Yetti yoshli qizning umriga zomin bo‘lgan shaxsga hukm o‘qildi
Joriy yilning 14 oktyabr kuni Yangiqo‘rg‘on tumanida og‘ir jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.
Bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tuman sudida B. S.ga (1987 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanib, xavfli retsidivist deb topilgan) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq B. S. voyaga yetmagan I. K. (qiz bola, 2018 yilda tug‘ilgan)ga nisbatan Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi, 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi va 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 34-moddasi (retsidiv jinoyat) 3-qismi “a” bandiga asosan B. S. o‘ta xavfli retsidivist deb topildi.
B. S. tayinlangan jazo muddatining dastlabki 3 yilini turmada, jazoning qolgan muddatini maxsus tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Namangan viloyat sudining apellyasiya/kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi.
Ta’kidlash kerakki, ushbu shaxs muqaddam shunga o‘xshash jinoyatlar sabab ikki marta sudlangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter