Tramp katta boshini kichik qilib Zelenskiydan yordam so‘radi
Vashington–Kiyev muloqoti sun’iy intellekt talqinida.
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zini maqtash, boshqalarni yerga urishni xush ko‘rishi barchaga ma’lum. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Trampdan eng ko‘p dakki, tanbeh va tanqid eshitgan davlat rahbarlaridan biri hisoblanadi. Tramp lavozimga o‘tirganidan buyon «Yomonning kuchi yapaloqqa yetar» qabilida Zelenskiyni Rossiya bilan urush sabab biryoqlama ayblab keladi.
Bir yil avval Zelenskiyning Vashingtonda Tramp bilan uchrashuvi misli ko‘rilmagan diplomatik mojaroga aylanib ketgan edi. O‘shanda ham Tramp Zelenskiyni Uchinchi jahon urushini boshlashda ayblagan, uning qo‘lida «ko‘zir qartalar» yo‘qligini pisanda qilgan edi. Zelenskiy o‘z navbatida Oq uyga qarta o‘ynash uchun kelmaganini ochiq aytgan edi.

Nihoyat, Zelenskiyning qo‘lida ham «ko‘zir qarta» bor.
Foto: Zuma Press
Tramp hafta-o‘n kun avval ham Zelenskiydan yozg‘irib, qarta bilan bog‘liq pisandasini takrorlagan edi. Ammo Eronga qarshi qonli urush boshlandiyu Zelenskiyning qo‘lida kutilmaganda «ko‘zir qarta» paydo bo‘lib qoldi va Tramp katta boshini kichik qilib Ukraina rahbariga qo‘ng‘iroq qildi...
Xabaringiz bor, 28-fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli hujum boshladi. Urushning ilk kunlarida mamlakat oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy va bir qator harbiy yetakchilar o‘ldirildi. Vashington va Tel-Aviv Eron bundan keyin o‘zini yo‘qotib, taslim bo‘lishini kutgan edi. Ammo Eron rahbariyati vaziyatni darhol nazoratga olib, AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalari va Isroilga raketa hamda dronlar orqali zarba yo‘llashga kirishdi.
Eron harbiylari qarshi hujumlar payti AQShning mintaqadagi muhim harbiy infratuzilmalariga jiddiy zarar yetkazdi.
Hatto Qo‘shma Shtatlarning Saudiya Arabistonidagi elchixonasini ham bexato nishonga oldi.
AQShning Kuvaytdagi qo‘mondonlik markaziga hujum oqibatida esa olti nafar amerikalik harbiy halok bo‘ldi.
Eronning raketa zarbalari Ko‘rfaz mamlakatlari mudofaasi mukammal emasligini ham ko‘rsatdi.
Ayni shu qarshi hujumlarda AQShning havo hujumidan mudofaa tizimi iqtisodiy jihatdan o‘ta qimmat ekani ham ma’lum bo‘ldi.

Ko‘rfazning oromini o‘g‘irlagan Eron dronlari.
Foto: The New York Times
Eron tomonidan AQSh harbiy bazalariga yo‘llangan dronlarning bir donasi 20-50 ming dollar turadi. Ularni urib tushirish uchun uchirilgan Patriot PAC-3 raketalari narxi esa 3-8 million dollarni tashkil etadi. Bir necha o‘n ming dollarlik dronni urib tushirish uchun bir necha millionlik raketa otilishi «eshagidan tushovi qimmat» degan naqlni yodga soladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, AQSh va uning ittifoqchilari urushning dastlabki uch kunida Eron dronlariga qarshi 800 dan ziyod Patriot PAC-3 raketasini otgan.
Ana shu vaziyatda to‘rt yil mobaynida Rossiyaga qarshi urushda toblangan Ukraina katta sahnaga chiqdi. Gap shundaki, Eron Ukrainaga qarshi qo‘llash uchun Rossiyaga o‘z dronlarini, keyinroq ularni ishlab chiqarish texnologiyasini yetkazib bergani ma’lum. Ukraina esa Eron dronlarini urib tushirish borasida katta tajribaga ega.
AQSh prezidenti Tramp ham Ukraina prezidenti Zelenskiydan aynan Yaqin Sharqdagi harbiy bazalari va ittifoqchilarini Eron dronlaridan samarali himoya qilish borasida ko‘mak so‘ragan.
Ukraina Eron dronlarini urib tushirish bo‘yicha arzon va samarali tizimni ishlab chiqqan. Ukraina ishlab chiqargan Octopus dron-tutqichi 3000 dollar turadi. Birgina fevral oyida Ukraina 15 mingdan ziyod dronni urib tushirgan. Urib tushirish ko‘rsatkichi 90 foizni tashkil qiladi.
Ukrainaning o‘zi ham Yaqin Sharqdagi AQSh va uning ittifoqchilarini Eronning zarbali dronlaridan himoya qilishda o‘z tajribasi va texnologiyalarini taklif qilgan.
Prezident Zelenskiy allaqachon Iordaniyada joylashgan AQSh harbiy bazasini himoya qilish uchun dronlar va mutaxassislar yuborganini ma’lum qildi.
Qiziq jihati shundaki, 2025-yil avgustida Ukraina rasmiylari Vashingtonda taqdimot o‘tkazib, Eron kamikadze dronlarini takomillashtirayotganidan ogohlantirgan va Ko‘rfaz davlatlari, Iordaniya hamda Turkiyada dronlarga qarshi hab tashkil etish tashabbusini ilgari surgan. Axios nashri yozishicha, Vashington ma’muriyati bu taklifga jiddiy e’tibor qaratmagan.
Endilikda Eron dronlariga qarshi kurashish ham siyosiy, ham iqtisodiy vazifaga aylandi.
Birinchidan, dronlar AQShning mudofaa tizimi mukammal ekani haqidagi mifni yo‘qqa chiqardi.
Ikkinchidan, Eron arzon-garov qurilmalar orqali AQShni kattagina raketa zaxirasini ishlatishga majburlay oldi. Buni AQSh Mudofaa vazirligi urushning dastlabki haftasidayoq Kongressdan raketa zaxirasini qayta to‘ldirish uchun 11 milliard dollar ajratishni so‘ragani ham tasdiqlaydi.
Xo‘sh, Ukraina tizimi Ko‘rfaz davlatlarini to‘liq himoya qila oladimi? Ekspert Sohib Bakirning TRT nashriga ma’lum qilishicha, Ukraina himoya tizimi qisman foyda keltiradi.
«Birinchidan, Ko‘rfaz mamlakatlari perimetri katta va hududga Ukrainadagi barcha dron operatorlari safarbar etilgan taqdirda ham hamma zaif nuqtalarni ihotalash imkonsizdir. Ikkinchidan, dron mutaxassislari Ukrainaning o‘ziga kerak... Uchinchidan, mahalliy operatorlarni tayyorlash hafta emas, oylarni talab etadi. Demak, Ko‘rfaz harbiylarini Ukrainaga — real urush sharoitida tajriba orttirishga yuborish eng maqbul variantdir. Ammo bu tez amalga oshadigan ish emas», — dedi ekspert.
The Guardian gazetasi esa yangi harbiy reallik so‘nggi vaqtlarda e’tibordan chetda qolayotgan Ukraina uchun mudofaa borasida yangi imkoniyatlar taqdim etadi deb hisoblaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter