Qonli fojiada AQShning qo‘li borligi tasdiqlandi
Maktabga hujum vaqti halok bo‘lgan qizaloqlar.
Eronning Minob tumanidagi “Shajarayi Toyyiba” maktabi bombalanishi oqibatida kamida 170 kishi o‘ldirilishi uchun javobgarlik AQShning zimmasida, deb bayonot berdi Amnesty International.
Xalqaro tashkilot xulosasiga ko‘ra, asosan bolalar o‘limiga olib kelgan ushbu hujumda Qo‘shma Shtatlar harbiylari Tomahawk raketasidan foydalangan.
Amnesty International sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, videoyozuvlarni sinchkovlik bilan o‘rganish hamda ekspertlar bilan suhbatlar asosida shunday to‘xtamga kelgan.
“Ushbu hodisa Amerika qo‘shini hujum uyushtirishda tinch aholi vakillariga zarar yetmasligi uchun kerakli choralarni ko‘rish qobiliyatidan mahrum ekanini ko‘rsatadi va bu xalqaro gumanitar huquqning jiddiy ravishda buzilishidir”, – deb hisoblaydi xalqaro inson huquqlari tashkiloti.
Ta’kidlanishicha, ushbu ehtimoliy harbiy jinoyatni sodir etgan shaxslar javobgarlikka tortilishi kerak.
Amnesty International vakili Erika Gevara-Rosas yuzlab begunoh bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan ushbu hujumni AQSh razvedkasi uchun sharmandali holat deb atagan.
Al Jazeera telekanali AQSh va Isroil Eronga keng ko‘lamli hujumlar uyushtirayotgan bir paytda amerikalik yuqori martabali mulozimlar xalqaro huquqni ochiq-oshkora pisand qilmayotganiga e’tibor qaratgan.
“Xalqaro institutlar nima deyishidan qat’i nazar, Amerika havo kuchini ishga solgan holda tarixdagi eng dahshatli va aniq (harbiy) kampaniyani amalga oshirmoqda. Jangovar harakatlar olib borishning ahmoqona qoidalari, davlat qurilishi daxmazalari, demokratiyani barpo etish urinishlari, siyosiy qoidalarga asoslangan urush – bularni inobatga olmaymiz. Biz faqat g‘alaba uchun urushmoqdamiz”, – degan AQSh mudofaa (urush) vaziri Pit Hegset jurnalistlar bilan uchrashuvda.
AQSh jamoatchiligi hamda Demokratik partiya vakillari Tramp ma’muriyatidan bolalar o‘limiga olib kelgan hujum yuzasidan aniq tushuntirish talab qilmoqda. Ammo hozircha Oq uy vakillari tekshirish o‘tkazilishini aytish bilan cheklanmoqda.
Avval xabar berganimizdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk ham Minob tumanidagi maktab bombalanishi oqibatida o‘quvchilar halok bo‘lgani holatini tezkorlik bilan, xolis va haqqoniy tarzda taftish etishni talab qilgan edi.
Oldinroq Reuters, The New York Times kabi nufuzli ommaviy axborot vositalari ham bu hujumda AQShning qo‘li bo‘lishi mumkinligini yozgan edi.
“Shajarayi Toyyiba” maktabi AQSh va Isroil Eronga qarshi urush boshlagan 28 fevral kuni bombardimon qilingan edi. Ayni dars vaqti uyushtirilgan hujum oqibatida kamida 170 nafar o‘quvchi va o‘qituvchilar halok bo‘lgan, maktab binosi esa butunlay vayron bo‘lgan.
Eron davlat matbuoti AQSh va Isroil amalga oshirgan hujumda 7-12 yosh oralig‘idagi 180 ga yaqin o‘quvchi qiz halok bo‘lgani, yana o‘nlab bola jarohatlanganini ma’lum qilgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, Erondagi begunoh o‘quvchilarning bombalanishi xalqaro huquq me’yorlari davlatning qudratiga ko‘ra tatbiq etilishi, ya’ni ikkiyuzlamachilik holatini namoyish etdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter