Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chavandoz – ham jismoniy va ham ma’nan komil inson...

Chavandoz – ham jismoniy va ham ma’nan komil inson...

Foto:Bekobod tuman hokimligi

Bekobod tumanida o‘tgan ko‘pkari musobaqasida bosh sovrin sohibi ming kitobga ega bo‘ldi

Uloq-ko‘pkari asrlar osha xalqimiz bilan birga yashab kelayotgan, uning jasorati va birdamligini mujassam etgan milliy o‘yindir. U avloddan-avlodga o‘tayotgan qadriyat, chinakam mardlik maktabi, tabiatga va insoniy fazilatlarga ehtirom ramzidir. Toshkent viloyati Bekobod tumanida ana shunday qadimiy an’analar ruhida navbatdagi nufuzli uloq-ko‘pkari musobaqasi o‘tkazildi.

Tadbir milliy urf-odatlarimizni rivojlantirish, xalq o‘yinlarini qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. E’tiborli jihati, musobaqa nafaqat yurtimizning barcha hududlaridan kelgan chavandozlar, balki qo‘shni mamlakatlar vakillarini ham bir maydonga jamladi.

Qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston davlatidan tashrif buyurgan tajribali uloqchi polvonlar o‘zbek chavandozlari bilan yelkama-yelka bellashib, musobaqaga baland saviya va shijoat bag‘ishladi. Bu holat uloq-ko‘pkarining Markaziy Osiyo xalqlarini o‘zaro birlashtiruvchi umumiy madaniy meros ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Bekoboddagi uloq-ko‘pkarining yana bir o‘ziga xos jihati — sovrinlar borasida namoyon bo‘lgan original yondashuvdir. An’anaviy ravishda qo‘chqor, toy, nortuya, avtomobil kabi qimmatbaho sovg‘alar bilan bir qatorda, bosh sovrin sifatida ma’naviy va ijtimoiy ahamiyatga ega mukofotlar belgilandi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbuslari doirasida:

  • kitobxonlikni keng ommalashtirish maqsadida 1 000 ta eng sara kitoblar majmuasi,
  • energiya samaradorligini ta’minlash yo‘lida 10 kVt quvvatga ega zamonaviy quyosh panellari,
  • “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida 100 tup noyob chinor ko‘chati,
  • oziq-ovqat xavfsizligiga qaratilgan islohotlar doirasida 1 000 kilogramm oliy navli “lazer” guruchi sovrin sifatida qo‘yildi.

Bunday o‘ziga xos mukofotlar uloq-ko‘pkarini ma’naviyat, ilm-ma’rifat, ekologik ong va barqaror taraqqiyot g‘oyalari bilan uyg‘unlashgan, ma’naviyati yuksak komil inson g‘oyasi o‘zagi bo‘lgan katta madaniy tadbir darajasiga ko‘tardi.

Shu sababli tadbir aholi va mehmonlar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi. Garchi kun biroz sovuqroq bo‘lsada, keng adirlarda o‘tgan qizg‘in musobaqani tomosha qilish uchun minglab muxlislar yig‘ildi. Shunga yarasha uloq-ko‘pkari ham yuqori saviyada tashkil etildi.

Bekobod tumanidagi ushbu ajoyib va shiddatli musobaqa Yangi O‘zbekistondagi ulkan bunyodkorlik, ma’naviy yuksalish va xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan jadal islohotlarning hayotiy ifodasi bo‘ldi. Milliy an’analarni asrab-avaylash va ularga yangi mazmun bag‘ishlash orqali jamiyatni birlashtirish, mintaqaviy do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash mumkinligini shu tashabbus misolida ham ko‘rish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, Bekoboddagi uloq-ko‘pkari xalq o‘yini orqali elni, qardosh xalqlarni va umumiy qadriyatlarni birlashtirgan, ilm-ma’rifatga undaydigan ibratli tadbir sifatida ham yodda qoladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring