Isroil bu yil ham G‘azo ahlining Hajga borishiga to‘sqinlik qildi
Masjidul-haromda yig‘ilgan yuz minglab musulmonlar
Dunyo musulmonlari Makkai mukarramada – muqaddas Haj arkonlarini bajarish uchun yig‘ilgan bir vaqtda Isroil ketma-ket uchinchi bor G‘azo aholisining ushbu amalni ado etishiga to‘sqinlik qilmoqda, deb xabar berdi Al Jazeera telekanali.
Hanan al-Xams 2024 yilda 3000 nafar falastinlik bilan birgalikda Haj ziyoratiga yo‘l olishi kerak edi. 2023-yil 7-oktyabr kuni boshlangan vayronkor urush ortidan u islom dinining beshinchi farzini ado etish imkonidan mahrum bo‘ldi.
«(Urushda) farzandim halok bo‘ldi, uy-joyim vayron etildi. Endi esa o‘n yillardan buyon kutganim Haj safari imkonidan mahrum qolmoqdaman», – deydi G‘azo shimolidagi vayronalar ustida tiklangan qo‘lbola chodirda yashayotgan 65 yoshli ayol Hanan al-Xams.
Urushga qadar ham G‘azo sektoriga kirish va undan chiqish uchun Isroil rasmiy idoralari ruxsati talab etilgan.
Isroil G‘azoga 2007 yildan buyon tatbiq etib kelgan qamal siyosati sabab quruqlik, havo va dengiz orqali ish, o‘qish yoki ziyorat uchun hududdan chiqish amrimahol bo‘lib kelgan. Urushdan keyin esa sektorni tark etish butunlay imkonsiz bo‘lib qoldi.
G‘azoning 2,3, million aholisi omonat chodirlarda, vayronalar ichida jon saqlamoqda. 72775 nafar falastinlik esa urush tufayli hayotdan bevaqt ko‘z yumdi.
2025-yil oktyabr oyida tuzilgan muvaqqat tinchlik bitimi ham qirg‘inbarotni to‘xtata olmadi. Hali ham tinch aholi vakillari Isroil harbiylari o‘qiga uchmoqda.
G‘azo sektorining 60 foizi Isroil armiyasi ishg‘oli ostida qolayotgan bir paytda falastinliklar ko‘plab huquqlar qatori Hajga borish imkonidan ham mosuvo etilgan.
Adnan Abu Ful va uning rafiqasi Ummu Ibrohim muqaddas Ka’bani tavof qilayotgan ziyoratchilarni uyali telefonning mo‘’jaz ekranidan tomosha qilar ekan, ko‘zyoshlarini tiya olmayotir.
«Urush to‘xtagach, Hajni ado etamiz deb umid qilgandik, ammo mana, uch yilki, bora olmayapmiz», – deydi Abu Ful.
G‘azo vaqf va din ishlari bo‘yicha vazirligi ma’lumotiga qaraganda, Isroil Misr bilan chegaradosh Rafah nazorat-o‘tish punktini yopib qo‘ygani sababli, so‘nggi uch yil mobaynida 10 mingdan ziyod fuqaro Hajga bora olmagan.
2026-yil may oyida Falastin siyosiy tadqiqotlar markazi o‘tkazgan taqdiqotda Isroilning G‘azo aholisiga Haj va Umrani ado etishga to‘sqinlik qilayotgani iqtisodiy genotsid deb atalgan.
G‘azo sektorida muqaddas ziyoratni tashkil etish bilan shug‘ullangan turistik kompaniyalar uyushmasi rahbari Muhammad al-Astalning aytishicha, urush payti shirkatlarning ofislari ham vayron etilgan.
Falastin siyosiy tadqiqotlar markazi Tel-Aviv ma’muriyatining ushbu xatti-harakatini tasodifiy amaliyot emas, balki g‘arazli siyosat deb hisoblaydi. Bu esa xalqaro huquq me’yorlari, jumladan, Fuqarolik va siyosiy huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktning qo‘pol ravishda buzilishidir.
G‘azo vaqf va din ishlari bo‘yicha vazirligi hudud aholisining muqaddas arkonlarni ado etishiga to‘sqinlikni bartaraf etishda Saudiya Arabistoni, Misr hukumatlari hamda xalqaro hamjamiyatdan ko‘mak so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil sentyabr oyi BMT komissiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlarini genotsid deb tan oldi. Amnesty International inson huquqlari tashkiloti ham ana shunday xulosaga kelgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter