Germaniya Ukrainaga uzoq masofali raketalar yetkazib berishga tayyor – Mers
Germaniya Ukraina qurolli kuchlarini uzoq masofadan zarba berish imkoniyatiga ega raketalar bilan ta’minlash borasida yangi bosqichga o‘tishi mumkin. Bu haqda Germaniya kansleri Fridrix Mers Berlinda Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Matbuot vakillarining savollariga javob bergan kansler uzoq masofali raketa tizimlari masalasida ochiq bayonot bergan, ammo Taurus raketalarini Ukrainaga berish haqidagi aniq savoldan qochgan.
«Biz Ukrain armiyasini tegishli uzoq masofali imkoniyatga ega tizimlar bilan ta’minlash uchun qo‘limizdan kelgan barchasini qilmoqdamiz. Agar zarur bo‘lsa, bu yaqin hafta yoki oylarda amalga oshishi mumkin. Hatto bunday tizimlarning o‘zini Ukrainada ishlab chiqarish rejalari ham yo‘q emas», – degan Mers.
Mersning bu bayonoti Germaniyaning Ukrainaga uzoq masofali qurollar masalasidagi pozitsiyasida jiddiy o‘zgarish qilishi mumkin.
Chunki uning sobiq hamkasbi Olaf Shols Taurus raketalarini Kiyevga berishni qat’iy rad etar va buni Germaniyaning Ukrainadagi urushga bevosita tortib ketilishi xavotiri bilan asoslar edi. U bunday turdagi raketalarning 500 km gacha yetadigan masofasi Rossiya hududiga zarba berish imkonini oshirishini, bu esa Berlin uchun xavfli ssenariy hisoblanishini aytgan.
Mers esa mamlakat siyosatida faolroq, qat’iyroq yondashuv namoyon qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya – na faqat yetkazib beruvchi, balki zarurat tug‘ilsa, Ukraina hududida qurol ishlab chiqarishni tashkillashtiruvchi ham bo‘lishi mumkin.
Anjumanda ishtirok etgan Shvetsiya bosh vaziri ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi. Shvetsiya NATOga qo‘shilganidan so‘ng, Ukraina masalasida yanada faol pozitsiyaga ega va Berlin bilan hamkorlikni kuchaytirishga tayyorligini bildirgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter