Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xitoyda qabul qilingan yangi qonun xavotirga sabab bo‘lmoqda

Xitoyda qabul qilingan yangi qonun xavotirga sabab bo‘lmoqda

Uyg‘urlar huquqini himoya qilishga qaratilgan namoyishlar dunyo bo‘ylab muntazam o‘tkaziladi.

Foto: Anadolu Ajansı

Umumxitoy xalq vakillari kengashi, ya’ni Xitoy oliy qonun chiqaruvchi idorasining so‘nggi majlisida «Etnik birlik va taraqqiyotga ko‘mak» deya shartli nomlanayotgan qonun ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilingan edi. Ushbu qonunni xalq noiblarining 2 756 nafari qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, uch nafari qarshi ovoz bergan, yana shunchasi betaraf qolgan.

Rasmiy Pekinga ko‘ra, yangi qonun hujjati milliy birlikka xizmat qiladi, jamiyat hayotida etnik ozchiliklar huquqini himoya etadi.  Ammo tahlilchilar ushbu hujjat etnik ozchiliklar diskriminatsiyasini yanada kuchaytirishidan xavotirda.

1,4 milliard nufusli Xitoyda rasman tan olingan 56 ta etnik guruh mavjud va ulardan 55 tasi etnik ozchilik hisoblanadi. Chunki aholining 91,9 foizi yoki 1,2 milliardini xanlar tashkil etadi. Uyg‘urlar (11,7 million), xueylar (11,4 million), tibetliklar (7,1 million) va mo‘g‘ullar (6,3 million) etnik ozchiliklardir.

2026-yil 1-iyuldan kuchga kiradigan va 65 moddadan iborat qonunning  ilk moddasida xitoy xalqi tafakkurining yakdil, yaktanligini mustahkamlash, xitoy millati kuchini uyg‘otish haqida gap boradi. Hujjatda etnik ayirmachilikka qarshi kurash alohida urg‘ulanadi.

Tanqidchilar xavotiricha, etnik guruhlarning madaniy o‘ziga xoslik talabi ayirmachilikka tenglashtirilishi mumkin. 

«2016-yilda qabul qilingan va ommaviy qamoqni ko‘zda tutuvchi lagerlar tuzishga asos bo‘lgan aksilterror qonuni bilan birgalikda ushbu yangi qonun Sharqiy Turkistondagi uyg‘urlarning til, madaniyat va diniy erkinlik jabhalarida huquqi poymol etilishini yanada kuchaytiradi», — degan Myunxenda joylashgan Umumjahon uyg‘urlari kongressi prezidenti Turg‘unyan Alavdun DW nashriga bergan intervyusida.

Vashington demokratiyani himoya qilish jamg‘armasi katta ilmiy xodimi Jek Bernhem ham o‘sha qonun Tibet va Shinjon uyg‘ur o‘lkasida qatag‘onlarga yo‘l ochgan deb hisoblaydi.

Siyosiy, mafkuraviy jihatdan etnik guruhlardan «buyuk Vatan, xitoy xalqi, xitoy madaniyati, Xitoy kommunistik partiyasi va xitoycha xususiyatga ega sotsializm»ga sadoqatli bo‘lish talab etiladi. Jek Bernhem buni «xan millatchiligi»ning kuchayishi deb atagan.

Bir muddat avval Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Shinjon uyg‘ur-muxtor o‘lkasida yashovchi millatlar qatag‘on qurboni bo‘layotgani xususida hisobot e’lon qilgan edi. 160 sahifali hisobotda «qayta tayyorlash lagerlari» deb atalgan yuzlab tutqungohlarda uyg‘ur, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik kabi oz sonli millat vakillariga nisbatan zulm va zo‘ravonlik siyosati yuritilayotgani qayd etiladi.

AQSh davlat departamenti hisobotiga ko‘ra esa, Xitoyda boshlangan tozalash siyosatidan keyin Shinjonda yashovchi 800 mingdan 2 milliongacha musulmonlar yopiq lagerlarda saqlanmoqda.

Qayd etilishicha, sudsiz, tergovsiz joriy etilgan ushbu jazo usuli mahalliy musulmonlarni o‘z dini va milliy o‘zligidan mahrum etish va to‘liq xitoylashtirishga qaratilgan. Davlat departamenti hisobotida lagerlarda ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik avj olgani, shinjonlik musulmonlar namoz o‘qigani yoki ro‘za tutgani uchungina jazolanayotgani xabar qilingan.

AQSh rahbari Donald Tramp ilk prezidentlik davrida uyg‘ur va boshqa musulmon ozchilik huquqlarini buzgani uchun Xitoy rasmiylariga nisbatan sanksiya joriy etgan edi.

Vashington Pekinning Shinjondagi siyosatini «genotsid» deb atagani ham ma’lum.

Human Rights Watch Xitoyning musulmon aholi yashaydigan viloyatlarida yuzlab masjidlar vayron qilingani haqida bong urgandi

Xitoyning etnik ozchilikka qarshi repressiv siyosati BMTda 50 davlat tomonidan qoralangan.

«Biz Xitoy Xalq Respublikasidagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat, ayniqsa, Shinjondagi uyg‘urlar va boshqa asosan musulmon ozchiliklarning inson huquqlari buzilishidan jiddiy xavotirdamiz», — deyiladi BMT Bosh assambleyasi Inson huquqlari qo‘mitasi bayonotida.

Xitoy tomoni yopiq lagerlarda uyg‘urlar va boshqa kam sonli millatlarga mansub musulmonlar qiynoqqa solinayotgani haqidagi xabarlarni inkor etadi. Rasmiy Pekinga ko‘ra, ekstremizmga moyil aholini qayta tarbiyalashga yo‘naltirilgan ta’lim va kasb-hunar markazlari faoliyati noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring