Saida Mirziyoyeva Toshkent havosidagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Administratsiya hamda tegishli idoralar rahbariyati ishtirokida Toshkent shaxridagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
So‘nggi kunlarda kuzatilayotgan havo ifloslanishi darajasi jiddiy tashvish uyg‘otayotgani, poytaxt aholisini haqli ravishda xavotirga solayotgani va bu holat tezkor hamda muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab etayotgani ta’kidlandi.
Administratsiya rahbari mas’ullarning atmosfera havosining hozirgi holati, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar, jamoatchilikning taklif va tashabbuslari haqidagi hisobotlarini tingladi. Mavjud vaziyatga ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillar, odamlar salomatligi va ekologiyaga salbiy ta’sirni kamaytirish yo‘llari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda belgilangan me’yorlar buzilgan hollarda havoni ifloslantirayotgan ishlab chiqarishlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish zarurligi alohida ta’kidlandi. Odamlar salomatligi haqida so‘z ketganda, murosa uchun o‘rin yo‘qligi, bu tamoyil davlat hamda biznes uchun bir xil darajada amal qilishi shartligi qayd etildi.
Saida Shavkatovna shu kunlarda tezkor tartibda ishlab chiqilgan ekspert xulosalariga tayanib, yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan, tezkor choralardan tortib, kelgusida bunday holatlarning takrorlanishini oldini olishga qaratilgan tizimli yechimlarni o‘z ichiga olgan kompleks takliflarni ilgari surdi.
Xususan, Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan ekologik nazoratni kuchaytirish, ifloslantiruvchi ob’yektlar faoliyatini cheklash, qurilishga qo‘yiladigan talablarni qat’iylashtirish, shaharni keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtirish va havo sifatini nazorat qilishning zamonaviy tizimini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab berildi.
Ushbu chora-tadbirlar yaqin vaqt ichida davlat rahbariga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter