«Melissa» chekindi: u o‘zidan qurbonlar va vayronalar qoldirdi
Dunyoda kuzatilgan eng kuchli to‘fonlardan biri sanalgan «Melissa» Karib dengizi hududining shimoliy qismida joylashgan Yamayka, Kuba va Gaiti orollarida o‘zidan katta vayronalar qoldirdi.
Gaitida kamida 30 kishi halok bo‘lgan, 20 nafari bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Yamayka rasmiylari kamida 19 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi va qutqaruv ishlari davom etar ekan, qurbonlar soni ortishi kutilmoqda.
Payshanba kuni xalqaro aeroport qayta ish boshlagandan so‘ng Yamaykaga 12 ta gumanitar yordam samolyoti yetib keldi – ular bilan ichimlik suvi va dori-darmon yetkazildi.
Oziq-ovqat mahsulotlari esa yo‘llar va infratuzilmaning vayron bo‘lganligi sababli vertolyotlar orqali qiyin yetib boriladigan hududlarga havodan tashlanmoqda. Hukumat yo‘llarni tezda tozalash va jabrlangan odamlarga yordam yetkazish ishlarini tashkillashtirmoqda. Qutqaruv ishlariga maxsus o‘qitilgan itlar ham jalb etilgan. AQSh ham yo‘llarni tozalash va insonlarni evakuatsiya qilishda yordam ko‘rsatmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda 13 mingdan ortiq kishi evakuatsiya markazlarida yashamoqda, hududning 72 foizi elektrsiz, aloqa ham juda yomon holda.
Kubada ham to‘fonning ta’siri sezilarli bo‘ldi, ammo odamlar asta-sekin uylariga qayta boshlashdi. To‘fon oldidan 735 ming kishi evakuatsiya qilingan edi.
Harbiylar izolyasiyada qolgan aholiga yordam bermoqda. Og‘ir texnika bilan yo‘llarni tozalash ishlari boshlangan.
Rasmiylarning ma’lum qilishicha, Santyago, Granma, Olgin, Guantanamo va Las-Tunas provinsiyalari eng ko‘p jabr ko‘rgan. El-Kobre shahri (7 ming aholi) eng ko‘p vayrona bo‘lgan joylardan biri. Ko‘plab uylar yashash uchun yaroqsiz, shuningdek, shaharning mashhur bazilikasi ham zarar ko‘rgan. Kubada to‘fon oqibatida halok bo‘lganlar haqida ma’lumot yo‘q.
Gaitida esa «Melissa» olib kelgan sel va suv toshqinlari natijasida o‘nlab odam halok bo‘ldi. 15 ming kishi evakuatsiya markazlariga joylashtirilgan. Kamida 160 ta uy shikastlangan, 80 ta uy butunlay vayron bo‘lgan.
«Bu mamlakat uchun qayg‘uli damlar», – dedi Gaiti prezidentlik Kengashi raisi Loran Sen-Sir va qutqaruv ishlari davom etishi bilan qurbonlar soni ortishi mumkinligini ta’kidladi.
Karib dengizi hududida shakllangan «Melissa» bu yil dunyodagi eng kuchli to‘fonga aylandi. Uning shamol tezligi soatiga 298 kilometrga yetgan, bu ko‘rsatkich 2005-yilda Yangi Orleanni vayron qilgan «Katrina» to‘fonidan ham kuchliroq bo‘lgan. O‘shanda «Katrina» 1 392 kishining umriga zomin bo‘lgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter