Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mirziyoyev: O‘zbekiston Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash tarafdori

Mirziyoyev: O‘zbekiston Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash tarafdori

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-oktyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, Hamdo‘stlik doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston yetakchisi nutqining avvalida global siyosat va iqtisodiyotdagi oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan jarayonlar hamda xalqaro institutlarning roli zaiflashib borayotganiga qaramasdan, MDH o‘zining barqarorligi, samaradorligi va zarurligini namoyish etishda davom etayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik masalalariga to‘xtalar ekan, Prezident Mirziyoyev tashqi siyosiy idoralar va maxsus xizmatlar o‘rtasidagi tizimli va yaqin aloqalarni davom ettirish muhimligiga e’tibor qaratdi. Afg‘onistondagi vaziyat alohida e’tiborni talab qiladi.

– O‘zbekiston Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning qat’iy tarafdori ekanini ta’kidlayman. Shu munosabat bilan ushbu mamlakatda yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda birgalikda ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz, - dedi Mirziyoyev.

So‘zining yakunida Shavkat Mirziyoyev Sergey Lebedevning MDH Bosh kotibi lavozimiga qayta tayinlanishini qo‘llab-quvvatladi hamda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga tashkilotga raislikni qabul qilib olgani munosabati bilan muvaffaqiyatlar tiladi.

Yig‘ilishda Hamdo‘stlikka a’zo boshqa mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari ham so‘zga chiqdi.

Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuv va qarorlar to‘plami imzolandi.

Manba: president.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring