Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IBA rossiyalik bokschi Abdumalik Xalokovning qulog‘ini tishlamagan deb topdi

IBA rossiyalik bokschi Abdumalik Xalokovning qulog‘ini tishlamagan deb topdi

2–13 dekabr kunlari Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan IBA erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatining 60 kg vazn toifasidagi final bahsida Abdumalik Xalokov (O‘zbekiston) va Vsevolod Shumkov (Rossiya) o‘rtasida yuz bergan «quloq tishlash» epizodi bo‘yicha soha ekspertlari tomonidan tekshiruv o‘tkazilganini ma’lum qildi. O‘rganishlardan so‘ng jang natijasi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Qayd etilishicha, o‘sha kungi bahsni bevosita kuzatib turgan hakam ham vaziyatni to‘liq ko‘rib turgan va bu holat jangga aralashishni talab qilmaydi deb hisoblagan. Videotakrorlarni o‘rganish ham jang darhol va to‘g‘ri davom etganini, Xalokov hech qanday jarohat yoki e’tiroz belgilarisiz faol kurashni davom ettirganini tasdiqlagan.

«Garchi bunday vaziyatga tushish IBA qoidalariga ko‘ra taqiqlangan bo‘lsa-da, rasmiy shaxslar har bir holatni real vaqt rejimida uning jiddiyligi, maqsadi va jangga ta’sirini hisobga olgan holda baholashlari shart. Mazkur holatda hakamlar guruhi vaziyatni baholadi, Jahon chempionati texnik delegati esa yakuniy xulosani berdi. Tadbir yakuniga qadar O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan hech qanday apellyasiya berilmagan. Shu sababli, rasmiy natijani o‘zgartirish yoki medallar jadvaliga tuzatish kiritish uchun huquqiy asoslar mavjud emas», – deyiladi Xalqaro boks assosiatsiyasi bayonotida.

Shu bilan birga, to‘liq shaffoflikni ta’minlash va sport standartlarini himoya qilish maqsadida, ushbu masala Boks bo‘yicha mustaqil korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi (BIIU) tomonidan ham ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi. Agar bo‘lim ushbu harakatni qoidabuzarlik deb topsa, sportchiga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanilishi mumkin.

«Musobaqalarimizning halolligi biz uchun eng muhim vazifa va bu borada hech qanday murosa bo‘lishi mumkin emas. Biz ushbu epizodni baholash uchun ekspertlarni jalb qildik va texnik delegat tomonidan tasdiqlangan yakuniy qarorga keldik. Natijani o‘zgartirish muddati tugagani sababli, texnik delegat masalani BIIUga yuborishni va agar lozim deb topilsa, sportchiga jarima belgilashni tavsiya qildi. Ta’kidlashni istardimki, har qanday vaziyatda sportchilarning manfaatlari biz uchun ustuvor bo‘lib qoladi», – dedi IBA bosh kotibi va ijrochi direktori Kris Roberts.

Eslatib o‘tamiz, Xolokov va Shumkov bahsidagi ushbu munozarali vaziyat jangning uchinchi raundi tugashiga taxminan 50 soniya qolganda, raqiblarning klinch paytida sodir bo‘lgan. Ushbu qisqa to‘qnashuvda Shumkovning og‘zi Xalokovning qulog‘iga tekkan, biroq bu harakat tasodifiy deb baholandi va jang jarayoniga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagani aytildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring