Toshkentda havo ifloslanishining asosiy sabablari ma’lum qilindi
Toshkentda havo ifloslanishining asosiy omillari ma’lum qilindi.
So‘nggi kunlarda mamlakatimiz, ayniqsa Toshkent shahrida atmosfera havosidagi mayda dispersli zarrachalar miqdorining oshishi kuzatilmoqda. O‘zgidromet tomonidan amalga oshirilgan doimiy monitoring natijalariga ko‘ra, bu holat bir vaqtning o‘zida kuchayib namoyon bo‘lgan bir nechta tabiiy omillar bilan bog‘liq.
Birinchi omil – keskin harorat almashishi va inversiya. Joriy haftada havo harorati tez o‘zgardi. Issiq kunlardan sovuq kunlarga o‘tish davrida inversiya deb ataluvchi tabiiy jarayon yuzaga keladi. Inversiya paytida sovuq havo pastda, issiq havo yuqorida qoladi va havo qavatlari aralashmaydi. Shu bois mayda zarrachalar past havoqatlamida to‘planib, qisqa vaqtda konsentratsiya keskin oshadi. Bu jarayon Toshkent, Olma-ota, Bishkek, Dushanbe kabi shaharlarda har yili noyabr–fevral oylarida kuzatiladi.
Ikkinchi omil – yog‘ingarchilikning yo‘qligi. Sinoptiklarimiz ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyi boshidan beri Toshkentda deyarli yomg‘ir yog‘madi, yog‘ingarchilik hajmi esa iqlimiy me’yordan ancha past bo‘ldi. Yog‘ingarchilik yo‘qligi havodagi mayda zarrachalarning tabiiy yuvilishini to‘xtatadi va ularning uzoq vaqt atmosferada saqlanib turishiga olib keladi.
Uchinchi omil – arid jarayonlarning kuchayishi va tabiiy changlanish. O‘zbekiston tabiiy jihatdan quruq va yarimquruq iqlim hududida joylashgan. BMT ekspertlari bu mintaqani dunyoda arid jarayonlar eng tez kechayotgan makonlardan biri sifatida qayd etgan. Arid jarayonlar, o‘simlik qoplamining kamayishi va iqlim isishining ta’siri ostida shamol ta’siridagi tabiiy changlanish oshadi.Shuning uchun bu yil changlanish odatdagidan ko‘proq namoyon bo‘ldi, hatto shamol past bo‘lgan kunlarda ham PM10 ko‘rsatkichining o‘sishiga turtki berdi.
Sinoptiklarimiz prognoziga ko‘ra, amalgaoshgan inversiya jarayoni 24 noyabrgacha davom etishi mumkin. Shu vaqtgacha mayda zarrachalarning ma’lum darajada saqlanib turishi tabiiy va mavsumiy holdir.
Ob-havo barqarorlashishi bilan havo sifati o‘z-o‘zidan sezilarli yaxshilanadi. Hozirda mahalliy hokimiyatlar, kommunal xizmatlar va mas’ul idoralar tomonidan quyidagi amaliy ishlar olib borilmoqda:
– ko‘cha va yo‘llarni namlash;
– yashil hududlarni qo‘shimcha sug‘orish;
– jamoat joylarini nam tozalash;
– aholi uchun tavsiyalarni yetkazish;
– atmosfera havosini doimiy monitoring qilish.
O‘zgidromet atmosfera havosi holatiga oidbarcha muhim ko‘rsatkichlarni kuniga ikki marta – ertalab va kechqurun rasmiy kanallar orqali e’lon qilib boradi.
Shuni takidlash joizki kuzatilayotgan holat – tabiiy, vaqtinchalik va mavsumiy jarayon. Bunda barcha vakolatli davlat organlari tegishliligi bo‘yicha vaziyatni doimiy ravishda nazorat qilmoqdalar, zarurat tug‘ilganda esa aniq tashkiliy choralarini amalga oshirmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter