Toshkentda pulli avtoturargoh uchun to‘lov qilmaganlarga jarima joriy etilishi mumkin
Toshkent shahrida yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargohlardan foydalangani uchun to‘lovni amalga oshirmagan haydovchilarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda. Bu tegishli qonun loyihasida nazarda tutilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 128-11-modda bilan to‘ldirilib, yo‘l bo‘yidagi pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun to‘lovdan bo‘yin tovlash yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun BHMning 2 baravari miqdorida jarima joriy etiladi.
Hujjat loyihasida ta’kidlanishicha, mazkur talab faqat davlat hokimiyati organlariga qarashli yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargohlarga nisbatan qo‘llaniladi. Shlagbaum bilan jihozlangan xususiy avtoturargohlar esa ushbu tartibga kirmaydi, chunki ularda to‘lov amalga oshirilmaguncha chiqish imkoniyati mavjud emas.
Loyihada qayd etilishicha, «Yo‘l harakati to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun to‘lovni amalga oshirish majburiy hisoblanadi. Shuning uchun to‘lovni to‘lamaslik uchun alohida ma’muriy javobgarlik joriy etish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 309-4-modda ham kiritilib, mazkur turdagi huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish va ma’muriy jazo qo‘llash vakolati Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) xodimlariga berilishi nazarda tutilgan.
Qonun loyihasi hozircha muhokama bosqichida bo‘lib, u qabul qilinganidan keyin kuchga kiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter