AQSh va Eron 45 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokara qilmoqda
AQSh va Eron mintaqaviy vositachilar ishtirokida 45 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda Axios nashri manbalariga tayanib xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishish ehtimoli yaqin 48 soat ichida yuqori emas. Biroq bu muzokaralar urushning yanada keskinlashuvini oldini olish uchun so‘nggi urinish sifatida baholanmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, AQSh va Isroilda Eronning energetika ob’yektlariga ommaviy zarbalar berish rejasi tayyor. Javob tariqasida Eron Fors ko‘rfazi davlatlarining energetika infratuzilmasiga hujum qilishi mumkin.
Shuningdek, Tramp Eronga qo‘yilgan ultimatum muddatini uzaytirgani aytilmoqda. U 5 aprel kuni ijtimoiy tarmoqda aniq izohsiz «Seshanba, 20:00» deb yozuv qoldirgan.
Muzokaralarda Pokiston, Misr va Turkiya vositachi sifatida ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoff va Eron tashqi ishlar vaziri Abos Aroqchi o‘rtasida yozishmalar orqali ham muloqot olib borilmoqda.
Manbalarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Vashington tomonidan Tehronga bir nechta takliflar yuborilgan, ammo hozircha ularning birortasi qabul qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Tramp Eron kelishuvga rozi bo‘lmasa va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochmasa, «juda qattiq oqibatlar» bo‘lishini bildirgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter