Qiyomat kuni soatiga befarq bo‘lmang!
Biz Qiyomat soatlarini har yilgi qayta sozlashga yana yaqinlashmoqdamiz, deb ogohlantirmoqda Bloomberg sharhlovchisi Andreas Klut.
O‘tgan yilning yanvarida eng aqlli odamlar to‘plangan «Atomchi olimlar byulleteni» fan va xavfsizlik kengashi o‘zining majoziy soati millarini 89 soniyaga yarim tungacha siljitgan, bunda yarim tun Qiyomat kuni, apokalipsis, Armageddon, yo‘q bo‘lib ketish va hokazolarni anglatardi.
«89 soniya! Bu shu paytgacha majoziy soatda tun yarmigacha aks etgan eng qisqa vaqt. 2026-yil 27-yanvardagi kengash 2025-yilga nazar tashlab, nima deydi?» — deya savol qo‘yadi Klut.
Foto: DW
1991-yilda soat millari 17 daqiqa ortga surilgan, bu butun tarixdagi yarim tundan eng uzoq ko‘rsatkich edi. Ziyolilar nihoyat «tarix tugab», butun insoniyat uchun tinchlik va liberal demokratiya davri boshlanishini nishonlashgan. Nihoyat, buyuk davlatlar o‘zlarining minglab yadroviy kallaklarini yo‘q qilib, barcha yadroviy sinovlarni, hatto yer osti sinovlarini ham to‘xtatgan edi.
2020-yilda, Donald Trampning birinchi prezidentlik muddati va pandemiya davrida kengash vaqtni yana sekundlarda ko‘rsatishga o‘tdi — yarim tungacha 100 soniya. Endi «kibernetik axborot urushi» ko‘rinishidagi yana bir tahdid paydo bo‘lgandi. Memlar, dezinformatsiya va fitna nazariyalari viruslar kabi shiddat bilan tarqalib, jamiyatlarni chalg‘itish va qutblashtirish hamda ularni yadro quroli va iqlim bilan bog‘liq hayot-mamot chorlovlariga «javob berishga noqobil» qilib qo‘yishni boshladi.
2023-yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada urush boshlab, yadro qurolidan foydalanish tahdidini uyg‘otganidan so‘ng soat millari va yarim tun o‘rtasidagi tafovut 90 soniyaga aylandi.
Bu yil esa soat yana bir soniya oldinga siljidi. Bunga sabab Tramp emas — u yangilik e’lon qilinishidan bir hafta oldin o‘z lavozimiga kirishgan. Barcha mavjud tahdidlarning shoshilinchligi, bizning yuzaga kelayotgan muammolarimiz bilan bog‘liq yashirin teskari aloqalar sharpasi va ehtimoliy «zanjirlar» bunga sabab bo‘lgan.
«Endi-chi, bir yil o‘tib nima bo‘ladi? Menimcha, 2025-yil byulletenida ta’riflangan har bir tahdid yanada jiddiylashdi», — deya xavotir bildirdi sharhlovchi.
Sovuq urush davrida nisbatan tushunarli bo‘lgan yadroviy tahdid hozir mavhumlashgan. AQSh va Rossiya o‘rtasidagi qurol nazorati bo‘yicha so‘nggi shartnoma fevral oyida tugaydi va ikkala davlat ham o‘z arsenallarini yangi jangovar kallaklar, bombardimonchilar, raketalar va suv osti kemalari bilan jihozlash orqali «zamonaviylashtirmoqda».
Xitoy eng yirik ikkilikka yetib olish uchun zaxiralarini to‘ldirmoqda. Shimoliy Koreya qurollanmoqda; Pokiston va Hindiston doim urush yoqasida, ba’zan urushmoqda. Eng yomoni, sun’iy intellekt ko‘plab qurol turlarini «muqobillashtirish» va yadroviy inqiroz holatida qaror qabul qilish vaqtini bir necha daqiqagacha qisqartirish tahdidini paydo qildi — ruhiy stress tufayli yuzaga kelgan aqlsizlik hatto Gollivudgacha yetib bordi.
Tramp, ehtimol, muammoning bir qismini, vaqtincha bo‘lsa-da, hal qildi: u Eronning yadroviy ob’yektlarini bombardimon qilib, forslarning yadro quroli yaratish harakatlarini kechiktirdi. Ammo u, shuningdek, Amerikaning an’anaviy ittifoqchilarini e’tiborsiz qoldirib, ularni AQShning «yadroviy soyaboni»ga shubha bilan qarashga majbur qilib, yadroviy qurollarning umumiy tarqalish xavfini oshirdi. Oqibatda Yevropadan Osiyo va Yaqin Sharqqacha bo‘lgan tobora ko‘proq mamlakatlar o‘z yadro qurollarini yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Shuningdek, Tramp yana bir yadroviy tabu — portlovchi qurilmalarni sinovdan o‘tkazishga moratoriyni buzishga yaqin turibdi. Agar AQSh yana yadro bombalarini portlatishni boshlasa, Xitoy, Rossiya va boshqa davlatlar ham unga ergashadi.
Shu bilan birga, issiqxona gazlari chiqindilari ko‘payishda davom etmoqda va ob-havo tobora halokatli bo‘lib bormoqda. Eng qayg‘ulisi, bu borada tarixan dunyodagi eng yirik emitent va hozirda ikkinchi yirik emitent (Xitoydan keyin) hisoblangan AQSh ushbu muammoga rasman qiziqishini yo‘qotgan.
Qolaversa, Qo‘shma Shtatlar yanvar oyida asosiy vazifasi pandemiyani kuzatish va insoniyatni undan qutqarish bo‘lgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti a’zoligidan rasman chiqadi.
«Kengash soat masalasida o‘z qarorini qabul qiladi. Agar mendan so‘rasangiz, yarim kechagacha bir daqiqa yoki undan ham kamroq vaqt qolgandek tuyuladi», — deya xulosa qiladi Bloomberg sharhlovchisi Andreas Klut.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter