Navoiyda to‘y korteji haydovchilari jazolandi
Navoiy viloyati, Nurota tumanida to‘y kortejida yo‘l harakati qoidalarini buzib, boshqa harakat ishtirokchilarining erkin harakatiga xalaqit bergan haydovchilarga chora ko‘rildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh haydovchilarning transport vositalarda yo‘lni to‘ldirib, to‘y korteji tarkibida harakatlanayotgani aks etgan. Videoda ayrim avtomobillar faralarini miltillatib, turli xavfli manyovrlarni amalga oshirgani ko‘ringan.
Ushbu holat yuzasidan Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilib, qoidabuzar haydovchilarning shaxsi aniqlangan. Voqea Nurota tumanidagi «Qizilcha» qishlog‘ida sodir bo‘lgan.
Holatni o‘rganish jarayonida haydovchilardan birining qoidabuzarligi aniqlangan. U Gentra rusumli avtomobilda ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan nazarda tutilmagan LED chiroqlari o‘rnatgan bo‘lgan.
Avtomobillar vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan. Haydovchilar ichki ishlar organi binosiga chaqirtirilib, sodir etgan xatti-harakatlari yo‘l-transport hodisasiga sabab bo‘lishi va og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi tushuntirilgan. Shuningdek, ularga yo‘l harakati qoidalarini buzish oqibatlari aks etgan ta’sirchan videorolik ham namoyish etilgan.
Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
—To‘y va boshqa ommaviy tadbirlarda kortej bo‘lib harakatlanish yo‘l harakati xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi lozim. Avtomobillar bilan yo‘lni to‘sish, xavfli manyovrlar qilish, me’yorlarga javob bermaydigan yoritish vositalaridan foydalanish nafaqat qonunbuzarlik, balki inson hayoti va salomatligiga tahdid solishi mumkin,—deydi Fayozjon Qosimov.
Ma’lumot o‘rnida: Ilgari xuddi shunday holat Buxoroda sodir bo‘lgan edi. Unda to‘y kortejini tashkil qilgan kuyov jo‘ralar jazolanishgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter