Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mediatransfer: Jurnalistlar «ko‘chib» yuribdi, tahririyat nega foyda ko‘rmaydi? (1-maqola)

Mediatransfer: Jurnalistlar «ko‘chib» yuribdi, tahririyat nega foyda ko‘rmaydi? (1-maqola)

Bundan bir necha yil oldin «Kun.uz» internet nashri bosh muharriri (o‘sha paytda yuristi) Dilshod Abduqodirov bilan kadrlar masalasida suhbatlashgan edik. O‘shanda «sportda transfer bor, nega jurnalistikada bu imkoniyatdan foydalanilmaydi?» degan savolni o‘rtaga tashlagandim. Hamkasbimiz ham o‘shanda buni amaliyotga qo‘llab ko‘rish tarafdori bo‘lgandi.

Oradan ancha vaqt o‘tdi, ammo hali-hanuz xodim «transfer» qilinsa, u ishlagan tahririyat ham ulush olishga haqlimi, degan savol meni qiynaydi. Tabiiy, tahririyat rahbari sifatida bu kabi savollarga javob izlab ko‘rdim.

Barchaga ayon: futbol olamida transferlar — bu katta biznes, strategiya va mas’uliyat. Agar biror klub o‘z akademiyasida iqtidorli futbolchini yetishtirsa, uning transferidan millionlab daromad ko‘radi. Bu pullar esa yangi avlodni tayyorlashga sarflanadi.

Jahon jurnalistikasida ham xuddi futboldagi kabi «transfer bozori» mavjud bo‘lib, bu jarayon  iste’dodlar uchun kurash (war for talent) deb ataladi. OAV olamida taniqli jurnalistlarning bir nashrdan ikkinchisiga o‘tishi katta shov-shuvlarga va ba’zida millionlab dollarlik shartnomalarga sabab bo‘ladi.

Yulduzli «transfer»lar va rekord shartnomalar

G‘arb mediasida yuqori reytingli boshlovchilar va insayderlar xuddi futbolchilar kabi «sotib olinadi». Bunga eng yorqin misol — Fabritsio Romano. U o‘zining «transfer insayderi» sifatidagi obro‘si tufayli Sky Sports, The Guardian, CBS kabi media gigantlar bilan hamkorlik qiladi va GIVEMESPORT bilan yirik shartnoma imzolagan.

Televideniye yo‘nalishida esa AQShdagi Edrian Vojnarovski kabi sport insayderlarining Yahoo Sportsdan ESPNga o‘tishi media olamida «yil transferi» sifatida baholangan. Britaniyada taniqli jurnalistlarning BBCdan tijoriy kanallarga (masalan, LBC yoki GB News) o‘tishi ko‘pincha maoshning sezilarli darajada oshishi va yirik «transfer» sifatida talqin qilinadi.

 «Agentlar» va shartnoma shartlari

Xuddi futboldagi kabi, jurnalistlarning ham o‘z agentlari mavjud. Ular jurnalist va nashr o‘rtasidagi shartnomada quyidagi muhim bandlarga alohida e’tibor qaratishadi:

  • Eksklyuzivlik: Jurnalistning boshqa nashrlar bilan hamkorlik qilish yoki loyihalarda ko‘rinish berish huquqini belgilash;
  • Raqobatlashmaslik sharti (Non-compete clause): Jurnalist ishdan ketganidan so‘ng ma’lum muddat (masalan, 6 oy) davomida raqobatchi nashrlarda ishlay olmasligi. Bu jarayon futboldagi «majburiy tanaffus» tizimiga o‘xshaydi;
  • Brend huquqi: Jurnalistning ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalari va «mualliflik ruknlari»ga bo‘lgan egalik huquqining taqsimlanishi.

OAVda «Poaching» — iste’dodlarni o‘g‘irlash

Bu termin bir nashr ikkinchisining eng yaxshi xodimini «o‘ziga og‘dirib olishi»ni anglatadi. Masalan, The New York Times yoki The Athletic kabi nashrlar tez-tez kichikroq yoki mahalliy gazetalarning eng iqtidorli muxbirlarini o‘z safiga qo‘shib oladi. 

Xo‘sh, jurnalistning «Transfer qiymati» nima bilan o‘lchanadi?

Agar futbolchida bu boradagi o‘lchovlar gollar va paslar bilan o‘lchansa, jurnalistda:

  • Auditoriya (folloverlar): uning ijtimoiy tarmoqlardagi kuzatuvchilari soni;
  • Insaydlar manbasi: jurnalistning eksklyuziv ma’lumot olish imkoniyati;
  • Ishonchlilik: uning xabarlari qanchalik haqiqatga yaqinligi.

O‘zbek media-muhitida ham o‘ziga xos «transfer bozori» bor: jurnalistlar bir nashrdan ikkinchisiga «ko‘chib» yurishi oddiy holga aylangan. Ammo milliy mediamizda transfer jarayoni futboldagidek pullik (bir nashr ikkinchisiga pul to‘lashi) ko‘rinishda emas, balki ko‘proq «kadrlar oqimi» shaklida kechadi. Lekin bu «transfer yo‘q» degani emas, shunchaki u bizda boshqacha ishlaydi.

«Lokomotiv» nashrlar va «Akademiyalar»

Mamlakatimizda transferlar ko‘pincha ikki yo‘nalishda bo‘ladi:

  • «Akademiyalar»: Masalan, Gazeta.uz, Kun.uz, Daryo.uz va Xabar.uz singari internet nashrlar ko‘plab yosh jurnalistlar uchun maktab vazifasini o‘tadi va o‘tamoqda. U yerda nom qozonganlar keyinchalik davlat tashkilotlarining matbuot xizmatlariga yoki yangi ochilgan xususiy loyihalarga «transfer» qilinishi mumkin.
  • «Davlatga transfer»: Bu o‘zbek mediasining eng katta o‘ziga xosligi. Eng kuchli jurnalistlar ko‘pincha boshqa nashrga emas, balki matbuot kotibi lavozimiga o‘tadi. Bu jurnalist uchun maosh va mavqe jihatidan «oltin transfer» hisoblanadi.

Shaxsiy brend transferi

So‘nggi yillarda jurnalistning o‘zi emas, uning auditoriyasi transfer bo‘lmoqda. Masalan, ma’lum bir taniqli bloger yoki jurnalist bir kanaldan ikkinchisiga o‘tsa, u o‘zi bilan birga minglab obunachilarini ham boshlab boradi. Bu xuddi Messining «Inter Mayami»ga o‘tib, klubning Instagram kuzatuvchilarini bir kunda millionlarga ko‘paytirganidek gap.

Nega bizda «transfer summasi» yo‘q?

Futbolda futbolchi klub mulki hisoblanadi (shartnoma tugaguncha). Bizda nashrlar tayyor yulduzni «transfer puli» to‘lab sotib olishdan ko‘ra, yangisini noldan tarbiyalashni arzonroq deb bilishadi. Lekin tanganing ikkinchi tomoni bor: tarbiyalangan kadr ma’lum darajaga chiqqach, avval kelishilgan maoshga qanoat qilmay qoladi va tabiiyki, «yog‘liroq» joydan ish qidiradi. Natijada, transfer bozori shakllanmagan muhitda nashrlar doimiy ravishda o‘z «aktiv»larini tekinga boy berishda davom etaveradi.

Norasmiy «agentlar»

O‘zbekistonda jurnalistlarning rasmiy agenti yo‘q, lekin «tanish-bilish» va «tavsiya qilish» tizimi agentlik vazifasini bajaradi. Bir nashr rahbari kadrlar boshlig‘iga: «Falonchi zo‘r yozyapti, keling, uni bizga chaqiraylik, maoshini ikki barobar qilamiz», deyishi – bu yashirin transfer bozoridir.

«Migratsiyalar»

Bunga so‘nggi yillarda nodavlat televideniyesi xodimlarining davlat televideniyesiga yoki Gazeta.uz bosh muharriri o‘rinbosarining Daryo.uzga, mustaqil nashrlardan vazirlik va hokimliklarga «yulduz» kadrlar o‘tishini misol sifatida aytishimiz mumkin.

Yuqorida qayd etganimizdek, mamlakatimizda jurnalist kadrlar transferi bor, lekin u moliyaviy bitim emas, ko‘proq obro‘ va imkoniyatlar almashinuvi asosiga qurilgan. Bu holat esa jurnalistikada eng og‘riqli mavzulardan biri — «tayyor kadrni olib qochish» (poaching) deyiladi.

Tahririyat — bepul «inkubator» emas

Yosh, hali qalami charxlanmagan kadrni ishga olish — bu tavakkal va katta investitsiya. Tahririyat rahbari va tajribali muharrirlar unga vaqtini, asabini va yillar davomida yiqqan tajribasini beradi. Uni «odam qilish» uchun oylab mehnat qilinadi. Jurnalist endigina «pishib», o‘z auditoriyasi va uslubiga ega bo‘lganida esa sahnaga «tayyoriga ayyor» raqobatchilar chiqadi. Birgina qo‘ng‘iroq yoki ijtimoiy tarmoqdagi xabar:  «Bizga o‘t, maoshingni ikki barobar qilamiz». Va tamom. Siz yetishtirgan iqtidor ertasi kuni boshqaning «bog‘ida» meva berishni boshlaydi. Bu sog‘lom raqobatmi yoki «media brakonerlik»?

Etikaning «ofsayd» holati

Tahririyatlar o‘rtasida kadr almashinuvi bo‘yicha yozilgan biror qoida yoki odob kodeksi yo‘q. Raqobatchi nashr xodimingizni ishga olishdan oldin sizga qo‘ng‘iroq qilib, «qarshi emasmisiz?» deb so‘rashi – biz uchun afsonadek gap. Bu xuddi birovning hovlisidagi mevani ruxsatsiz uzib ketishga o‘xshaydi. Natijada, kadr tayyorlaydigan «maktab» tahririyatlar doimiy donor bo‘lib qolaveradi, «maktabsiz» nashrlar esa boshqalarning mehnati hisobiga kun ko‘radi.

Xulosa o‘rnida

Jurnalistning erkinligini cheklab bo‘lmaydi, lekin tahririyatning mehnati va sarflagan investitsiyasini ham yerda qoldirish adolatdan emas. Nega bizda «transfer» tushunchasi faqat xodimning ketishini anglatadi?

Abdug‘ani Abdurahmonov

Eslatma!

Keyingi maqolamizda: Kadrlarni «o‘g‘irlash» nashrlarga aslida qanchaga tushayotgani va «bepul transferlar»ning iqtisodiy zararlari haqida tahliliy raqamlarni keltiramiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring