«Daniya bilan birlashish» fursati keldi — Norvegiya bosh vaziri
Yonas Gar Styore.
Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore AQShning Grenlandiyaga da’volari fonida «Daniya bilan birlashish» payti kelganini ta’kidladi.
Norvegiyaning NRK teleradiokompaniyasi xabar berishicha, Styore seshanba kuni Parijda Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen bilan muloqot qilgan.
«Hozir Daniya bilan birlashish fursati keldi... Mette Frederiksenning menga aytgan oxirgi so‘zlari shu: «Endi hammasi jiddiy, Yonas», — Styoredan iqtibos keltirdi NRK.
Avvalroq Wall Street Journal manbalarga asoslanib, AQSh Grenlandiyani Daniyadan sotib olishni ko‘zlayotganini yozgandi. Ayni bir pallada Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro amerikalik hamkasbi Marko Rubio orolni bosib olish Qo‘shma Shtatlar rejasiga kirmasligiga uni ishontirganini ta’kidlagan.
Donald Tramp 2025-yil dekabrida Luiziana shtati gubernatori Jeff Lendrini Grenlandiya bo‘yicha maxsus vakil etib tayinlagandi. Keyinroq gubernator Vashington orolni AQShning bir qismiga aylantirmoqchi ekanini tasdiqladi. Bundan juda g‘azablangan Daniya TIV rahbari Lars Lyokke Rasmussen AQShning Kopengagendagi elchisini chaqirib, tushuntirish talab qilishini aytgandi. Daniya va Grenlandiya bosh vazirlari — Mette Frederiksen va Yens-Frederik Nilsen qo‘shma bayonotda AQShni orolni bosib olishdan ogohlantirib, ularning umumiy hududiy yaxlitligi hurmat qilinishini kutishayotganini ta’kidlashgandi.
Tramp, Grenlandiyaning milliy xavfsizlik va «erkin dunyo»ni himoya qilishdagi strategik ahamiyatiga ishora qilib, orol Qo‘shma Shtatlar tarkibiga kirishi kerakligini bot-bot takrorlab keladi.
Grenlandiya 1953-yilgacha Daniya mustamlakasi bo‘lgan. Orol hamon Daniyaning bir qismi hisoblanadi, ammo 2009-yilda o‘zini o‘zi boshqarish va ichki siyosatni mustaqil belgilash imkoniyatiga ega bo‘lgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter