Shimoliy Koreya Trampning iltifotini munosib qadrlamadi
AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlari so‘nggi bor 2019 yilda uchrashgan.
AQShning Janubiy Koreya bilan harbiy mashg‘ulotlarni qisqartirgani Shimoliy Koreya rahbariyatining g‘azabini so‘ndira olmadi. Pxenyan hukumati Seul–Vashington harbiy mashg‘ulotlarini jiddiy provokatsiya deb biladi. Bu esa AQSh prezidenti Donald Tramp va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning yaqin muddatda uchrashishi haqidagi xabarlarni yo‘qqa chiqaradi.
«Bizningcha, bu hodisa (harbiy mashg‘ulotlarning qisqartirilishi nazarda tutilmoqda — tahr.) biron bir izoh berishga arzimaydi. Bu bizni umuman qiziqtirmaydi ham. Mashg‘ulotlar muddati va ko‘lami qisqartirilgan bo‘lsa-da, uning provokatsion va agressiv xarakteri g‘oyib bo‘lib qolmaydi», — deya bayonot bergan Shimoliy Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi mulozimi, Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon.
Shimoliy Koreyadagi qudratli arboblardan sanalgan Kim Yo Chjon akasi va AQSh prezidenti o‘rtasida muloqot olib borilayotganini ham rad etgan. Ayni chog‘da, u akasi Tramp bilan hamon yaxshi munosabatda ekanini qistirib o‘tgan. Bu esa, tahlilchilar fikricha, Pxenyan Vashington bilan munosabatda AQShning yon berishiga ko‘z tikayotganidan dalolat beradi.
Shimoliy Koreya tomoni AQSh va Janubiy Koreya Ulchi Freedom Shield deb atalgan 11 kunlik harbiy mashg‘ulotlarni qisqartirganidan bir necha o‘tib bayonot bergan.
Avvalroq Tramp Kim Chen In bilan a’lo munosabatda ekani va Janubiy Koreya Eronga qarshi urushni dastaklashdan bosh tortgani vajidan hamkorlikdagi harbiy mashg‘ulotlar muddati va ko‘lamini qisqartirishni buyurgandi. Bu hol yillar mobaynida mudofaa jabhasida AQSh shamsiyasi ostida bo‘lib kelgan Janubiy Koreya rasmiylarini sarosimaga solib qo‘ygan.
Trampning keskin bayonoti ortidan Osiyo davlatlari o‘z mudofaasi uchun xarajatlarni oshirishga kirishgan.
Kuni kecha Tramp jurnalistlar savoliga javob qaytararkan, yil oxiriga qadar Shimoliy Koreya rahbari bilan uchrashishini aytgan.
Ma’lumot o‘rnida: Kim Chen In va Donald Tramp 2018 va 2019-yillarda uch marta uchrashgan. Keyinroq Pxenyan Vashington bilan muloqotni davom ettirishni rad etgan.
2025-yil oktyabr oyida Tramp Osiyoga safari davomida Kim Chen In bilan uchrashish niyatini bildirgan, ammo bu istak amalga oshmagan edi.
Dunyo hamjamiyati Shimoliy Koreyaning yadro dasturidan xavotir bildirib keladi.
AQSh Kongressi tadqiqot xizmati so‘nggi o‘nyillikda Pxenyan o‘z yadro dasturini shiddat bilan kengaytirayotgani, bu esa Qo‘shma Shtatlar va Sharqiy Osiyoga tahdid ekani haqida xulosa bergan.
2006-yildan buyon Shimoliy Koreya kamida 6 marta yadro qurolini sinab ko‘rgan.
2026-yil may oyida Shimoliy Koreyaning yangi konstitutsiyasiga ko‘ra Kim Chen Inga yadro qurolidan foydalanish huquqi berildi. Hujjatda mamlakat “urushning oldini olish” maqsadida yadro qurolini ishlab chiqishni davom ettirishi aytilgan.
Iyul oyida Kim Chen In mamlakatning yadro salohiyatini son va sifat jihatdan kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Avvalroq Kim Chen In Shimoliy Koreya xavfsizligiga tahdid tug‘ilsa, Janubiy Koreyani “to‘liq yo‘q qilish”ga tayyor ekanini bildirgandi. Pxenyan AQShdan KXDRning yadroviy davlat sifatidagi maqomini tan olishni talab qilgani ham ma’lum.
2025-yil oxirida Pxenyan hukumati Vashington tomonidan joriy etilgan sanksiyalarga nisbatan keskin javob qaytargan edi.
Shimoliy Koreya bir hafta avval ham qo‘shni hududlar tomon ballistik raketa uchirdi.
Bir necha kun avval Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon Shimoliy Koreyaga tinchlik muzokaralari o‘tkazishni taklif qildi. Pxenyan ushbu taklifni ham rad etdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter