Toshkentda sotuvga qo‘yilgan 35 ta bozorning hech biri yopilmaydi — poytaxt hokimi
Toshkentda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, gavjum ko‘chalarni obodonlashtirish va avtoturargohlar tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov UzA nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, shahardagi ishlar uchta asosiy yo‘nalish — bozorlarni modernizatsiya qilish, gavjum ko‘chalarni rivojlantirish va avtoturargohlar tizimini yaratishga qaratilgan.
«Bozorlar eng og‘ir yo‘nalishlardan biri. Xalqimiz orasida “Bozor va mozorga tegma”, degan naql bor va ushbu gapning ortida asosli xavotirlar yotibdi. Aholimiz o‘rgangan va nasibasini topayotgani joylar o‘zgarsa, albatta, bezovta bo‘ladi, ammo aytish lozimki, hozirgi bozorlar ko‘rinishi bilan ham, biznes modeli bilan ham zamonaviy talablarga javob bermaydi», — dedi hokim.
Shuning uchun poytaxtdagi 35 ta davlat bozori va savdo majmuasi investorlarga taklif etilmoqda. Hokimning ta’kidlashicha, bu jarayonda birorta bozor yopilmaydi va o‘z funksiyasini yo‘qotmaydi.
Investorlarga uchta asosiy shart qo‘yiladi:
- belgilangan hajmdagi savdo rastalarini zamonaviy shaklda qurib, davlatga topshirish;
- amaldagi tadbirkorlarning ish o‘rinlarini saqlab qolish;
- yetarli sig‘imdagi avtoturargoh barpo etish.
Investorlarga esa samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar obyektlar qurish huquqi beriladi.
Shuningdek, poytaxtda umumiy uzunligi 140 kilometrga yaqin bo‘lgan qariyb 100 ta ko‘cha toifalarga ajratilgan. Ular orasida mahalliy dam olish hududlaridan tortib, turistik manzillargacha bo‘lgan ko‘chalar bor.
Hozirga qadar sinov tariqasida 8 ta 24/7 rejimida ishlaydigan ko‘cha ochilgan. Hokimlik ko‘chalarni faqat ta’mirlash bilan cheklanmasdan, ularning infratuzilmasini saqlash va turli tadbirlarni tashkil etish uchun boshqaruv kompaniyalarini jalb qilmoqda.
Avtoturargohlar bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan. Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi bilan hamkorlikda 200 mingta avtomobil uchun mo‘ljallangan ko‘p qavatli va yer osti avtoturargohlari barpo etish uchun joylar belgilangan. Ular bosqichma-bosqich elektron auksionga chiqarilmoqda.
Shavkat Umrzoqovning ta’kidlashicha, avval avtoturargohlar uchun ajratilgan ayrim yer maydonlarida biznes markazlari qurilib ketgan. Bunday holatlarning takrorlanmasligi uchun masala tegishli organlar bilan birgalikda qat’iy nazoratga olingan.
«Afsuski, ilgari avtoturargoh uchun ajratilgan ko‘plab yerlarda biznes markazlar qurilib ketilgan, bunaqa xatolar takrorlanmasligi uchun bugungi kunda tegishli organlar bilan bu masalani qattiq nazorat ostiga olganmiz. Uchala yo‘nalishni birlashtirgan tamoyil bitta — davlat sharoit yaratadi, investor quradi, aholi uchun xizmat sifati oshadi, jamoat manfaati esa qat’iy intizom va shartlar bilan ta’minlanadi», — deya ta’kidladi poytaxt hokimi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter