Shavkat Mirziyoyev rejissyor va teleboshlovchi Mirabbos Mirzaahmedov oilasiga hamdardlik bildirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev mashhur rejissyor va teleboshlovchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Abdulhaqovich Mirzaahmedovning vafoti munosabati bilan marhumning yaqinlari va oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
«M.Mirzaahmedov butun umr doimo izlanib, xalqimizga sidqidildan xizmat qilib kelgan zahmatkash ijodkor o‘ziga xos mahorat va tajriba maktabini yaratib, ko‘plab yoshlarga ustozlik qildi.
M.Mirzaahmedovning mamlakatimiz madaniyati va san’atini rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» faxriy unvoni, «Mehnat shuhrati» va «Do‘stlik» ordenlari bilan mukofotlandi.
Taniqli san’atkor, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon ustozi Mirabbos Mirzaahmedovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi», – deyiladi hamdardlik maktubida.
M.Mirzaahmedov 1941 yil 30 sentyabrda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent teatr va rassomlik instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)da kino va teatr san’ati aktyori mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldi.
Mehnat faoliyatini O‘zbekiston teleradiokompaniyasida rejissyor yordamchisi sifatida boshlagan iste’dodli san’atkor 60 yildan ziyod vaqt mobaynida «Yoshlar» tahririyati rejissyori, bosh rejissyori, «O‘zbekiston» telekanalining oliy toifali rejissyori, «Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi» ko‘rsatuvining rejissyori va boshlovchisi kabi lavozimlarda samarali xizmat qildi. Uning bevosita rahbarligida dolzarb mavzu va janrlarda tayyorlangan eshittirish va ko‘rsatuvlar, badiiy videofilmlar milliy ruhi, teran mazmuni, xalqchilligi bilan millionlab muxlislar qalbidan o‘rin oldi. Ayniqsa, ustoz rejissyor tomonidan tasvirga olingan «Bahor qaytmaydi» «Izlayman», «Qalbingga quloq sol», «Bahs», «Uch ildiz», «Dunyoning ishlari» kabi asarlar o‘z davrining yorqin telefilmlari sifatida madaniyatimiz xazinasidan munosib joy egalladi.
Manba: president.uz


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter