Xitoy roboti rekord o‘rnatdi
AgiBot.
Xitoyning Zhiyuan Robotics kompaniyasi ishlab chiqargan AgiBot odamsimon roboti Suchjou va Shanxay shaharlari o‘rtasidagi 106 km masofani to‘xtamasdan yurib o‘tib, rekord o‘rnatdi. Natija «gumanoid robotning eng uzoq piyoda sayohati» sifatida Ginnessning rekordlar kitobiga kiritildi, deb xabar berdi Global Times.
AgiBot A2 robotiga ikkita GPS moduli, lidar va infraqizil uzatgichlar o‘rnatilgan. Shu sababli robot kunduzi va kechasi birdek harakatlana oladi.
Suchjoudan 10 noyabr oqshomida chiqqan robot Shanxayga 13 noyabr tongida yetib bordi. U akkumulyatorni tezkor almashtirish tizimiga egaligi uchun biron marta to‘xtamadi.
Sinov davomida robot asfalt, plitkalar, ko‘priklar va qiyaliklar, shuningdek, tungi yoritish cheklangan joylardan yurdi. Qayd etilishicha, u butun yo‘nalish bo‘ylab yo‘l harakati qoidalariga rioya qilgan.
«Sayr»dan so‘ng robot yaxshi holatda qoldi. Shanxayda u jurnalistlar bilan suhbatlashib, sayohatni «unutilmas tajriba» dedi va o‘ziga «yangi poyabzal» kerak bo‘lishi mumkinligi haqida hazillashdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter