Endi mahalliy kompaniyalar ham kapital bozordagi «Tartibga solish qumdoni»ga kiroladi
Adliya vazirligi tomonidan kapital bozorida «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimiga oid nizomga o‘zgartishlar kiritildi. Unga ko‘ra, endilikda mazkur rejimda nafaqat xorijiy ishtirokchilar, balki O‘zbekiston rezidentlari ham qatnashishi mumkin.
Yangi tartibga muvofiq, tan olingan xorijiy yurisdiksiyadagi norezident yuridik shaxslar bilan bir qatorda mahalliy kompaniyalar uchun ham innovatsion moliyaviy loyihalarni sinovdan o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Maxsus huquqiy rejimning amal qilish muddati cheklanmagani qayd etildi.
Nizomga ko‘ra, ilgari kapital bozori sohasida qonunbuzarlik sodir etgan sub’yektlar uchun cheklovlar saqlab qolingan. Vakolatli organning «asoslantirilgan mulohazasi» bunday ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun asos bo‘ladi.
Shuningdek, ishtirokchilar ikki oy davomida hisobot taqdim etmasa yoki belgilangan talablarni buzsa, ularning maqomi bekor qilinishi mumkin. «Asoslantirilgan mulohaza» tushunchasi ham alohida ta’kidlanib, u vakolatli organ tomonidan masalaning mazmuniga asoslangan professional baholash sifatida belgilandi.
Shu bilan birga, qat’iy talablar va nazorat mexanizmlari orqali tizimning barqarorligi saqlanishi ko‘zda tutilgan. Bu esa investorlar ishonchini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, «Tartibga solish qumdoni» huquqiy rejimi — bu investitsiya va moliyaviy bozorda yangi mahsulotlar va texnologiyalarni vaqtincha yengillashtirilgan qoidalar asosida sinovdan o‘tkazish uchun yaratilgan maxsus muhit hisoblanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter