Poytaxtda avtomashinalar harakati davlat raqamiga qarab ayrim kunlarda cheklanishi mumkin
Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan tuzilgan Maxsus komissiyaga qator vakolatlar berilmoqda.
Maxsus komissiya tabiiy changlanish kuchaygan paytda sanoat korxonalari, transport, issiqlik ta’minoti va boshqa sohalarda cheklovlarni joriy qiladi va transport vositalari harakatini cheklashi mumkin, jumladan:
- Toshkent shahrida yuktashish avtotransport vositalari harakatini vaqtincha cheklash amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
- avtotransport vositalarining, shu jumladan davlat raqamiga mos ravishda toq va juft sanalarda harakatlanishni cheklash amaliyotini joriy qilish (elektromobillar bundan mustasno);
- harakatlanishi vaqtinchalik cheklanadigan avtotransport vositalari turlari, ko‘chalar va boshqa hududlarni belgilash;
Shuningdek:
- atmosfera havosi sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi moddalar yoqqan issiqxonalar va boshqa ob’yektlar faoliyatini vaqtincha yoki to‘liq to‘xtatish;
- Toshkent shahridan boshqa hududlarga ko‘chirilishi majburiy bo‘lgan sanoat korxonalari va sanoat zonalarini belgilash;
- sanoat korxonalari uchun tashlanmalarning ruxsat etilgan miqdorini belgilash va ushbu talabni buzgan sanoat korxonalari faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha belgilangan tartibda chora ko‘rish;
- qurilish ishlarini amalga oshirishga cheklov va ularga talablar joriy qilish, shu jumladan qurilish vaqtida changni bartaraf etuvchi uskunalarni o‘rnatish va boshqa talablar;
- davlat organlari va tashkilotlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini ekologik talablarning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida muvofiqlashtirish;
- oqar suv (daryo, kanal, ariq) ob’yektlarida suv ob’yektlari qirg‘oq muhofaza mintaqa zonalarida qurilishni taqiqlash va ekologik vaziyatni yaxshilash bilan bog‘liq boshqa vakolatlar.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter