Neft narxi 126 dollardan oshdi: bu 2022 yildan buyon eng yuqori narx
Jahon neft bozorida narxlar keskin ko‘tarilib, 2022-yildan beri eng yuqori darajaga yetdi. Bunga AQSh prezidenti Donald Trampning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokada uzoq davom etishi mumkinligi haqidagi bayonoti turtki berdi.
30 aprel kuni Brent markali neft fyucherslari 7 foizga qimmatlab, savdolar davomida barreli 126 dollardan oshdi. Keyinroq narxlar biroz pasayib, taxminan 123,5 dollar atrofida shakllandi. WTI nefti esa 2,2 foizga o‘sib, 109 dollarga yetdi. Bu o‘sish ketma-ket sakkiz kun davom etgan ralli natijasi bo‘lib, so‘nggi to‘rt yildagi eng uzoq o‘sish seriyalaridan biri hisoblanadi.
Bozor ishtirokchilari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qisqa muddat emas, balki oylab yopiq qolishi mumkinligi xavfini hisobga olmoqda. Bu bo‘g‘oz orqali global neft ta’minotining qariyb 20 foizi tashilgani sababli, uning yopilishi butun dunyo energetika bozoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayni paytda, Eron tahdidlari va AQSh harbiy blokadasi tufayli dengiz orqali tashish deyarli to‘xtab qolgan.
Tahlilchilar fikricha, taklif qisqarayotgani sababli narxlar yana oshishi mumkin. Saxo Bank tahlilchisi Ole Xansen neft narxi vaziyat barqarorlashmaguncha har kuni bir necha dollarga o‘sishi mumkinligini aytgan. Capital Economics eksperti Xamad Husseyn esa bozorlarda avval bo‘g‘oz tez orada ochilishiga bo‘lgan umid narxlarni ushlab turganini, hozir esa bu umid susayganini ta’kidlaydi.
Shu bilan birga, bozor ishtirokchilari Birlashgan Arab Amirliklarining OPEKdan chiqishi haqidagi xabarlarga hozircha katta ahamiyat bermayapti. Chunki Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi xavflar sababli mamlakat neft eksport qilish imkoniyatlaridan to‘liq foydalana olmayapti. Agar bo‘g‘oz ochilsa, BAA ishlab chiqarish hajmini kuniga 4,5 million barrelgacha oshirishi mumkin.
Umuman olganda, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi geosiyosiy vaziyat nafaqat neft narxlariga, balki global iqtisodiy barqarorlikka ham kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter