning “Slovar russkogo yazika” kitobi varaqlab ko‘rilsa, “Madonna” termini nasroniylik dinining katolik yo‘nalishida “xudoning onasi”  deya tushuntirilganini ko‘ramiz. “Madonna” so‘zi avvalboshdan italyan tilida “bekam”, “oyim”, “xonim” tushunchalarini bildirgan ekan. Milodning 18-asridan boshlab esa bu so‘z ma’noviy o‘zgarishga uchraydi va “tasviriy san’atda xudo onasining ifodalanishi” tushunchasini bildira boshlaydi. Yevropaning Uyg‘onish davri san’ati xudoning onasi obrazini ayol go‘zalligi, bokiraligi, itoatkorligi, o‘zini farzandiga baxshida etgan muqaddas, ulug‘vor, munis volida ekanligini mahorat bilan ifodalaydi. Davr rassomlari ijodida Madonnani tasvirlash borasida fantaziyaga katta erk berilgan va natijada turli xil bitmas-tuganmas murakkab kompozitsiyalar vujudga kelgan. Oxir-oqibat esa bu obrazni yaratish jarayoni ko‘p hollarda diniy motivning yo‘qolib borishi bilan kechadi. Soha mutaxassislari fikriga ko‘ra, bu holat ayniqsa Rafael ijodida boshqa rassomlarga qaraganda juda ham bo‘rtib turadi va o‘zining kuchli ifodasini topadi, ya’ni unda pokiza ayol go‘zalligi va o‘zini go‘dagiga to‘la bag‘ishlagan hamda bolasining kelajak taqdiridan xavf tuygan yoshgina onaning tuyg‘ulari o‘ta nozik tarzda mujassamlashadi.     

Madonna obrazini yaratish amaliyoti jahonda hozir ham davom etadi. Zamondosh yorqin shaxslardan ilhomlangan musavvirlar ijodi buni ko‘rsatmoqda. Misollar esa yetarlicha. Pirovardida aytish lozimki, o‘tgan asrning oltmishinchi yillari oxirida ulug‘ miniatyurachi rassom Chingiz Ahmarovning o‘zbek musavvirlari Yevropa maktabi an’analaridan voz kechib milliy zaminga qaytishi lozimligi haqidagi g‘oyasini Ro‘zi Choriyev va Vladimir Burmakin faol qo‘llab-quvvatlaganlari zamirida ularning o‘z vaqtida Boysunda kechgan ana shu ijodiy jarayonlari yotadi desak, hech ham xato bo‘lmaydi.                        

Bu sizu biz hali yaxshi anglab yetmagan yoki hali zarur ravishda qadrlab ulgurmagan “Boysun Madonnasi”ning yaratilish tarixiga qisqacha ilova edi. 

Abdulla Xolmirzayev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring