Buxoroda fermerlar haqi tiklandi
Buxoroda fermer xo‘jaliklariga haqni to‘lamay kelgan klaster majburiy tartibda qarzni qaytardi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Majburiy ijro Byurosi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta inspektori Ixtiyor Olimov ma’lum qilmoqda. Ta’kidlanishicha, Jondor tumanida faoliyat olib borayotgan «Jondor cotton cluster» mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda «Yusuf Ilhom Miraziz» va «Javlonov agro 2020» fermer xo‘jaliklari o‘rtasida nizo kelib chiqqan. «Jondor cotton cluster» shartnoma asosida o‘z zimmasidagi barcha majburiyatlarni to‘liq bajarib kelgan fermer xo‘jaliklari mablag‘larini to‘lab bermay, paysalga solib kelgan. Klaster qarzdorlikni to‘lab berishini va’da qilgan bo‘lsa-da, oradan muddat o‘tishiga qaramay, yana turli bahonalar bilan vaj ko‘rsatgan. Ikki fermer xo‘jalik esa klasterga qayta-qayta o‘z haqlarini berishi talabi bilan chiqishgan. Bu gal ham klaster bo‘yin tovlab, ulardan hech qanday qarzi yo‘qligini iddao qilgan.
Shundan so‘ng fermerlar holatni huquqiy tartibda himoya qilish talabi bilan sudga da’vo arizasi kiritishgan. Sud da’voni qanoatlantirgan va hujjatlar Byuroning Jondor tuman bo‘limiga kelib tushgan. Ijro harakatlari boshlab yuborilib, qarzdor korxonaga aniqlangan mablag‘ni ixtiyoriy tarzda to‘lash uchun muddat belgilagan. Biroq, klaster o‘z qarzlarini uzmay, holatga panja ortidan qarashda davom etgan. Shundan so‘ng byuro tomonidan huquqiy ishlar olib borilgan va fermer xo‘jaliklariga haqni to‘lamagan klaster majburiy tartibda qarzni qaytarishiga to‘g‘ri kelgan.

«Klasterning bank hisob raqamlariga band solindi. Mol-mulklariga ta’qiq qo‘yilib, majburiy ijro choralari qo‘llanildi. Byuro xodimlarining maqsadli va qat’iy harakatlari natijasida qarzdor klasterdan fermerlar foydasiga to‘liq qarz mablag‘i undirib berildi», — dedi Ixtiyor Olimov.
«Yusuf Ilhom Miraziz» fermer xo‘jaligi foydasiga 212,6 million so‘m, «Javlonov Agro 2020» fermer xo‘jaligi foydasiga 231,9 million so‘m miqdoridagi qarzdorlik «Jondor cotton cluster» MChJdan majburiy tartibda undirib olingan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter