Putin AZAL samolyoti halokatiga raketa parchalari sabab bo‘lganini tan oldi

9-10 oktyabr kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadigan «Markaziy Osiyo – Rossiya» formatidagi ikkinchi sammit hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tayotgan Putin va Aliyev uchrashuvi o‘tgan yilning 25-dekabrida Qozog‘iston hududida qulab tushib, 38 nafar yo‘lovchisini qurbon bergan AZAL samolyoti halokatiga doir mavzudan boshlandi.
RIA nashrining yozishicha, uchrashuvni mazkur mavzuda boshlashni Putin taklif qilgan.
Putin Aliyevdan Rossiya osmonida AZAL samolyoti bilan bog‘liq fojia uchun uzr so‘raganini eslatib, aviahalokatda halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
Shuningdek, Rossiya kelishuvlarga muvofiq, Ozarbayjon samolyoti halokatini tergov qilishda har tomonlama hamkorlik qilayotgani, samolyotining qulashi sabablari, jumladan, osmonda Ukraina dronining mavjudligi bilan bog‘liq bo‘lgani aytib o‘tildi.
«Fojia yuz bergan kuni AZAL samolyoti uch Ukraina uchuvchisiz uchoqlarini ergashtirib, Rossiya chegarasini kesib o‘tgan. Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan otilgan ikkita raketa esa Ozarbayjon samolyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegmagan, balki bir necha metr narida portlagan. Yo‘lovchi samolyoti katta ehtimol bilan raketa parchalaridan zararlangan», – dedi Putin Aliyev bilan uchrashuvda.
Putin, shuningdek, AZAL samolyoti ekipajiga Maxachqal’aga qo‘nishga ruxsat berilgani, biroq ular o‘z aeroportiga borishga qaror qilganini aytdi. Qolaversa, aviahalokatga aloqador barcha mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishini, bu borada Rossiya tomoni tovon to‘lash uchun barcha zarur ishlarni amalga oshirishini ma’lum qildi.
Putin Aliyev bilan uchrashuvda mazkur aviahalokat bilan bog‘liq vaziyatni hal qilish uchun vaqt kerakligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, AZAL samolyoti bortida 67 kishi, jumladan besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Ulardan 38 nafari vafot etgan, 29 nafari tirik qolgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter