Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Maduro Rossiyadan harbiy yordam so‘radi. AQSh esa Venesuelaga qarshi kuch to‘playapti

Maduro Rossiyadan harbiy yordam so‘radi. AQSh esa Venesuelaga qarshi kuch to‘playapti

Foto: RIA Novosti

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Rossiya rahbari Vladimir Putinga havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash va bir necha Su-30 harbiy samolyotlarini ta’mirlash bo‘yicha yordam so‘rab murojaat qilgan. Bu haqda The Washington Post nashri AQSh hukumatining ichki hujjatlariga tayanib xabar berdi.

Maduroning so‘zlariga ko‘ra, Venesueladagi Su-30 samolyotlari mamlakat xavfsizligi uchun «eng muhim tiyib turish vositasi» hisoblanadi. Uning Putinga yo‘llagan xatida, shuningdek, beshta radiolokatsiya stansiyasini modernizatsiya qilish, 14 ta raketa tizimini sotib olish va logistika sohasida yordam ko‘rsatish so‘ralgan. Shu bilan birga, u Rossiyaning «Rostex» korporatsiyasidan uch yillik moliyaviy qo‘llab-quvvatlash talab qilgan. Kreml bu murojaat haqida izoh berishdan bosh tortdi.

Venesuela hali Hugo Chaves davridayoq (1999–2013) Rossiyadan katta miqdorda qurol xarid qilgandi. Ammo WP manbalariga ko‘ra, bu qurollardan ko‘pi hozirda ishlamaydi yoki eskirgan. Bir sobiq venesuela harbiy mansabdori 2018-yilga kelib mamlakatda faqat beshta jangga tayyor Su-30 qolganini aytgan.

Maduro, shuningdek, harbiy yordam so‘rab Xitoy va Eronga ham murojaat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatlar Venesuelaga AQSh bilan kuchayib borayotgan qarama-qarshilik sharoitida yordam berishi kerak. Xususan, Xitoydan radiolokatsiya tizimlarini tezroq ishlab chiqarish so‘ralgan.

AQSh hukumat hujjatlariga ko‘ra, Erondan harbiy dronlar va GPS to‘siq qurilmalari yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar ham olib borilmoqda.

Vashington so‘nggi oylarda Venesuela yaqinidagi Karib dengizida harbiy faolligini kuchaytirdi. The Wall Street Journal yozishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Venesueladagi narkotiklar bilan bog‘liq harbiy ob’yektlarga zarbalar berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu ob’yektlar orasida harbiy portlar va aerodromlar ham bor.

The Miami Herald ma’lumoticha, hujumlar yaqin soatlar yoki kunlarda amalga oshirilishi mumkin. Biroq Trampning o‘zi bu xabarni rad etib, jurnalistlarga: «Yo‘q, bu noto‘g‘ri. Biz hech qanday zarba rejalashtirmayapmiz», – degan.

Rossiya hanuz Maduroning asosiy tayanchi bo‘lib qolmoqda. Ammo tahlilchilar fikricha, Ukrainadagi urush va Lotin Amerikasidagi yangi siyosiy yo‘nalishlar tufayli Moskva avvalgidek faol qo‘llab-quvvatlashga qiziqmayapti.

26-oktyabr kuni Karakasga sanksiyalar ostidagi Il-76 harbiy samolyoti kelib qo‘ngani xabar qilindi, ammo u nimani olib kelgani ochiqlanmagan. Bir kun oldin esa Rossiya va Venesuela yangi strategik hamkorlik shartnomasini ratifikatsiya qilgan edi.

The Washington Post ta’kidlashicha, Vashington va Karakas o‘rtasidagi keskinlik Rossiya uchun ma’lum darajada foydali bo‘lishi mumkin, chunki bu AQShning diqqatini Yevropadan chalg‘itadi. Ammo ayrim ekspertlar Rossiya Maduroni harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlay olish ehtimolini past, deb hisoblaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring