Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

So‘rovnomada qatnashgan ota-onalarning 70 foizdan ortig‘i maktab avtobusi tashkil etishni qo‘llab-quvvatlagan

So‘rovnomada qatnashgan ota-onalarning 70 foizdan ortig‘i maktab avtobusi tashkil etishni qo‘llab-quvvatlagan

Foto: Spectrum News

Toshkent maktablarida o‘quvchilarning xavfsiz va qulay qatnovini ta’minlash maqsadida School Bus — maktab avtobuslari tizimini joriy etish bo‘yicha amaliy o‘rganish ishlari boshlandi.

Buning uchun ota-onalarning ehtiyoji, o‘quvchilarning maktabga qanday qatnashi va kelgusida avtobus yo‘nalishlarini shakllantirish uchun zarur ma’lumotlar o‘rganilmoqda.

Hozirga qadar Toshkent shahridagi o‘quvchilar soni ko‘p bo‘lgan va dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra School Bus tizimiga talab yuqori deb baholangan 29 ta maktabda so‘rovnoma o‘tkazildi. Unda 58 369 nafar o‘quvchining oila a’zolari yoki vasiylari ishtirok etdi.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, o‘quvchilarning 38,5 foizi maktabga piyoda keladi. 33,1 foizi ota-onasiga tegishli shaxsiy avtomobilda, 18,3 foizi avtobusda, 5,7 foizi taksida, 3,5 foizi metro orqali qatnaydi. 0,9 foizi esa mikromobil vositalardan foydalanadi.

Ishtirokchilarning 73,5 foizi maktablar uchun maxsus avtobus qatnovlarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlagan.

Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich poytaxtda School Bus tizimiga ehtiyoj yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

So‘rovnoma Toshkentdagi qolgan maktablarda ham bosqichma-bosqich davom ettiriladi. Yakuniy natijalar asosida o‘quvchilar oqimi, avtobus yo‘nalishlari, zarur transport vositalari soni, harakat jadvali, xavfsiz tushirish va olib ketish nuqtalari hamda boshqa tashkiliy masalalar o‘rganiladi.

Shundan so‘ng School Bus tizimini joriy etishning amaliy imkoniyatlari ishlab chiqilib, uni tegishli tashkilotlar bilan kelishgan holda bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring