Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zelenskiy Putinga ochiq maktub yo‘llab, shaxsiy uchrashuvga chaqirdi

Zelenskiy Putinga ochiq maktub yo‘llab, shaxsiy uchrashuvga chaqirdi

Foto: president.gov.ua

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ochiq maktub yo‘llab, urushni to‘xtatish uchun shaxsan uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi. Hujjat Ukraina prezidentining rasmiy saytida e’lon qilindi

Maktubda Zelenskiy urush Rossiya uchun tobora ko‘proq salbiy oqibatlar keltirayotganini ta’kidlab, mamlakat aholisi dronlar va raketa hujumlari, yoqilg‘i tanqisligi, turli cheklovlar hamda ehtimoliy mobilizatsiyadan norozi ekanini qayd etgan.

Ukraina rahbari razvedka ma’lumotlariga tayanib, may oyida frontda 30 ming nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgani yoki og‘ir yaralanganini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Rossiya armiyasi yo‘qotishlarining 63 foizini halok bo‘lganlar, 37 foizini esa yaralanganlar tashkil etmoqda.

Zelenskiy Putinni neytral davlatlardan birida shaxsiy muzokara o‘tkazishga chaqirgan. U Shveysariya, Turkiya yoki arab davlatlarini ehtimoliy uchrashuv maydoni sifatida tilga olgan. Shu bilan birga, Moskvada uchrashuv o‘tkazish taklifini yana rad etgan.

Ukraina prezidentining fikricha, AQSh va Yevropa davlatlari ham muzokaralarda ishtirok etishi lozim. Uning aytishicha, urush Yevropa hududida kechayotgani va aynan ushbu davlatlar xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashi mumkinligi sababli ularning ishtiroki mantiqiy hisoblanadi.

Maktubda yana bir qator takliflar ilgari surilgan. Jumladan, amaldagi front chizig‘ida o‘t ochishni to‘xtatish, sulhga rioya etilishini AQSh nazorat qilishi va harbiy asirlarni «barchani barchaga» tamoyili asosida almashish taklif etilgan.

«Agar siz bu urushni tugatish vaqti kelganini anglab yetmasangiz, Ukraina o‘z mavjudligi uchun kurashni davom ettiradi. Bizga yordam beradiganlar bo‘ladi. Ammo siz ham o‘z mavjudligingiz uchun ko‘proq kurashishingizga to‘g‘ri keladi», – deb yozgan Zelenskiy.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga mazkur maktub diplomatik kanallar orqali ham Rossiya tomoniga rasman yetkazilishini ma’lum qildi. U Kiyev Moskvadan ushbu taklifga mazmunli javob kutayotganini ta’kidladi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring