AQSh va Eron o‘rtasidagi sulh bugundan kuchga kirishi mumkin
AQSh va Eron o‘rtasida urushni to‘xtatish bo‘yicha yangi reja ishlab chiqildi. Reuters agentligi manbalariga tayanib, ushbu kelishuvning bugun – dushanba kunidan kuchga kirishi va u Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishni nazarda tutishi haqida yozmoqda.
Ma’lum qilinishicha, reja Pokiston tomonidan tayyorlangan bo‘lib, u ikki bosqichli yondashuvni o‘z ichiga oladi: avval zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, keyin esa keng qamrovli tinchlik kelishuvini imzolash.
Manbaga ko‘ra, dastlabki kelishuv elektron tarzda memorandum sifatida rasmiylashtirilishi va muzokaralar asosan Pokiston orqali olib borilishi kutilmoqda.
Muzokaralarda Pokiston armiyasi rahbari Osim Munir AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens, maxsus vakil Stiv Uitkoff hamda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan uzluksiz aloqada bo‘lgan.
Rejaga muvofiq, o‘t ochishni to‘xtatish darhol kuchga kirishi, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilishi va 15–20 kun ichida yakuniy kelishuv ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Kelishuv shartli ravishda «Islomobod kelishuvi» deb nomlanmoqda.
Shu bilan birga, yakuniy bitimda Eronning yadroviy qurol yaratmaslik majburiyati, evaziga sanksiyalarni yumshatish va muzlatilgan aktivlarni qaytarish masalalari ham bo‘lishi kutilmoqda.
Hozircha Tehron ushbu taklifga rasmiy javob bermagan. Manbalarga ko‘ra, Eron haligacha vaqtinchalik sulh bo‘yicha ham aniq pozitsiya bildirmagan.
So‘nggi diplomatik faollik Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft tashishga tahdid kuchaygan bir paytda kuzatilmoqda. Bu esa jahon energiya bozorida beqarorlikni yanada oshirmoqda.
Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp mojaroni tez orada yakunlash zarurligini ta’kidlab, aks holda keskin choralar bo‘lishidan ogohlantirgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter