Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G7 davlatlari Rossiyaga nisbatan iqtisodiy bosimni kuchaytiradi

G7 davlatlari Rossiyaga nisbatan iqtisodiy bosimni kuchaytiradi

Kanadada bo‘lib o‘tgan ikki kunlik uchrashuvdan so‘ng «Katta yettilik» (G7) tashqi ishlar vazirlari birgalikdagi bayonot chiqarib, Rossiyaga nisbatan iqtisodiy xarajatlarni oshirishini va Moskva urushini moliyalashtirayotgan shaxslar va tuzilmalarga qarshi choralar ko‘rish imkoniyatlarini o‘rganayotganini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida vazirlar Ukraina va Sudandagi vaziyat bo‘yicha birdamlikni namoyish etdilar, biroq AQShning Karib dengizi hududidagi harbiy zarbalari yoki savdo masalalarini muhokama qilishmadi.

Kanada Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishini, xususan, dronlar ishlab chiqarish va joriy etishda ishtirok etayotgan shaxslarga nisbatan cheklovlar qo‘llanishini ma’lum qildi. Bir kun oldin esa Buyuk Britaniya Ukrainaning energetika infratuzilmasini tiklash uchun mablag‘ ajratishini e’lon qilgan edi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio yangi tashabbuslar haqida aniq bayonot bermagan bo‘lsa-da, u ijtimoiy tarmoqda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va urushni tugatish yo‘llarini muhokama qilganini bildirdi.

«Biz Ukrainaga yordam berish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘ryapmiz», – dedi Kanada tashqi ishlar vaziri Anita Anand.

Butun ittifoq Prezident Donald Trampning savdo siyosatidagi talablari, ayniqsa uning turli tariflarni joriy etishi ortidan jiddiy bosimga duch kelmoqda.

Yaqinda Tramp Ontario hukumati AQShda antitarif reklama kampaniyasini boshlaganidan norozi bo‘lib, Kanada bilan savdo muzokaralarini to‘xtatgan edi.

«Men bu yerda G7 tashqi ishlar vazirlari mas’ulligidagi ishlar haqida gapirish uchun kelganman. Va menimcha, shuni muhokama qilishim lozim», – dedi Anand.

Rubioga ko‘ra, AQShning Karib dengizi va Tinch okean sharqidagi harbiy operatsiyalari haqida ham so‘z ochilmagan.

«Bu masala bir marta ham ko‘tarilmadi», – dedi u jurnalistlarga.

Shuningdek, Rubio Buyuk Britaniya AQSh bilan razvedka ma’lumotlarini baham ko‘rishni to‘xtatdi degan xabarlarni rad etdi.

G7 bayonotida vazirlar Sudandagi zo‘ravonlik kuchayishini ham keskin qoraladi. Rubio gumanitar vaziyat yomonlashganini ta’kidlab, Sudandagi «Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari» (RSF)ga qo‘llanilayotgan tashqi harbiy yordamni to‘xtatish zarurligini bildirdi.

Jurnalistlarning BAAning RSF’ga yordam berishi haqidagi savoliga Rubio shunday javob berdi:

«Biz kimlar ularni qo‘llab-quvvatlayotganini bilamiz. Bu borada tergov olib borilmoqda va tegishli tomonlarga bosim o‘tkazilyapti. Bu yordam tugatilishi shart.»

Ma’lumot uchun, G7 tarkibi – Kanada, AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yaponiya.
Kanada uchrashuvga shuningdek Avstraliya, Braziliya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Meksika, Janubiy Koreya, JAR va Ukraina tashqi ishlar vazirlarini ham taklif etdi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring