Zo‘r odam bo‘lish uchun nima qilish kerak?
Mendan ko‘pincha: «Birinchi o‘qigan kitobingizni eslaysizmi?» deb so‘rashadi. To‘g‘risi, eslay olmayman. Ammo birinchi eshitgan, tinglagan kitoblarim yodimda. Ular kattalar tomonidan uzoq qish tunlari mehmonxonalarda, sandal yonida o‘qiladigan jangnoma kitoblar, ertaklar, qasidalar edi. Abu Muslim jangnomalari, Ibrohim Adham qissalarini jon qulog‘im bilan tinglardim. Bu kitoblar qayerda o‘qilayotgan bo‘lsa, o‘sha yerga tortinmay boraverardim.
Keyinroq o‘qigan kitoblarimni eslayman. Stefan Sveygning «Notanish ayol maktubi»ni kattalardan yashirib o‘qiganman. Fransuz ozodlik harakati yo‘lboshchilaridan biri – afsonaviy qahramon Janna d’Ark haqidagi kitobni o‘qiganimda kitob otlig‘ bu ilohiy ne’mat haqidagi tasavvurim yanada tiniqlashgan.
Favqulodda jasoratli bu ayol meni o‘ziga tamomila rom etgan. Johillar uni olovda kuydirishgani tushlarimga kirib chiqqan. Yillar o‘tib, yo‘lim Fransiyaga tushganida, Versal saroyining mahobatli zallaridan birida Janna d’Ark bilan yuzma-yuz keldim. Mohir mo‘yqalam ustasi Yangi Orlean uchun bo‘lgan jangning g‘olib qahramonini ot ustida shu qadar jonli tasvirlagan ediki, suyukli qahramonimning ko‘zida nur ko‘rganday, nafas olishi-yu, yurak urishini eshitib turganday bo‘ldim...
Hayot meni bir xulosaga olib keldi: ertak, sarguzasht kitoblarni ko‘p o‘qigan bola bilan kitob o‘qishga o‘rgatilmagan bolaning fe’l-atvorida keskin farq bo‘lar ekan. Kitobxon bolalarning nutqi ravon, fikrlash doirasi keng bo‘ladi, fe’lida mehribonlik, birovni behuda ranjitmaslik, jonzotlarga ozor bermaslik kabi xususiyatlarni ko‘rish mumkin.
Kitobga qiziqishimga muallimlarning «Zo‘r odam bo‘lish uchun ko‘p kitob o‘qish kerak», degan gapi sabab bo‘lgan. Zo‘r bo‘lish kimga yoqmaydi deysiz, qo‘limga nima tushsa, tanlamay o‘qiyverganman. Qirg‘iz tilida yozilgan bitta kitobni rosa qiyinchilik bilan oxiriga yetdim. Bilsam, u bahorda qo‘zilatish mavsumini qanday o‘tkazish kerakligi to‘g‘risida yosh cho‘ponlarga tavsiya ekan...
Bir kuni yuqori sinfda o‘qiydigan bolalar domlalardan yashirib bir nimani o‘qishayotganini sezib qoldim. So‘rasam «Bunaqa kitoblarni o‘qishga hali yoshsan», deb berishmadi. Bir amallab qo‘lga kiritdim. To‘xtasin Jalolovning «Oltin qafas» degan mo‘’jazgina, o‘sha yillar ko‘zi bilan qaraganda, ishqiy qissa ekan. Erta azonda Takavoytepaning naryog‘iga o‘tib, hech kimga ko‘rsatmay o‘qib chiqdim. Stefan Sveygning «Notanish ayol maktubi» kitobini ham shu taxlit, rus tili o‘qituvchimizning stolidan «bildirmasdan olib» o‘qiganman va shu shakkokligim sabab, «Fransuz tili o‘qituvchisi» filmining yosh qahramoniga aylanishimga sal qolgan.
Toshkent Davlat universitetiga o‘qishga kelgach, ko‘plab badiiy kitoblarni domlalarimizdan baho olish uchun zudlik bilan u yer-bu yerini «cho‘qilab» chiqishga to‘g‘ri keldi. Tasavvur qiling: imtihonga ikki-uch kun qolganida tunni tun, kunni kun demay, Lev Tolstoyning «Urush va tinchlik», «Anna Karenina» asarlarini, Onore de Balzak, Emil Zolya, Fenimor Kuper va yana shu kabi o‘nlab klassiklarning yostiqday-yostiqday asarlarini o‘qib chiqishga, hech bo‘lmaganda mazmunini aytib berishga majbur bo‘lganmiz.
Xorijiy adabiyot bo‘yicha imtihonda menga Emil Zolyaning «Jerminal» asari tushib qolsa bo‘ladimi! Ochig‘i, bu asarni umrimda o‘qimagan edim, ammo bir to‘plamda ayni shu muallifning «Markizaning yelkalari» sarlavhali ishqiy essesiga ko‘zim tushgandi. Tavakkal qilib domlaga shu essening mazmunini o‘zimdan bir oz qo‘shib, ayrim joylarini bo‘rttirib aytib berdim. Domla astoydil qiziqib qoldi va menga yaxshi baho qo‘ydi. Yillar o‘tib, «Urush va tinchlik»ni ham, «Anna Karenina»ni ham, Balzak, Heminguey, Drayzer, Bunin, Chexov, Gogol va boshqalarning mashhur asarlarini o‘zim uchun, ichki bir ehtiyoj sabab uchinchi marta o‘qishimga to‘g‘ri keldi. Bu o‘qish haqiqiy o‘qish bo‘ldi.
Kitob o‘qir ekanman, ulardan topgan dur-javohirlarim, anglagan haqiqatlarim, mutolaa jarayonida xayolimga kelgan ajoyib fikrlarni boshqalar bilan baham ko‘rish, bu buyuk tafakkur xazinasidan bahramand bo‘lmaganlarni kitobxonlikka chorlash men uchun yoqimli mashg‘ulotga aylandi. O‘zim uchun yangilik bo‘lgan so‘z va iboralarni, noyob voqea-hodisalar talqini, ulug‘ ajdodlarimizning hikmatli so‘zlari, xotirada to‘la saqlanishi qiyin bo‘lgan faktlarni yon daftarimga yozib boraman. Mendan bu dunyoda topgan va farzandlarimga qoldiradigan meros haqida so‘rasalar, hech ikkilanmay, ana shu yozuvlarimni aytgan bo‘lar edim...
Ahmadjon Meliboyev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter