Toshkentda uy-joylar qayta baholandi: yangi va oldingi kadastr qiymati keskin farq qildi
14-avgust kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida Toshkent shahrida o‘tkazilgan ko‘chmas mulk obyektlarini ommaviy baholashning dastlabki natijalari muhokama qilindi. Unda OAV vakillari, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi a’zolari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Baholash jarayonida poytaxtda 600 mingdan ortiq kvartira qamrab olindi. Ularning amaldagi kadastr qiymati 57,8 trln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, ommaviy baholash natijasidagi qiymat 426,7 trln so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, 213 mingdan ortiq hovli-joy qayta baholandi. Ularning amaldagi kadastr qiymati 39,1 trln so‘mdan, ommaviy baholash natijasidagi qiymati esa 548,4 trln so‘mdan iborat bo‘ldi.
Baholash natijalari Toshkent shahrida ko‘chmas mulk qiymati hududlar kesimida sezilarli farq qilishini ko‘rsatdi. Xususan, kvartiralarning bir kvadrat metri qiymati 4,6 mln so‘mdan 35,8 mln so‘mgacha bo‘lgan.
Bir sotix yer uchastkasining qiymati esa hududga qarab 115 mln so‘mdan 890 mln so‘mgacha aniqlangan. Bu ko‘rsatkichlar poytaxtda ko‘chmas mulk narxlaridagi hududiy farqni yaqqol namoyon etmoqda.
Ommaviy baholash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish 2025-yil 5-martdagi Prezident farmoni bilan belgilangan. Birinchi bosqich 2025–2026-yillarda Toshkent shahrida tajriba tariqasida amalga oshirilmoqda.
Ommaviy baholashning dastlabki natijalari 60 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Bu davrda mulkdorlar baholash natijalari va hisob-kitoblarda foydalanilgan ma’lumotlar bilan tanishishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter