Markaziy Osiyo tog‘laridagi muzliklarning 96 foizi erib ketishi mumkin
Shimoliy Tyan-Shan tog‘lari.
Xalqaro iqlimshunoslar olimlar prognozlariga ko‘ra, XXI asr o‘rtalarida sayyoramizda muzliklarning yoppasiga yo‘qolish davri boshlanishi mumkin. Agar global isish davom etsa, yiliga 2-4 mingtagacha muzlik yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida, deb xabar berdi Shveysariya oliy texnika maktabi (ETH) matbuot xizmati.
Olimlar bugungi kunda mavjud 200 mingga yaqin muzlikning taqdirini turli iqlim ssenariylarida tahlil qilishdi. Tadqiqot optimistik (haroratning tez barqarorlashuvi sababli) hamda 2100-yilga borib haroratning to‘rt darajaga ko‘tarilishi bilan bog‘liq pessimistik variantlarni qamrab oldi. Har ikki holda ham muz qoplamlarining maydoni to‘xtovsiz qisqarib boradi, biroq jarayonlarning miqyosi va tezligi keskin farq qiladi.
Kichik balandlikdagi tog‘larda yoki past kengliklarda joylashgan muzliklar — eng zaif nuqtalar. Bular Alp va Kavkaz tog‘lari, Shimoliy Amerikaning Qoyali tog‘lari, And va Afrika tog‘larining ayrim hududlaridagi muzliklar. «Bu yerlardagi muzliklarning yarmidan ko‘pi yaqin o‘n-yigirma yil ichida yo‘q bo‘lib ketadi», — dedi ETH ilmiy xodimi Lander fon Trixt.
Tadqiqotchilar «muzliklarning yo‘q bo‘lib ketish cho‘qqisi» tushunchasini ishlab chiqishdi — bu muzliklarning yo‘q bo‘lib ketish tezligi eng yuqori darajaga yetgan davr. Eng «yaxshi ssenariy»da (1,5 darajagacha isish) bu cho‘qqi 2041-yilga to‘g‘ri keladi va Yerda har yili 2 mingga yaqin muzlik yo‘q bo‘lib ketadi va asr davomida hozirgi 200 mingta muzlikdan 100 ga yaqini saqlanib qoladi. Eng «yomon ssenariy»da (4 darajagacha isish) cho‘qqi 2055-yilga siljiydi va yillik yo‘qotishlar 4 mingtagacha oshib, atigi 18 mingta muzlik qoladi.
So‘nggi ssenariyda oqibatlar juda ko‘p mintaqalar uchun halokatli. Markaziy Yevropada 3 600 ta alp muzligining atigi 20 tasi saqlanib qoladi. AQShning Qoya tog‘lari muzliklarining 99 foizidan judo bo‘ladi. Markaziy Osiyo tog‘ tizimlari — 96 foiz, And tog‘lari — 94 foiz muzliklarini yo‘qotadi. Bu mahalliy ekotizimlarga jiddiy ta’sir qiladi, xususan, ichimlik suvi o‘ta dolzarb muammoga aylanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter