Har yili 100 nafar iqtidorli yoshlar SI yo‘nalishida malaka oshirish uchun xorijga jo‘natiladi
Bugun, 28-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro forumda Prezident Shavkat Mirziyoyev 2030-yilga qadar faqat AT xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, sohada yetishib chiqadigan millionlab yoshlar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha katta marralar olinganini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, yurtimizda sun’iy intellekt ekotizimini barcha sohalarda joriy etish maqsadida kelgusi yil AQShning «Nvidia» kompaniyasi bilan katta super kompyuter klasteri ishga tushiriladi.
– Asosiy maqsadimiz – O‘zbekistonni nafaqat zamonaviy texnologiyalar iste’molchisi, balki ularni yaratadigan, eksport qiladigan va global miqyosda raqobatlasha oladigan davlatga aylantirishdir. Milliy mahsulotlarimizni xalqaro bozorga yo‘naltirish borasida AQShning Kremniy vodiysida Milliy transfer ofisini ochib, yoshlarimiz va startap asoschilarini yirik kompaniyalar, investor va akseleratorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash imkoniyatini yaratamiz, – dedi Prezident.
Endilikda yoshlarimiz maktabdan tashqari ham sun’iy intellekt bilan ishlash ko‘nikmalariga o‘rgatiladi. Buning uchun yurtimizning barcha hududlaridagi «Kelajak markazlari»da SI maktab dasturi joriy qilinadi.
Mamlakatimizda maktablar o‘rtasida har yili sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap g‘oyalari bo‘yicha tanlov o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Respublikadagi 14 ta hududning har birida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan maktabda eng zamonaviy sun’iy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi va g‘oyalarni tijoratlashtirish bo‘yicha ilg‘or kompaniyalar bilan hamkorlik o‘rnatiladi.
Sohadagi istiqbolli yoshlarni aniqlash va ularni qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida «Sun’iy intellekt bo‘yicha Prezident tanlovi» tashkil etiladi.
Chekka tumanlardan tortib, respublika darajasigacha har yili 100 nafar eng iqtidorli yoshlar saralab olinadi. Ular AQSh, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropaning ilg‘or texnologik kompaniyalariga stajirovkaga yuboriladi. Keyingi bosqichda oliygohlar uchun ham ushbu amaliyot joriy etiladi.
Yuqorida aytilgan maqsadlar uchun 100 million dollar ajratildi hamda mazkur mablag‘ katta rejalar ijrosini ta’minlashga yo‘naltiriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter