Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bu turfa gullar, ayting, muhabbat bog‘idanmu?..»: Abdurauf Olimovni xotirlab

«Bu turfa gullar, ayting, muhabbat bog‘idanmu?..»: Abdurauf Olimovni xotirlab

Sherali hofizdan duo olgan, betakror qo‘shiqlar yaratgan, avtofalokatga uchrab, o‘n yil sahnadan uzoqlashgan Abdurauf Olimovni xotirlab... 

Abdurauf Olimov... Men uni anchadan buyon yaxshi bilardim: vazmin-bosiq, odobli, xushmuomalali yigit edi. Qolaversa, u san’at olamiga ham shunday odob, shunday bosiqlik bilan, o‘ziga xos ovoz, o‘ziga xos uslub bilan kirib kelgandi. Dilrabo va jozibador qo‘shiqlari bilan O‘zbekistonda ham, Tojikistonda ham ko‘plab muxlislar orttirdi.

Abdurauf Olimov asli tojikistonlik o‘zbeklardan. 1957-yil 16-noyabrda Leninobod oblastining Proletar rayoni (hozirgi So‘g‘d viloyatining Jabbor Rasulov tumani)dagi G‘o‘lakandoz qishlog‘ida tug‘ilgan. Ziyolilar oilasidan. Ota-onasi, aka-ukasi, singillari ham bitta kasb egalari – o‘qituvchi bo‘lib, barchasi san’atni astoydil sevardi. Akasi esa, yaxshigina sozanda va xonanda sifatida obro‘ qozongandi.

Oilaviy muhit ta’siridan bo‘lsa kerak, Abdurauf ham avvaliga pedagoglik kasbini tanladi. Maktabni bitirgach, Leninobod (hozirgi Xo‘jand) pedagogika institutining Badiiy grafika va rassomlik fakultetining kunduzgi bo‘limiga o‘qishga kirdi. Mehnat faoliyatini 1980 yili o‘z qishlog‘idagi maktabda yoshlarga chizmachilik fanidan saboq berishdan boshladi. So‘ngra yanada kattaroq, yanada mas’uliyatliroq ishga – san’atkor sifatida elga xizmat qilishga shaylandi.

Albatta, Abduraufning bunday qarorga kelishi bejiz emasdi. Akasi singari u ham bolaligidanoq ashula aytishga ishtiyoqmand edi. Chunki atoqli bastakor Muhammadjon Mirzayev kuylarini, Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov, Sherali Jo‘rayev hamda hamqishlog‘i – mashhur xonanda Jo‘rabek Nabiyev qo‘shiqlarini eshitib, san’atga ko‘ngil qo‘ygandi. Shu bois sinfdoshlari, do‘stlari davrasida, ba’zan to‘y-tomoshalarda o‘zicha qo‘shiq kuylab yurardi. Bu odatini talabalik yillarida ham tashlamadi. Lekin u paytlarda o‘zgalarga taqliddan nariga o‘tolmasdi. Ayniqca, Sherali Jo‘rayev ashulalarini aynan o‘ziga o‘xshatib kuylardi.

To‘g‘ri, bir qarashda boshqalarning qo‘shiqlarini aytishning yomon joyi yo‘q. Axir, taniqli xonanda tanho, muxlislari esa ming-minglab. Ular sevikli san’atkorlari ashulalarini har doim ham o‘zining ijrosida tinglash baxtiga muyassar bo‘laverishmaydi. Yaxshi qo‘shiq esa, baribir, xalq mulkiga aylanadi.

Inchunin, Sherali Jo‘rayev iste’dodiga e’tibor berilmagan, unga radio-televideniye eshiklari taqa-taq berkitilgan o‘sha davrlarda uning qo‘shiqlarini Abdurauf singari yoshlar maromiga yetkazib, el orasida kuylab yurishlari ijobiy hol edi. Faqat taqlidchilikning boshqa bir xavfli jihati bor. Havaskorda ovoz, Xudo bergan iste’dod bo‘lsa-yu, buni o‘zi ham sezmasa, taqlidchilikdan nariga o‘tmasa va undan voz kechmasa, oqibati yaxshi bo‘lmaydi. Yakkash birovlarning tayyor qo‘shiqlarini aytishga ruju qo‘ygan xonanda vaqti-soati kelib, el nazaridan qoladi. Abdurauf ham ana shunday qismatga duchor bo‘lishi ehtimoldan xoli emasdi.

Xayriyatki, kunlarning birida baxtli tasodif ro‘y berdi. Singlisining nikoh to‘yiga Sherali Jo‘rayev tashrif buyurdi. Abdurauf imkonini topib, u bilan xoli suhbatlashdi. Shogird tushish niyati borligini ro‘y-rost aytdi. Tabiiyki, Sherali Jo‘rayev undan davraga chiqib, birorta qo‘shig‘ini kuylab berishini so‘radi. Abdurauf bu taklifni bajonidil ado etdi. Uni tinglab va san’at ixlosmandlari tomonidan astoydil olqishlanganini ko‘rib Sherali Jo‘rayevning chehrasi yorishdi.

 – Mayin va shirali ovozingiz bor ekan, – dedi u mikrofonni qo‘liga olib. – Faqat bir maslahatim: kelgusida nuqul menga taqlid qilishdan qoching. Ko‘proq o‘z uslubingiz va yo‘nalishingizda qo‘shiqlar yaratish payida bo‘ling. Chunki san’atkorlik odobi shunday – har qanday xonandaning, yaxshimi-yomonmi, o‘z ohangi, o‘z qo‘shig‘i bo‘lishi shart! – Keyin to‘y qatnashchilariga yuzlandi. – Kelinglar, hammamiz birgalashib, duo qilaylik: shu yigit kelgusida yaxshi xonanda – el ardog‘idagi san’atkor bo‘lib yetishsin. Omin, Allohu Akbar!

Ustozning bu o‘gitlari Abdurauf uchun qonun, samimiy tilaklari doimiy madadkor bo‘ldi. U yaxshi niyat va umid ila 1982 yili Toshkentga kelib, O‘zbek Davlat filarmoniyasiga yakkaxon xonanda sifatida ishga kirdi. Salkam uch yil mobaynida o‘zi mehr qo‘ygan taniqli bastakor Muhammadjon Mirzayev va u kishining o‘g‘li Shavkat Mirzayevdan musiqiy saboq oldi. Ularning kuylariga teran ma’noli va odamlarga tushunarli so‘zlar tanlab yoki aksincha, shunday she’rlarga kuy bastalab, qo‘shiq yaratishni va ijro etishni o‘rgandi. Bora-bora bu ishlar bilan mustaqil ravishda shug‘ullana boshladi. Alqissa, ezgu maqsad yo‘lidagi intilishlari va izlanishlari zoye ketmadi. San’at shaydolari uning «Farg‘onaning bog‘lari» (C.Qo‘qonbekov), «Yer aylanib» (P.Mo‘min), «Zebo» (To‘lqin) kabi ilk ashulalarini iliq kutib olishdi. Bu qo‘shiqlar hayal o‘tmay alohida plastinkaga muhrlandi.

O‘z izdoshi va shogirdining kamoli kimni quvontirmaydi, deysiz? Sherali Jo‘rayev Abdurauf uylanganida u ota-onasi va boshqa oila a’zolari bilan birga yashaydigan xonadonda o‘tkazilgan to‘yda xizmatda bo‘ldi. Kuy-qo‘shiqlar va raqslar avjiga chiqqan bir paytda xonish qilishdan bir zum to‘xtab, davra ishtirokchilariga murojaat qildi.

– Hurmatli muxlislar! – dedi u o‘ziga xos o‘ktam ovozda. – Men har gal Toshkentdan Andijonga borayotganimda, albatta, Abduraufning uyiga birrov kirib o‘taman. Boshqacha aytganda, bu uy mening sevimli qo‘nalg‘am, Abdurauf esa iste’dodli shogirdlarimdan biri. U shu paytgacha sizlarniki edi, asosan, sizlarning yaxshi kunlaringizda xizmat qilib kelayotgandi. Endi katta san’at dargohiga dadil qadam qo‘ydi. San’at esa xalqnikidir! Modomiki, shunday ekan, kelinglar, bugun shu qutlug‘ xonadonda turib, Abduraufga oilaviy baxt-saodat, san’atkorlikdek mashaqqatli va sharafli ishlarida omadlar tilaylik!..

Oradan yillar o‘tdi. Bu orada Abdurauf ustozi umidini, muxlislari ishonchini oqladi. Turli mavzulardagi «Kel, ey yorim!» (O‘.Rashid), «Diyorim», Ola qolsang-chi, yor» (N.Narzullayev), «Tinchlik kabutari» (M.Boboqulov), «Qo‘lingni uzatgil menga, yor» (U.Abduazimova), «Namanganda gul bazmi», «O‘xshar» (T.To‘la), «San’at» (O.Hakimov), «Ishqingda o‘ldim» (Mashrab), «Bu turfa gullar, ayting, muhabbat bog‘idanmu?» (B.Sa’dulla) kabi qo‘shiqlarini yaratib va o‘ziga xos ohangda ijro etib, muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi.

U Leninobod (Xo‘jand) shahridagi musiqali drama va komediya teatrining yetakchi xonandalaridan biriga aylandi. Shu bois tez-tez Tojikiston va O‘zbekiston bo‘ylab gastrol safarlarida bo‘ldi. Bundan tashqari, shahar-qishloqlarda o‘tkaziladigan turli tadbir va tantanalarda, o‘zbek va tojik xonadonlaridagi to‘ylarda sidqidildan xizmat qilai. Muhimi, u hamisha izlanishda, yangi-yangi qo‘shiqlar yaratish orzusida bo‘ldi.

Abduraufning repertuari, asosan, o‘zbek milliy qo‘shiqlaridan iborat edi. Qolaversa, Leninobod Dushanbedan ancha uzoq. Shu boisdanmi, uni Tojikiston televideniyesi va radiosiga onda-sonda taklif qilishardi. Bu yoqda esa, qo‘shni respublikadan bo‘lgani uchunmi, o‘zbek televideniyesi xodimlari ham uning san’atiga birmuncha loqaydlik bilan qarardilar. Zero, o‘sha yillari men bu xonandaning loaqal birorta qo‘shig‘i teleekranlarimiz orqali yangraganini eslay olmasdim.

Kamina xuddi shu haqda maqola yozdim va «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 1989 yil 3 mart sonida chiqardim. Unda O‘zbekiston radiosi haqida ham o‘z fikrimni bildirdim. Abduraufning radio fondidagi qo‘shiqlari, keyingi paytlarda yozib olingan bir-ikkita yangilarini hisobga olmaganda, asosan 3-4 yil oldingilaridan iborat edi. Ular ham ko‘pincha «Mash’al» dasturi orqali efirga uzatilardi.

«Nazarimda, novlik yosh xonanda Qodir Mirashurovga nisbatan ham shunday e’tiborsizlik bo‘lmoqda, – deb yozilgandi yana maqolada. – Oqibatda ko‘plab qo‘shiq muxlislari ular singari qo‘shni respublikalarda yashab, ijod qilayotgan yosh o‘zbek san’atkorlari qo‘shiqlaridan to‘la bahramand bo‘lolmayaptilar. Bu holatlar, avvalo, o‘sha xonandalar kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yanada xavflisi, san’atkorning iste’dodi ma’naviy jihatdan rag‘batlantirilmasa, o‘zi e’tibordan chetda qolsa, umidsizlikka tushishi va faqat moddiy manfaatdorlikni ko‘zlab, otarchilik yo‘liga kirib ketishi, pirovardida o‘z iste’dodini boy berishi hech gap emas. Bunday noxush holatlarning oldini olish uchun esa, bo‘lajak xonandalarga, shu jumladan, qo‘shni respublikalarda yashayotgan iqtidorli yosh millatdoshlarimizga ham g‘amxo‘rlik ko‘rsatishimiz zarur. Bu, ayniqsa, baynalmilal tarbiyani, millatlararo munosabatlarni rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilayotgan hozirgi kunda juda muhimdir.

O‘ylaymizki, radio va televideniyedagi hamkasblarimiz bizning beg‘araz taklif-istaklarimizni samimiy qabul qiladilar va kelgusida qo‘shiq shaydolarining talab-ehtiyojlarini imkon qadar qondirish choralarini ko‘radilar».

Maqola ko‘p o‘tmay ijobiy samarasini berdi. Abdurauf Olimovning qo‘shiqlari o‘zbek televideniyesi orqali ham efirga uzatila boshlandi. Bundan ruhlangan xonanda o‘z repertuarini yangi-yangi qo‘shiqlar bilan yanada boyitishga kirishdi. Biroq 40 yoshini nishonlashiga sanoqli kunlar qolganda, aniqrog‘i, 1997 yil kuzida avtofalokatga uchradi. Shu asno og‘ir jarohatlandi, ayniqsa, boshi qattiq lat yedi. Shifokorlar uni «Bundan buyon ashula aytmang, aks holda, miyangiz zo‘riqadi», deb ogohlantirishdi. Oqibatda u o‘n yil mobaynida to‘ylarga bormadi, sahnalarda ko‘rinmadi. Ayni holat uning har bir yangi qo‘shig‘ini intiqib kutadigan, ayniqsa, «Bu tomonga bir qarab qo‘y» (Chustiy)», Ishqingda o‘ldim» (Mashrab), «Gul bir yon, chaman bir yon» (To‘ra Sulaymon), «Bu turfa gullar, ayting, muhabbat bog‘idanmu?» (Vosit Sa’dulla) singari nihoyatda ommalashib ketgan ashulalarini berilib tinglaydigan muxlislarini qattiq xavotirga soldi. Tabiiyki, o‘z navbatida, Abdurauf ham sahnani sog‘indi, odamlar doimo gavjum bo‘ladigan konsert zallarini, yoshu qari birdek zavqlanadigan to‘y-tomoshalarni qo‘msadi, qattiq o‘ksindi...

Va nihoyat, uzoq davom etgan tanaffusdan so‘ng sog‘lig‘i birmuncha tiklangach, u yana san’at olamiga qaytdi. Asosiy e’tiborni, avvalo, yangi qo‘shiqlar tayyorlashga va ularni alohida albomda jamlashga qaratdi. Dastlab otasiga atab «Padari buzrukvor» qo‘shig‘ini yaratdi. Shuningdek, qashqadaryolik shoir Muhammad Nosirning marhum san’atkorlar Oxunjon Madaliyev, Muhriddin Xoliqov hamda sevimli shoirimiz Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlab yozilgan she’riga kuy bastalab, qo‘shiqqa aylantirdi. Unga olamdan erta ko‘z yumgan iste’dodli xonanda Nuriddin Haydarovning nomini ham kiritdi. Zero, Abdurauf bu yigitlar bilan qalin do‘st va qadrdon aka-uka bo‘lgan, uzoq yillar oilaviy bordi-keldi qilgan, muhtasham san’at saroylarida birgalikda xayriya konsertlari o‘tkazgan edi.

Tinib-tinchimas xonandaning o‘sha kezlar tomoshabinlar hukmiga havola qilgan qo‘shiqlaridan yana biri «Bag‘ringga yana qaytdim, qadrdon sahna» deb ataldi. So‘zlari gulistonlik shoir Hasan Abduvohidov qalamiga mansub bu she’r o‘zining keyingi yillardagi ijodi haqida yozilgani bois Abdurauf uchun juda qadrli edi. «Gul yuz» nomli navbatdagi qo‘shiq esa sevgi-muhabbat mavzusida bo‘ldi.

Xullas, o‘z ovoziga va o‘z uslubiga ega deya e’tirof etilgan, o‘tgan asrning 80–90-yillarida o‘zbek estradasida munosib o‘rin egallagan, qo‘shiqlarining aksariyatiga o‘zi mahorat bilan kuy bastalagan Abdurauf Olimov bu safar so‘nggi nafasiga qadar san’at olamini tark etmadi. O‘zining izidan borib, iqtidorli san’atkorlar qatoridan o‘rin olgan ukasi Rustam va o‘g‘li Boburdan, talay shogirdlaridan foydali maslahatlari va amaliy yordamini hargiz ayamadi, turmush o‘rtog‘idan, yana bir o‘g‘li Alisher va qizi Nargizadan, besh nafar nevarasi, kelinlari va kuyovidan mehr-muhabbatini hech qachon darig‘ tutmadi. Ayniqsa, olti yoshga to‘lar-to‘lmasidan qo‘shiq ayta boshlagan Alimardonga kelgusida Olimovlar sulolasi ishini davom ettiradigan zurriyoti sifatida katta ishonch va umid bilan qaradi.

Maftunkor lirik ovozi bilan o‘zbekistonlik va tojikistonlik muxlislari qalbini zabt etgan, 15 ta qo‘shig‘i Toshkent radiosining oltin fondiga kiritilgan Abdurauf Olimov 2021-yil 11-avgust kuni 63 yoshida vafot etdi.

Abdunabi Haydarov.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring