Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qadr va ehtirom: Jurnalistlar uyushmasi hamda Milliy kontent markazidan xayrli tashabbus (foto)

Qadr va ehtirom: Jurnalistlar uyushmasi hamda Milliy kontent markazidan xayrli tashabbus (foto)

Jurnalistika – shunchaki kasb emas, bu qismat. Bu yo‘lda soch oqartirgan, haqiqat va adolat mezonini ustun bilgan ustozlarning har bir so‘zi – bir xazina. Bugungi shiddatli axborot zamonida har bir so‘zning o‘z yuki bor. Ammo bu yukni ko‘tarishda bizga mayoq bo‘ladigan, jurnalistika mashaqqatini o‘z yelkasida ko‘tarib kelgan fidoyi ustozlar borki, ularning har bir o‘giti bir maktab.

Kecha, 18 mart kuni  O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashabbusi bilan ana shunday zahmatkash ijodkorlar uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Navro‘z va Ramazon ayyomi munosabati bilan yozilgan iftorlik dasturxoni nafaqat ziyofat, balki yillar sog‘inchi va ijodiy muloqot maydoniga aylandi.

Tadbirda Uyushma raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov ta’kidlaganidek, bugun «Inson qadri uchun» tamoyili shunchaki shior emas, balki amaliy ifodasini topmoqda. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov, faxriy jurnalistlar – To‘lqin Qozoqboyev, Galina Melnikova va Nasiba Ibrohimova kabi afsonaviy ijodkorlarning bir davrada jam bo‘lishi – sohadagi izchillik va an’analar davomiyligidan dalolat.

O‘zbekiston faxriylarining «Nuroniy» jamg‘armasi raisining o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xurshid Do‘stmuhammad, «Ishonch» gazetasi bosh muharriri, senator Husan Ermatov O‘zbekistonda bugun ijod uchun, so‘z erkinligi va ommaviy axborot vositalari rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratilganini, jurnalistika sohasida tub o‘zgarishlar sodir bo‘layotganini ta’kidlashdi. 

Tadbirda faqat bayram qilinmadi, balki yosh avlod jurnalistlarini tarbiyalash, ularga mahorat sirlarini o‘rgatish bo‘yicha ham jiddiy takliflar o‘rtaga tashlandi.  Ommaviy axborot vositalari jamiyat va davlat o‘rtasidagi oltin ko‘prik ekanligi, bu ko‘prikning mustahkamligi esa tajribali ustozlarning maslahatiga bog‘liqligi qayd etildi.

Soha faxriylariga ko‘rsatilgan bunday e’tibor – yosh ijodkorlar uchun o‘z kasbiga mehr va sadoqat bilan yondashishga katta motivatsiya beradi.

***

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring