Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kichik bizneslar 3 yil davomida tekshiruvlardan ozod qilinadi

Kichik bizneslar 3 yil davomida tekshiruvlardan ozod qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotda biznesga ma’muriy bosimni keskin kamaytirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ma’lum qildi. Bu yo‘nalishda kichik biznes faoliyatini tekshirishga uch yillik moratoriy joriy etilishi belgilandi.

Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda soliq yuki 13,4 foizdan 12 foizga, o‘n yilda esa yashirin iqtisodiyot ulushi 50 foizdan 26 foizga tushgan.

Prezident iqtisodiyotni «soya»dan chiqarish tekshiruvlar orqali emas, tadbirkorga yo‘l ko‘rsatish va to‘g‘ri ishlashni o‘rgatish orqali amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi.

Tahlil qilingan 5 ming tadbirkorning yarmidan ko‘pida bir yilda 2–3 marta, yana 21 foizida 4 martadan soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Bunga boshqa nazorat idoralarining takroriy tekshiruvlari ham qo‘shilmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, kichik biznes subyektlarida inson salomatligi va boshqa tadbirkorlar manfaatlariga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshiruv uchun uch yil muddatga moratoriy e’lon qilinadi.

Prezident tadbirkorlikda barqarorlik va xotirjamlik muhimligini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, xotirjamlik bo‘lmagan joyda erkinlik ham, rivojlanish va yangilikka intilish ham bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, o‘rta va yirik tadbirkorlar o‘z korxonasini ixtiyoriy profilaktik auditdan o‘tkazishi mumkin. Bunday audit natijalari soliq organlari tomonidan tan olinadi.

Kamchiliklarni profilaktik audit doirasida aniqlab, ularni bartaraf etgan tadbirkor jarimaga tortilmaydi. Shuningdek, o‘rta va yirik tadbirkorda bir yil ichida takroriy tekshiruv o‘tkazilishiga ham cheklov qo‘yiladi. Bunday tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring