Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Geosiyosiy manfaatlar va qadriyatlar to‘qnashuvi: Eron atrofidagi siyosiy realizm

Geosiyosiy manfaatlar va qadriyatlar to‘qnashuvi: Eron atrofidagi siyosiy realizm

Global miqyosda geosiyosiy keskinlik kuchaygan, xalqaro munosabatlar tizimi jiddiy sinovlarni o‘z boshidan kechirayotgan davrda Eron va uning atofida sodir bo‘layotgan voqealar xalqaro huquq tizimi bugungi kunda jiddiy inqirozga yuz tutganligini yana bir bor namoyish etmoqda.

Sanksiyalar siyosatining kuchayishi va tashqi iqtisodiy cheklovlarning chuqurlashuvi natijasida Eron milliy valyutasi qadrsizlana boshladi. Valyuta kursining beqarorligi, inflyasiyaning oshishi va import narxlarining ko‘tarilishi avvalo savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchi qatlam manfaatlariga jiddiy zarba berdi. Natijada Tehron markazidagi yirik bozorlar savdogarlari tomonidan iqtisodiy talablarga asoslangan norozilik namoyishlari boshlandi.

Dastlab valyuta barqarorligini ta’minlash, narx-navoni nazorat qilish va hukumatdan aniq iqtisodiy choralar ko‘rishni talab qilgan ushbu chiqishlar qisqa vaqt ichida ijtimoiy-siyosiy tus ola boshladi.

Iqtisodiy qiyinchiliklar aholining keng qatlamlariga ta’sir ko‘rsatgani sayin namoyishlar hududiy jihatdan kengaydi va butun mamlakat bo‘ylab siyosiy shiorlar, tizimli islohotlar hamda boshqaruv samaradorligi masalalarini ko‘targan ommaviy chiqishlarga aylandi. Ayrim hududlarda tartibsizliklar va xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlar kuzatildi. Shu tariqa, dastlab iqtisodiy mazmunga ega bo‘lgan norozilik harakati sanksiyalar oqibatida yuzaga kelgan ijtimoiy bosim, siyosiy norozilik va institutsional islohotlarga bo‘lgan talablar bilan uyg‘unlashib, keng ko‘lamli ichki siyosiy inqiroz elementlarini namoyon eta boshladi.

Mazkur jarayon sanksiyalar siyosatining nafaqat makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga, balki ichki ijtimoiy barqarorlik va siyosiy legitimlik masalalariga ham bevosita ta’sir ko‘rsatishini yaqqol namoyish etdi.

Jumladan, 9 yanvar kuni namoyishlar keskin tus olib, Tehrondagi Abuzar masjidi yoqib yuborildi. Mazkur hodisa norozilik harakatining faqat iqtisodiy talablar bilan cheklanib qolmay, diniy va siyosiy ramzlarga ham yo‘naltirilganini ko‘rsatdi. Ayrim hududlarda ma’muriy binolar, banklar va davlat muassasalari ham hujumga uchradi, bu esa vaziyatning nazoratdan chiqish xavfini yanada kuchaytirdi.

Aksariyat xalqaro ommaviy axborot vositalarida Eronda kechayotgan jarayonlar “mullalar rejimiga qarshi xalq inqilobi” sifatida talqin qilindi. Tashqi axborot makonida voqealarga ideologik va geosiyosiy prizma orqali yondashuv kuchayib, namoyishlar mamlakatdagi siyosiy tuzumning legitimligiga qarshi ommaviy harakat sifatida baholandi. Biroq rasmiy Tehron mazkur voqealarni tashqi kuchlar tomonidan rag‘batlantirilgan tartibsizliklar sifatida ko‘rsatdi hamda ularni milliy xavfsizlikka tahdid deb e’lon qildi.

Hukumat qisqa muddat ichida qat’iy repressiv choralarni ishga soldi: ommaviy hibsga olishlar amalga oshirildi, xavfsizlik kuchlari safarbar qilindi, ayrim hududlarda internet va ijtimoiy tarmoqlarga kirish keskin cheklab qo‘yildi. Axborot oqimini nazorat qilish orqali namoyishlarning koordinatsiyasi va kengayishining oldini olishga harakat qilindi. Natijada yanvar oyining o‘rtalariga kelib namoyishlar bosqichma-bosqich bostirildi va mamlakat ichidagi vaziyat nisbatan barqarorlashdi.

Shu bilan birga, mazkur voqealar sanksiyalar fonida kuchaygan iqtisodiy bosimning ijtimoiy norozilikka, ijtimoiy norozilikning esa tezkor ravishda siyosiy talablarga aylanish mexanizmini namoyon etdi. Bu jarayon davlat xavfsizligi, axborot siyosati va siyosiy legitimlik masalalarini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.

Eron rasmiylari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur tartibsizliklar davomida jami 3 117 kishi halok bo‘lgan, bulardan 2 427 kishi - tinch aholi va kuch ishlatar tizim xodimlardan iborat “begunohlar” va qolgan 690 kishi “terroristlar” va “qo‘zg‘olonchilar”dir.

G‘arb ommaviy axborot vositalari turli manbalardan olingan ma’lumotlarga tayanib, namoyishlar davomida 30 mingga yaqin kishi halok bo‘lganligini ma’lum qilmoqda.

Eronda sodir bo‘lgan fojiali voqealarning bugungi kunda ikki hil talqini mavjud.

  1. Rasmiy Tehron norozilik namoyishlarini mamlakatdagi amaldagi ijtimoiy-siyosiy tuzumni izdan chiqarish va davlat boshqaruv tizimini ag‘darishga qaratilgan, xorijdan moliyaviy va tashkiliy ko‘mak olayotgan jinoyatchi hamda terroristik guruhlarning navbatdagi urinishlari sifatida talqin qilmoqda. Hukumat bayonotlarida ushbu jarayonlar “gibrid urush” elementlari, axborot-psixologik bosim va tashqi kuchlar tomonidan qo‘zg‘atilgan beqarorlashtirish ssenariysi bilan izohlanadi. Rasmiy doiralar namoyishlar ortida mamlakatni ichkaridan zaiflashtirish va xalqaro bosimni kuchaytirish maqsadi turganini ta’kidlamoqda.

Shu bilan birga, hukumat vakillari namoyishlarga turtki bo‘lgan iqtisodiy muammolar — inflyasiya, ishsizlik, valyuta qadrsizlanishi va ijtimoiy tengsizlik masalalarini inkor etmay, ularni xalq bilan muloqot va bosqichma-bosqich islohotlar orqali hal etish zarurligini e’tirof etmoqda. Bu yondashuv ijtimoiy keskinlikni yumshatish va davlat legitimligini mustahkamlashga qaratilgan siyosiy signal sifatida ko‘rilmoqda.

Tartibsizliklarni bostirish jarayonida qo‘llanilgan qat’iy choralar — ommaviy hibsga olishlar, axborot maydonini cheklash, xavfsizlik kuchlarini safarbar etish — mamlakatdagi konstitutsiyaviy tuzumni, hududiy yaxlitlikni va milliy xavfsizlikni himoya qilish zarurati bilan asoslanmoqda. Rasmiy bayonotlarda davlatning asosiy vazifasi ichki barqarorlikni saqlash va tashqi aralashuvlarning oldini olish ekani qayd etiladi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi esa G‘arb davlatlarini mamlakat ichki ishlariga bevosita aralashishda ayblamoqda. Xususan, Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining ta’kidlashicha: “Bizda AQSh va Isroilning Eronda so‘nggi kunlardagi terrorchilik harakatlariga aloqadorligi haqida ko‘plab hujjatlar va dalillar mavjud”.

Mazkur bayonotlar xalqaro miqyosda keskin munozaralarga sabab bo‘lib, Tehron va G‘arb o‘rtasidagi diplomatik ziddiyatni yanada chuqurlashtirdi.

Umuman olganda, rasmiy pozitsiya voqealarni ichki norozilikdan ko‘ra tashqi omillar bilan bog‘lashga intilsa-da, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni tan olish orqali ichki barqarorlikni tiklash hamda siyosiy tizimning uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan ikki yo‘nalishli strategiya kuzatilmoqda.

  1. O‘z navbatida, G‘arb davlatlari hamda inson huquqlarini himoya qiluvchi qator xalqaro tashkilotlar Eron hukumatini norozilik namoyishlarini shafqatsizlarcha bostirishda ayblamoqda. Ularning bayonotlarida tinch namoyishchilarga nisbatan o‘qotar qurollar qo‘llangani, ommaviy hibsga olishlar va qiynoqlar sodir etilgani, shuningdek, voqealar ko‘lamini yashirish maqsadida internet va ijtimoiy tarmoqlarga kirish ataylab cheklangani ta’kidlanadi. Ayrim xalqaro huquqshunoslar bu holatlarni fuqarolik va siyosiy huquqlarning qo‘pol buzilishi, deb baholab, mustaqil xalqaro tekshiruv o‘tkazish zarurligini ilgari surmoqdalar.

AQSh hukumati ommaviy tartibsizliklar avjiga chiqqan pallada namoyishchilarni “o‘z huquqlari uchun kurashishda davom etishga” da’vat etar ekan, bir vaqtning o‘zida Eron rahbariyatini “keskin javob choralari” bilan ogohlantirdi. Bu bayonotlar Tehron tomonidan bevosita ichki ishlariga aralashuv va siyosiy bosim sifatida qabul qilindi. Natijada ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik ritorika yanada keskinlashdi.

Fevral oyining boshlariga kelib, AQSh Fors ko‘rfazi hududida USS Abraham Lincoln aviatashuvchi kemasi boshchiligidagi sezilarli dengiz va havo kuchlarini jamladi. Ushbu harbiy-siyosiy signal mintaqada kuchlar muvozanati masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi hamda ehtimoliy harbiy ssenariylar haqida xavotirlarni kuchaytirdi. Tehron esa bunga javoban o‘zining mudofaa salohiyatini namoyish etish va mintaqadagi ittifoqchilari bilan hamkorlikni kuchaytirish orqali javob qaytarishini bildirdi.

Fikrimizcha, davom etayotgan mazkur qarama-qarshilik markazida zamonaviy xalqaro siyosatda dolzarb bo‘lib kelayotgan muhim savol — Eron atrofidagi vaziyatni baholashda qaysi huquqiy va siyosiy doktrina ustuvor bo‘lishi kerakligi masalasi yotadi. Bu yerda davlat suvereniteti va ichki ishlariga aralashmaslik tamoyili bilan inson huquqlarini himoya qilish va “xalqaro hamjamiyatning mas’uliyati” konsepsiyasi o‘rtasidagi ziddiyat yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Shu tariqa, Eron atrofidagi jarayonlar nafaqat mintaqaviy xavfsizlik muammosi, balki global boshqaruv tamoyillari, ikki tomonlama standartlar va xalqaro huquqning amaliy qo‘llanilishi yuzasidan davom etayotgan fundamental bahslarning ham yorqin ko‘rinishidir.
Vaziyatni quyidagicha talqin qilish mumkin:

  1. BMT Nizomi, xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra, har bir davlat o‘z taqdirini o‘zi belgilash va o‘z siyosiy tizimini tanlash huquqiga ega.

Eronda shoh tuzumi ag‘darilgandan so‘ng 1979 yil mart oyida o‘tkazilgan umumxalq referendumida 98,2 foiz mamlakat aholisi Islom Respublikasi tashkil etilishini qo‘llab quvvatladi.

Natijada Eronda xalq irodasi va teokratik nazorat tamoyillarini o‘zida mujassam etgan, «islom demokratiyasi» deb talqin qilinuvchi noyob va murakkab tizim vujudga keldi.

Eronda boshqaruvning respublika shakli o‘rnatilgan bo‘lib ijroiya va qonun chiqaruvchi hokimiyat xalqning irodasiga bog‘langan. Muhim qarorlarni ruhoniylar kengashi tomonidan saylanadigan oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xominaiy qabul qiladi.

Eron o‘ziga qarshi har qanday harbiy zarbalar berilishi, hududiy suverenitetini kuch ishlatish yo‘li bilan buzilishi, muholifat kuchlarni qo‘llab quvvatlash va mavjud ijtimoiy-siyosiy tuzumni ag‘darishga bo‘lgan urinishlarni mamlakat ichki ishlariga qo‘pol tarzda aralashish deb baholaydi.

Rasmiy Tehron hech qaysi davlatga hujum qilish niyatida emasligini, mudofaa maqsadlarida o‘z qurolli kuchlari va raketa texnologiyalarini rivojlantirish huquqiga ega ekanligini doimo ta’kidlab keladi. Unga nisbatan qo‘llanilayotgan sanksiyalarni esa halqaro huquq me’yorlariga zid ravishda mavjud siyosiy tuzumni ag‘darishga qaratilgan «iqtisodiy terrorizm» deb baholaydi.

  1. G‘arb davlatlari (AQSh, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya) Erondagi mavjud hokimiyatning legitimligiga doimo shubha bilan qarab keladilar, muxolifat kuchlarini qatag‘on qilishda, inson huquqlarini buzishda ayblaydilar.

Bunda «suverenitet hech bir davlatga o‘z fuqarolarini ommaviy qatl qilish huquqini bermasligi, insoniyatga qarshi jinoyat aralashmaslik tamoyilidan ustun turishi» ta’kidlanadi.

Rasmiy Tehronga nisbatan bildirilib kelinayotgan asosiy da’volardan yana biri Eron tomonidan imzolangan Yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga hilof ravishda yadroviy dasturni davom ettirilishi hamda Yaqin Sharqda o‘ziga moyil bo‘lgan kuch va harakatlarning (Hamas, Hizbulloh, Yaman husiylari) qo‘llab-quvvatlanishidir.

Fikrimizcha, xalqaro huquq tizimidagi bunday nomutanosiblikning zamirida AQSh va Eron o‘rtasida 1979 yil Islom inqilobi natijasida yuzaga kelgan murosasiz qarama-qarshilik yotadi.

Birinchidan, Erondagi yangi hokimiyat Oq uydan mamlakatda panoh topgan sobiq shoh Muhammad Rizo Pahlaviyni ekstraditsiya qilinishini talab qildi va talabalar tomonidan Tehrondagi AQSh elchixonasi bosib olinishini rag‘barlantirdi. Natijada Vashington Eron bilan diplomatik aloqalarni butkul uzdi va unga nisbatan konfrontatsion siyosatni boshladi.

Ikkinchidan, Eron AQShning eng yaqin strategik hamkori Isroilni davlat sifatida tan olmaydi, O‘rta yer dengizidan Iordan daryosigacha bo‘lgan hududlarni Falastin davlati deb xisoblaydi.

O‘ziga xayrixoh kuchlar orqali Isroilga qarshi frontni shakllantirishda faol sanaladi.

Uchinchidan, Eron va AQShning Fors ko‘rfazidagi qarama-qarshiligi bevosita energiya resurulari bilan bog‘liq. Vashington Eronga nisbatan sanksiyalar va mintaqada harbiy bosim orqali neft yetkazib berish hajmi va narxlarini nazorat qiladi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Eron va Isroil tomonidan yadroviy qurolga ega bo‘lish masalasi xalqaro munosabatlarda ikki tomonlama standartlar qo‘llanilishining yorqin misolidir.

Eron Yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani imzolash orqali yadroviy qurol ishlab chiqarmaslik majburiyatini oldi va buning evaziga MAGATE nazorati ostida tinch maqsadlarda foydalanish uchun atom energiyasini ishlab chiqarish huquqiga ega bo‘ldi. Shu sababli Eron tomonidan uranni boyitish va yadroviy qurol yaratishga qaratilgan har qanday harakatlar xalqaro shartnomani buzish hisoblanadi.

Isroil Yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilmagan va yadroviy dastur bo‘yicha o‘ziga hech qanday majburiyatlarni olmagan. Ekspertlarning fikricha, 2026 yil boshiga kelib Isroilda 80 dan 400 tagacha jangovar kallakdan iborat yadroviy arsenal mavjud.

Paradoksal ravishda bir davlat o‘zining yadroviy qalqoniga ega bo‘la turib, jahon hamjamiyati oldida javobgar emas. O‘zining yadroviy dasturini rivojlantirayotgan ikkinchi davlat esa uzoq yillar davomida sanksiyalar ta’sirida qolib ketmoqda.

Umuman olganda, Eron va uning atrofida bugungi kunda sodir bo‘layotgan voqealar tahlili asosida, quyidagi xulosalarga kelish mumkin:

  1. Eronda joriy yil boshida kuzatilgan norozilik harakatlari o‘zining ko‘lami, geografik qamrovi va ijtimoiy tarkibi bilan avvalgi chiqishlardan sezilarli darajada farq qildi. Agar oldingi to‘lqinlar asosan Tehron hamda yirik sanoat markazlari bilan cheklangan bo‘lsa, bu galgi namoyishlar mamlakatning deyarli barcha viloyatlarida kuzatilib, markaz–periferiya tafovutini birmuncha bartaraf etgan holda umumrespublika miqyosidagi siyosiy mobilizatsiyaga aylandi. Bu esa norozilikning lokal emas, balki tizimli xarakter kasb etganini ko‘rsatdi.

Namoyishlar jarayonida zo‘ravonlik elementlarining uchrashi, ma’muriy binolar va xavfsizlik infratuzilmasiga hujumlar qayd etilgani ijtimoiy norozilikning radikallashuv bosqichiga o‘tganini anglatadi. Siyosiy terminologiyada bunday holat “eskalatsiya dinamikasi” va “norozilik harakatining sek’yuritizatsiyasi” (ya’ni davlat tomonidan xavfsizlik tahdidi sifatida talqin qilinishi) bilan izohlanadi. Natijada hukumat namoyishlarni oddiy ijtimoiy talab emas, balki milliy xavfsizlikka tahdid sifatida baholab, favqulodda choralarni ishga soldi.

Shu bilan birga, muxolifat kuchlarining institutsional zaifligi, yagona siyosiy platforma va strategik yo‘l xaritasining mavjud emasligi namoyishlarning siyosiy transformatsiyaga aylanish imkoniyatini chekladi. Liderlik vakuumi, tashkiliy fragmentatsiya va dasturiy birlashuvning yo‘qligi norozilik energiyasining konsolidatsiyalashgan siyosiy kuchga aylanishiga to‘sqinlik qildi. Bu esa hukumatga “repressiv barqarorlashtirish” modeli orqali qisqa muddat ichida vaziyatni nazorat ostiga olish imkonini berdi.

Umuman olganda, mazkur voqealar Eron siyosiy tizimida ijtimoiy norozilikning institutsionallashmagan shaklda namoyon bo‘lishi, biroq muxolifatning tizimli alternativ taklif eta olmasligi sharoitida hukumatning kuch ishlatishga asoslangan boshqaruv mexanizmlari ustun kelishini ko‘rsatdi.

  1. Konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish maqsadida davlatning ichki siyosatda kuch ishlatish vakolatlari masalasi Eron voqealari fonida siyosatshunoslar, xalqaro huquqshunoslar va xavfsizlik bo‘yicha ekspertlar o‘rtasida qizg‘in munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bu yerda asosiy masala — davlat suvereniteti va “legitim zo‘ravonlik monopoli” (M. Veber konsepsiyasi) doirasida qo‘llaniladigan kuchning chegaralari hamda uning huquqiy asoslari bilan bog‘liqdir. Ya’ni, davlat ichki beqarorlik sharoitida qaysi bosqichda va qaysi intensivlikda kuch ishlatishi mumkin?

Xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra, har bir suveren davlat jamoat tartibini saqlash, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish va davlat to‘ntarishiga urinishlarning oldini olish maqsadida kuch ishlatish huquqiga ega. Biroq bu huquq “zaruriyat” (necessity) va “mutanosiblik” (pproportionality) tamoyillari bilan cheklanadi. Kuch qo‘llash faqat tartibni tiklash uchun zarur bo‘lgan minimal darajada va inson huquqlarining asosiy standartlariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim. Aks holda, davlatning xavfsizlik siyosati repressiv boshqaruv modeliga aylanishi xavfi tug‘iladi.

Qiyosiy tahlil nuqtai nazaridan, 2021 yil 6 yanvarda AQShda United States Capitol binosini egallashga uringan namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatilishi milliy xavfsizlik va konstitutsiyaviy tizimni himoya qilish zarurati bilan asoslanib, legitim choralar sifatida talqin qilindi. Ushbu hodisa “institutsional suverenitetni himoya qilish” doirasida baholandi.

Biroq Eron voqealarida xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘llanilgan choralar G‘arb siyosiy diskursida ko‘proq “inson huquqlarining buzilishi”, “haddan tashqari kuch ishlatish” va “repressiv siyosat” sifatida talqin qilinmoqda. Bu esa xalqaro munosabatlarda normativ yondashuvning selektiv qo‘llanilishi masalasini kun tartibiga olib chiqadi. Ya’ni, bir xil tipdagi siyosiy hodisalarga turli geosiyosiy kontekstga qarab turlicha baho berilishi kuzatilmoqda.

Mazkur holat xalqaro tizimda “ikki tomonlama standartlar” fenomenining amaliy ko‘rinishi sifatida talqin qilinishi mumkin. Normativ qadriyatlar — demokratiya, inson huquqlari, qonun ustuvorligi — universal tamoyillar sifatida ilgari surilsa-da, ularning qo‘llanilishi ko‘pincha geosiyosiy manfaatlar, strategik ittifoqlar va kuchlar muvozanati bilan uyg‘un holda talqin qilinadi. Shu ma’noda, Eron atrofidagi bahslar nafaqat ichki siyosiy jarayonlar, balki zamonaviy xalqaro tartibning normativ va realpolitik o‘rtasidagi murakkab ziddiyatini ham aks ettiradi.

  1. AQSh hukumati namoyishchilarni siyosiy va axborot jihatdan qo‘llab-quvvatlaganiga qaramay, Eronga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy intervensiya boshlashga shu kungacha jur’at etmadi. Bu holat Vashingtonning strategik hisob-kitoblari, ichki siyosiy kon’yunktura va mintaqaviy xavfsizlik muvozanati bilan bog‘liq bir qator omillar bilan izohlanadi:

- “Rally around the flag” effekti (bayroq atrofida jipslashuv fenomeni).

Tashqi tajovuz sharoitida aholining keng qatlamlari ichki siyosiy kelishmovchiliklarni vaqtincha chetga surib, hukumat atrofida konsolidatsiyalashishi ehtimoli yuqori. AQShning harbiy hujumi Eron ichidagi siyosiy kuchlar nisbatini hukumat foydasiga o‘zgartirib, norozilik harakatining legitimligini susaytirishi va milliy safarbarlik (mobilizatsiya) jarayonini kuchaytirishi mumkin edi.

- Muxolifatning institutsional va tashkiliy fragmentatsiyasi.

Namoyishlar yagona siyosiy markaz tomonidan boshqarilmagani, muvofiqlashtirilgan strategik platforma va “o‘tish davri hukumati” (transitional authority) shakllanmagani rasmiy Vashingtonga manzilli harbiy yoki harbiy-texnik yordam ko‘rsatish imkonini bermadi. Siyosiy alternativning aniq konturlari bo‘lmagani sharoitida intervensiya “rejimni almashtirish” (regime change) strategiyasining noaniq va yuqori xatarli ssenariysiga aylanishi mumkin edi.

- Geoiqtisodiy va energetik xavfsizlik omili.

Harbiy eskalatsiya natijasida Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi ehtimoli global energiya ta’minoti zanjirlariga jiddiy zarba berishi mumkin. Mazkur bo‘g‘oz orqali jahon neft savdosining sezilarli qismi o‘tadi. Uning bloklanishi neft narxlarining keskin oshishiga, inflyasion bosimning kuchayishiga va global iqtisodiy beqarorlikka olib keladi. Bu esa AQSh iqtisodiyoti uchun ham salbiy oqibatlar tug‘dirishi mumkin.

- Ichki siyosiy risklar va saylov omili.

Uzoq muddatli va yuqori xarajatli harbiy kampaniya ehtimoli, shuningdek, mumkin bo‘lgan harbiy muvaffaqiyatsizliklar joriy yil noyabr oyida AQShda o‘tkaziladigan United States congressional elections natijalariga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Harbiy eskalatsiya ichki siyosiy polarizatsiyani kuchaytirib, hukmron partiyaning elektorat bazasiga salbiy ta’sir etish ehtimoli mavjud.

Umuman olganda, AQShning ehtiyotkor pozitsiyasi “nazorat ostidagi bosim” (controlled pressure) va “bilvosita tiyib turish” (indirect containment) strategiyasiga mos keladi. Ya’ni, Vashington to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvdan qochgan holda sanksiyalar, diplomatik izolyasiya va axborot-siyosiy bosim vositalari orqali ta’sir o‘tkazishni afzal ko‘rmoqda. Bu esa zamonaviy xalqaro munosabatlarda qattiq kuch (hard power)dan ko‘ra ko‘proq aralash (hybrid) strategiyalarning ustuvorligini ko‘rsatadi.

  1. Yuzaga kelgan vaziyatda AQShning Fors ko‘rfazi hududida sezilarli harbiy-dengiz va havo kuchlarini jamlashi “majburiy diplomatiya” (coercive diplomacy) va “kuch orqali tiyib turish” (deterrence by punishment) strategiyasining amaliy ifodasi sifatida talqin qilinmoqda. Vashington Eronga nisbatan yuqori intensivlikdagi harbiy signal berish orqali muzokaralarda qo‘shimcha ustunlikka erishish, shuningdek, Tehronning mintaqaviy harbiy-siyosiy faolligini cheklashga intilmoqda. Bunday yondashuv “eskalatsiyani boshqarish” (escalation management) konsepsiyasiga asoslanib, to‘liq urush boshlamasdan turib bosimni maksimal darajada saqlab turishni nazarda tutadi.

Agar rasmiy Tehron bilan olib borilayotgan muzokaralar muvaffaqiyasiz yakunlansa, harbiy eskalatsiya ssenariysi kun tartibiga chiqishi ehtimoldan xoli emas. Bunday holatda Isroilning ham ehtimoliy koalitsion ishtiroki mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasini tubdan o‘zgartirishi mumkin. Harbiy harakatlar “cheklangan zarbalar” (limited strikes) formatida yoki keng qamrovli havo-raketa kampaniyasi shaklida olib borilishi mumkin. Bu esa konfliktning mintaqaviylashuvi va “proksi urushlar” (proxy warfare) elementlarining kuchayishiga olib keladi.

Shu bilan birga, muzokaralar jarayoni strategik chalg‘itish (strategic deception) yoki “maskirovka diplomatiyasi” sifatida ham talqin qilinishi mumkin. Ayrim ekspertlar fikricha, muzokaralar orqali Eron rahbariyatining siyosiy va harbiy e’tiborini ma’lum yo‘nalishga yo‘naltirib, parallel ravishda yuqori aniqlikdagi “maqsadli zarbalar” (targeted strikes) yoki “dekapitatsiya operatsiyasi” (decapitation strike) amalga oshirilishi ehtimoli mavjud.

Bunday ssenariy doirasida Oyatulloh Ali Xomanaiy yoki Islom inqilobi posbonlari korpusi (IRGC) rahbariyatiga qarshi maxsus operatsiyalar o‘tkazilishi nazariy jihatdan muhokama qilinmoqda. Bu esa davlat boshqaruv vertikaliga bevosita zarba berish va qaror qabul qilish markazlarini izdan chiqarish strategiyasiga asoslanadi.

Biroq bunday “dekapiitatsiya strategiyasi” yuqori darajadagi xavf bilan bog‘liq: u nafaqat to‘liq miqyosdagi urushni keltirib chiqarishi, balki mintaqada asimmetrik javob choralarini, jumladan, proksi kuchlar orqali kengaytirilgan qarshi harakatlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Umuman olganda, yuzaga kelgan vaziyat klassik harbiy intervensiya va cheklangan tiyib turish strategiyasi o‘rtasidagi murakkab geosiyosiy muvozanatni aks ettiradi. Qaror qabul qilish jarayonida harbiy ustunlik omili bilan bir qatorda siyosiy legitimlik, xalqaro huquqiy asoslar va mintaqaviy barqarorlik kabi omillar ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Abror Fatxullayev
Siyosatshunos
Diplomat University

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring