Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

ICE xodimi amerikalik ayolni otib o‘ldirdi. Yirik shaharlarda norozilik namoyishlari boshlandi

ICE xodimi amerikalik ayolni otib o‘ldirdi. Yirik shaharlarda norozilik namoyishlari boshlandi

Kecha, chorshanba kuni Donald Tramp ma’muriyati olib borayotgan immigratsiyaga qarshi reydlar doirasida Minneapolis shahrida Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) xodimi bir ayolni otib o‘ldirdi.

Internetda tarqalgan videolarda 37 yoshli ayol ofitserlar uning avtomobiliga yaqinlashib, eshikni ochib tushishni buyurgan paytda yo‘lni to‘sib turgani ko‘rinadi. Ayol oldinga yurganida, mashinaning oldida turgan boshqa bir ICE xodimi qurolini chiqarib, yaqin masofadan yo‘l tanlamas avtomobil tomon o‘q uzadi va ayol jarohatlanib vafot etadi.

Tramp hodisaga munosabat bildirib, ICE xodimi «o‘zini himoya qilish doirasida harakat qilganini» aytdi va halok bo‘lgan ayolni «provakatsiya qilgan»likda aybladi. Ammo bu fikrni Minneapolis meri Jeykob Frey rad etdi va ICE xodimlaridan shaharni tark etishni talab qildi. 

«Ular buni allaqachon o‘zini himoya qilish sifatida ko‘rsatishga urinishyapti. Videoni ko‘rgandan so‘ng ochiq aytaman – bu mutlaqo safsata. Ular Amerikani xavfsiz qilish uchun emas, balki beqarorlik va ishonchsizlik yaratish uchun harakat qilmoqda. Ular oilalarni parchalab yubormoqda», – dedi Frey matbuot anjumanida.

CNN telekanaliga bergan alohida intervyusida Frey ayol hech kimni urib ketishni maqsad qilmagani, balki qochishga uringani unga aniq bo‘lganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bu holat o‘limli kuch ishlatishga asos bo‘la olmaydi.

CNN bosh tahlilchisi Jon Miller esa halok bo‘lgan ayolning avtomobili g‘ildiraklari ofitserlardan chetga burilgan holatda bo‘lganini ta’kidlab, bu rasmiylarning versiyasiga zid ekanini aytdi.

NYT’ning yozishicha, ushbu hodisadan keyin Minneapolisda mingdan ortiq odam ishtirokida norozilik namoyishlari boshlangan. Bundan tashqari, Nyu-Yorkda taxminan 400 kishi ICE ofisi oldida norozilik bildirmoqda.

Minneapolis shahar kengashi ma’lumotiga ko‘ra, ICE xodimi otib o‘ldirgan ayol 37 yoshli Rene Nikol Gudbay bo‘lib, u olti yoshli bolaning onasi bo‘lgan.

«U ertalab qo‘shnilariga g‘amxo‘rlik qilayotgan edi, ammo bugun uning hayoti federal hukumat qo‘li bilan tortib olindi», – deya munosabat bildiradi shahar kengashi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring