Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ijtimoiy himoyadan ijtimoiy rivojlanishga: kambag‘allikni qisqartirishning o‘zbek tajribasi

Ijtimoiy himoyadan ijtimoiy rivojlanishga: kambag‘allikni qisqartirishning o‘zbek tajribasi

BMT ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 1 milliard 100 million aholi kambag‘allikda umr kechirmoqda. So‘nggi yillardagi dunyo geosiyosiy maydonida ro‘y berayotgan turli ziddiyat va keskinliklar vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Ayniqsa, kambag‘al hamda rivojlanayotgan davlatlar bu borada jiddiy sinovlarga duch kelmoqda. Mamlakat va xalqni bunday mushkul sinovlardan kam talafot xolda olib o‘ta bilish har bir davlat yetakchisidan yuksak zakiylik hamda qat’iy siyosiy iroda talab etadi.

Ta’kidlash muhimki, mamlakatimizning ijtimoiy davlat maqomi Konstitutsion norma bilan mustahkamlangani, so‘nggi yillarda aholini ijtimoy himoya qilish masalasi davlat siyosatida ustuvor maqsadga aylangani hamda bu yo‘lda olib borilayotgan tizimli islohotlar samarasida O‘zbekiston geosiyosiy maydondagi murakkab evrilishlarga qarshi mustahkam immunitetga ega bo‘lmoqda.

Yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida ijtimoiy adolat ta’minlangan, ehtiyojmand aholi samarali himoya qilingan jamiyat barpo etilayotgani xalqaro miqyosda e’tiroflarga sazovor bo‘lmoqda.

Jumladan, 2025 yilning 4 noyabr kuni Qatar poytaxti Dohada bo‘lib o‘tgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammitida O‘zbekiston tajribasi rivojlanayotgan davlatlarda kambag‘allikka qarshi kurashning samarali namunasi sifatida taqdim etildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu nufuzli tadbirdagi nutqida ijtimoiy adolatni ta’minlash borasida muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, rivojlanayotgan davlatlarning ijtimoiy dasturlariga resurslarni keng jalb etish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashishning yangi moliyaviy arxitekturasini yaratish taklifini bildirdi.

Sammitda Davlatimiz rahbari mamlakatimizda kambag‘allikka qarshi amalga oshirilayotgan islohotlar va uning samaralari haqida ham to‘xtalib, Ijtimoiy himoya milliy agentligi asosida – yagona tuzilma orqali birlashtirilgan ijtimoiy himoya dasturlari har bir xonadon va oilani qamrab olgani natijasida oxirgi yillarda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqargani va bu islohotlar davom ettirilishini ta’kidlagan edi.

Davlatimiz rahbari tomonidan Qatardagi Butunjahon sammitida bildirilgan maqsadlar Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bu galgi Murojaatnomasida ham o‘zining amaliy ifodasi topdi.

Mamlakatning sifat jihatidan yangi rivojlanish bosqichiga o‘tishini qayd etuvchi strategik hujjat sifatida e’tirof etilayotgan mazkur Murojaatnomada barcha yo‘nalishlarda erishilishi zarur bo‘lgan maqsadlar va bu borada amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab berilgan.

Murojaatnomada O‘zbekiston ongli ravishda ehtiyotkorona, ammo strategik jihatdan manfaatli yo‘nalishni tanlab olgani alohida qayd etilgan. Unda aks etgan barcha maqsadlar tizimli tahlillar natijasida aniqlangan, puxta o‘rganilgan masala va muammolarni to‘liq qamrab olgan.

E’tiborli tomoni, ushbu strategik dasturda bandlik, daromad, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, ta’lim va sog‘liqni saqlash, adolat va davlat boshqaruvi samaradorligiga asosiy e’tibor qaratilgan.

Xususan, yurtimizda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushgani, kredit, subsidiya, kompensatsiya kabi 100 dan ziyod xizmatlar orqali ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yilgani va bularni mahalladagi “yettilik”ning o‘ziga berilgani natijasida 8,5 milliondan ziyod odam kambag‘allikdan chiqib, ishsizlik
2 karra qisqargani e’tirof etildi.

Shuningdek, Murojaatnomada 2026 yilda 1 million odamni doimiy ish bilan ta’minlab, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5 foizga tushirish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 3,5 mingtaga yetkazish strategik maqsad sifatida ko‘rsatilgan.

Bu esa, shubhasiz, kambag‘allikka qarshi kurashni davlat strategiyasining istiqboldagi asosiy yo‘nalishiga aylanishini, bu borada aholi daromadlarini oshirish, yangi ish o‘rinlari ochish, ijtimoiy himoyaga oid dasturlar va islohotlarning tizimli davom ettirilishini anglatadi.

Ta’kidlash mumkinki, aholining barqaror ish va daromad manbaiga ega bo‘lishi mamlakatdagi ijtimoiy farovonlikni ta’minlashning asosiy omili hisoblanadi. Shu ma’noda, Murojaatnomada kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish masalalari qayd etilgani aynan ushbu maqsadlarga erishishni nazarda tutuvchi vazifalar hisoblanadi.

Bu borada tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosati davom ettirilib, 2026 yilda asosiy soliq stavkalarini o‘zgarishsiz qoldirilishi; tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalariga 10 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilishi; kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so‘m resurs berilishi qayd etilgan.

2026 yilda “mahallada sanoat va xizmat” loyihasi orqali 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish maqsadida 5 trillion so‘m kredit berilishi va kredit foizining milliy valyutada 10 foizgacha, xorijiy valyutada 4 foizgacha bo‘lgan qismi Tadbirkorlik kompaniyasidan qoplab berilishi belgilandi.

Murojaatnomada bu maqsadlar uchun davlat budjetidan 400 milliard so‘m yo‘naltirish orqali mahallalarda 100 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi qayd etilgan.

Umuman olganda, Prezidentimiz bu galgi Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish masalasi umummilliy harakatga aylandi.

Ayniqsa, Prezidentimizning 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilish taklifi ijtimoiy himoya yo‘nalishidagi islohotlarning yurt taraqqiyoti bilan hamnafas holda, har bir mahallada manzilli shaklda amalga oshishidan dalolat beradi. Murojaatnomada ta’kidlanganidek, mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi.

Abdumutallib O‘KTAMOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi eksperti

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring