Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh ayrim davlatlar fuqarolari uchun viza garovi joriy etmoqda

AQSh ayrim davlatlar fuqarolari uchun viza garovi joriy etmoqda

AQSh Davlat departamenti ayrim mamlakatlar fuqarolariga B1/B2 (turistik va ish) vizasi berishda majburiy pulli garov joriy etilishini ma’lum qildi. Bu chora viza muddatini buzish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan davlatlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Ro‘yxatga Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, shuningdek Afrika, Osiyo, Karib havzasi va Lotin Amerikasining qator davlatlari kiritilgan. Aksariyat mamlakatlar uchun qoida 2026 yilning 1 yoki 21-yanvaridan kuchga kiradi (ayrimlariga bu tartib 2025-yilning kuzidan amalga kirgan).

Yangi tartibga ko‘ra, B1/B2 vizasiga loyiq deb topilgan arizachi 5, 10 yoki 15 ming dollar miqdorida garov qo‘yadi (aniq summa viza suhbati vaqtida konsul tomonidan belgilanadi). Garov uchun DHS Form I-352 topshiriladi va to‘lov faqat AQSh g‘aznachiligining rasmiy Pay.gov platformasi orqali amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, garov to‘lash vizani kafolatlamaydi. Konsul ko‘rsatmasisiz to‘langan pullar esa qaytarilmaydi.

Garov qo‘ygan viza egalari AQShga faqat belgilangan (Boston Logan (BOS), New York JFK va Washington Dulles (IAD) aeroportlar orqali kirib-chiqishi shart.

Mazkur toifa shaxslar AQShni ruxsat etilgan muddat ichida tark etgan yoki ushbu viza bilan umuman AQShga kirmagan yoinki aeroportda kirish rad etilgan taqdirda garov avtomatik ravishda qaytariladi.

Aksincha, vizada belgilangan muddatdan ortiq qolish yoki mamlakatni umuman tark etmaslik yoinki noimmigrant vizadan chiqib, masalan, boshpana so‘rash kabi hollarda garov pullari qaytarilmasligi mumkin. Bunday holatlar AQSh migratsiya xizmati (USCIS) tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Manba: travel.state.gov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring