Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Firibgarlar olgan kreditlar endi bekor qilinadi

Firibgarlar olgan kreditlar endi bekor qilinadi

Illyustrativ foto

O‘zbekistonda firibgarlar tomonidan fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan onlayn kreditlar bekor qilinishi tartibi joriy etilmoqda. Bu Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tgan Markaziy bank boshqaruvi qarorida belgilangan.

Unga ko‘ra, agar kredit firibgarlik orqali rasmiylashtirilgani tasdiqlansa, fuqaro ushbu qarz bo‘yicha barcha majburiyatlardan ozod etiladi. Shuningdek, moliyaviy tashkilotlar asosiy qarz, foizlar, jarimalar va penyalarni hisoblashni to‘xtatishi hamda ularni undirishni bekor qilishi shart bo‘ladi.

Jarayonni boshlash uchun fuqaro huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilishi lozim. Shundan so‘ng tekshiruv va tergov harakatlari o‘tkaziladi.

Agar firibgarlik fakti tasdiqlansa, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud qarori kredit tashkilotiga yuboriladi. Shu asosda kredit bekor qilinadi.

Agar qarz bo‘yicha mablag‘lar avval undirilgan bo‘lsa, moliyaviy tashkilot ularni fuqaroga qaytarishi shart. Qaytarish bank kartasi yoki ko‘rsatilgan hisob raqami orqali amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, kreditor tekshiruv natijalari yoki sud qaroridan norozi bo‘lsa, uni qonuniy tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.

Agar tekshiruv natijasida firibgarlik tasdiqlanmasa, kredit bo‘yicha hisob-kitoblar qayta tiklanadi.

Mazkur qaror 22-apreldan kuchga kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring