O‘zbekiston JSTga a’zolik borasida Rossiya bilan kelishib oldi
21-dekabr, yakshanba kuni Prezidentning Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili Azizbek Urunov Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan birgalikda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida ikki tomonlama bozorga kirish muzokaralarini yakunlovchi Protokolni imzoladi.
Urunovning ta’kidlashicha, mazkur muzokara Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburgga amaliy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan.
«Muzokaralar uzluksiz, ammo mazmunli va konstruktiv bo‘lib o‘tdi va bugungi ijobiy natija bilan yakunlandi.
Men ushbu imkoniyatdan foydalanib, O‘zbekistonning a’zo bo‘lish jarayonidagi faol ishtiroki uchun Rossiya Federatsiyasiga, rahbarligi uchun vazir Reshetnikovga, qo‘shgan muhim hissasi uchun xonim Mayorovaga, ko‘maklashgani uchun elchi Platonovga va qimmatli hamkorligi uchun Rossiya muzokaralar guruhiga samimiy minnatdorligimni bildirmoqchiman», – deb yozadi Azizbek Urunov.
Prezident vakili, shuningdek, ayni paytda ko‘p tomonlama muzokaralarni ilgari surishga, zarur qonunchilikni yangilashni yakunlashga va kelgusi yilda a’zo bo‘lish jarayonini muvaffaqiyatli yakunlashga to‘liq e’tibor qaratilayotganini ma’lum qildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter